Jurnalistika bugun, erta marraga intiladigan marafon emas, u jamiyatning ichida yashaydi

11:54 10 Iyun 2020 Jamiyat
1101 0

Illyustrativ foto

Matbuot — ijtimoiy hodisa. Buning maʼnosi shuki, u inson maʼnaviyati shakllanishiga, fikr va dunyoqarashi yuksalishiga xizmat qiladi.

Inson tashqi koʻrinishidagi qusurlarni oynaga qarab toʻgʻrilagani kabi jamiyat ham oʻzidagi muammo hamda kamchiliklarni ommaviy axborot vositalarida koʻrib, ularni bartaraf etib boradi. Shu maʼnoda, matbuot jamiyat koʻzgusi, adolat va haqiqat jarchisi, maʼrifat targʻibotchisidir.

Prezidentimiz tomonidan Oʻzbekistonning yangi qiyofasi shakllantirilar ekan, demokratiyaning qon tomiri boʻlgan soʻz hamda matbuot erkinligini taʼminlash yoʻlida ham salmoqli qadamlar tashlanmoqda.

Bugun jurnalistga oʻz mahorat va salohiyatini, jasoratini namoyon etishi uchun hech qanday toʻsiq yoʻq. Har bir insonning yangilik tarqatish, erkin soʻz aytish huquqi qonun bilan kafolatlangan. Istagan kishi gazeta, jurnal, telestudiya, radiokanal, sayt ochishi mumkin. Davlat nafaqat davlat muassisligidagi, balki nodavlat OAVni ham qoʻllab-quvvatlamoqda. Parlament huzuridagi Jamoat fondi tanlovlarida istagan jurnalist va OAV vakillari qatnashib, grant yutib olish imkoniyatiga ega. Maʼlumotlar ochiqligini taʼminlash yoʻlidagi ishlar izchil davom etmoqda.

Zero, soʻz erkinligi faqat OAVgagina emas, avvalo, davlatning oʻzi uchun zarur va foydalidir. Chunki ochiqlik, oshkoralik bor joyda taraqqiyot kushandasi boʻlgan korrupsiya, tamagirlik, turli jinoyatchilik, qonunbuzilish holatlariga qarshi kuchli jamoatchilik nazoratini oʻrnatish imkoniyati yuzaga keladi.

Shu maʼnoda, keyingi yillarda ­davlatimiz rahbarining ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga doir koʻplab hujjatlari qabul qilindi. Bundan tashqari, Prezidentimiz deyarli hamma uchrashuv va yigʻilishlarda ­ommaviy axborot vositalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligini qayta-qayta taʼkidlayotir. Rahbarlar faoliyatiga jamoatchilik bilan qanchalik muloqot oʻrnatgani, matbuot sahifalari, ijtimoiy tarmoqlarda chi­qayotgan maqolalar, tanqidiy fikrlarga nechogʻli munosabat bildirayotganiga qarab baho berilmoqda. Faoliyati ­tanqid ostiga olingan har qanday ­mansabdorga tegishli choralar koʻri­layotganini esa hayotda barchamiz koʻrib, guvohi boʻlib turibmiz.

Yurtboshimizning bu boradagi tashabbus va ibratini nafaqat xalqimiz, balki xorijlik ekspertlar ham eʼtirof etishyapti. Prezidentimizning parlamentga Murojaatnomasida mamlakatdagi ahvol ochiq-oydin tahlil qilinishi, eng ogʻriqli muammolar tan olinib, ularni bartaraf qilish yoʻllari koʻrsatib berilishi barchamizni oʻz taqdirimizga, yurt taqdiriga befarq boʻlmaslikka undamoqda. Davlat ­rahbarining odamlar huzuriga borishi, ochiq muloqotlari aholida oʻz koʻnglidagi gaplarini ayta olishga koʻnikma uygʻotmoqda. Bu ham jamiyatda oshkoralik muhitini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etyapti.

Haqiqatan ham, inson erkin gapirishi uchun erkin yashashi lozim. Erkin yashashning sharti Vatan ichida Vatanga, oilaga, muqim ish joyiga ega boʻlish, iqtidoriga munosib ragʻbat koʻrish, farzandlar taqdiridan koʻngil toʻqligidir. Binobarin, “Yangi Oʻzbekiston!” shiori ostida keyingi uch yilda qabul qilingan qonun, qaror va farmonlar mazmun-mohiyati ana shu maqsadga qaratilgan. Aholining roʻyxatga olish tizimi soddalashtirilgani, yetimlar, boquvchisini yoʻqotganlarga, koʻp bolali oilalarga arzon uy-joylar berilishi, bandlik boʻyicha qatʼiy choralar koʻrilishi, xususiy mulk boʻyicha oʻzgarishlar — bularning barchasi bizda jamiyat ovozining hisobga olinishi natijasi, deb bilamiz.

Quvonarlisi, bugun koʻplab rahbarlar jurnalistlar, blogerlar chiqishlari, fuqarolar murojaati bilan hisoblashishmoqda. Bu jarayonning muntazam va izchil monitoringi ham shakllanyapti.

Bugun qalam ahliga ijro hokimiyati idoralarining deyarli barcha yigʻilish hamda anjumanlarida ishtirok etish imkoniyati yaratildi. Koʻp tadbirlar televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatilyapti. Garchi hali oʻz vazifasini biz kutganchalik olib bormayotgan boʻlsa-da, ijro hokimiyati idoralarida axborot xizmati joriy etilishi ham mamlakatda axborot muhiti rang-barangligini taʼminlayotir.

Darhaqiqat, soʻz erkinligi jamiyat uchun katta ehtiyoj. Ammo shuni unutmaslik lozimki, jurnalistika, oshkoralik va soʻz erkinligi muayyan bir ijti­moiy guruh taklifi yoki talabi bilan oʻzgarib qolmaydi. Hali dunyoda bu tushuncha hamda meʼyorlarning mukammal etaloni yaratilgan emas va buning iloji ham yoʻq. Har bir davlat taraqqiyotining turli bosqichlarida uning siyosati, jamiyatdagi jarayon haqida turlicha fikrlar bildirilishi tabiiy. Har bir ijodiy jamoa oʻz oldiga qoʻyilgan vazifa doirasida faoliyat yuritadi. Muhimi, aytilayotgan soʻz uchun masʼullik hissini unutmaslik, axborotni qonun doirasida tarqatishdir. Ommaviy axborot vositalari aholida ijtimoiy fikr uygʻotishi barobarida, odamlarda oʻz taqdiriga masʼuliyat hissini tarbiyalamogʻi ham lozim.

Agar jamiyatimizga teran koʻz bilan, qiyosiy nuqtayi nazar bilan qarasak, keyingi yillardagi inqilobiy islohotlar maʼnaviyatimizda, ruhiyatimizda, yurt taqdiriga munosabatimizda katta oʻzgarishlar yasadi. Oddiy misol, bundan bir necha yilgina ilgari ­shaxsiy mulkimizni kafolatli himoya qila olardikmi? Bugun esa shaxsiy ­mulkka daxl qilgan shaxs, kim boʻlishidan qatʼi nazar, qonun oldida javob beradi. Bunday holatlarni televideniyeda ham, radioda ham, gazetada ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham yorityapmiz. Bu borada qonunni mensimaganlarni oshkor ­aytyapmiz.

Matbuotchi boʻlganim uchun komil ishonch bilan ayta olamanki, nashrlarimiz qisqa fursatda oʻz mundarijasi hamda ish uslubini oʻzgartira oldi va bu ish davom etyapti, ular oʻrtasida raqobat paydo boʻldi. Har bir jamiyat doimo “shov-shuv”ga talabgor boʻladi, ammo matbuot odamlarga maʼrifat ­ulashish, ularni voqea-hodisalarning tub mohiyatidan voqif etish, yaxshi yashashga undash borasidagi ezgu qadriyatlaridan, oʻz yoʻlidan chetlashgani yoʻq.

Karantin sharoiti bizga juda muhim haqiqatni amalda koʻrsatdi: rivojlanishning, koʻzlangan maqsad-muddaolarga erishishning eng asosiy omili xalqning ichki intizomi, jips­ligi va yaxshi fazilatlari ekan. Aynan ana shu holatlar yetishmaganligi bois ayrim baquvvat davlatlar ham koronavirusdan koʻp zarar koʻrdi. Umumiy fikr parokandaligi ularni bir yoqadan bosh chiqarib ishlashga yoʻl qoʻymadi. Oqibatda tibbiyot qanchalik taraqqiy etgan, tibbiy madaniyat nechogʻli yuksak boʻlmasin, kasallanganlar soni va oʻlim koʻrsatkichi nihoyatda oshib ketdi. Demak, garchi soʻz erkinligi dunyoviy shior boʻlsa ham, bu jarayon har bir davlatda xalq mentalitetidan kelib chiqqan holda amalga oshadi.

Jurnalistika bugun, erta marraga intiladigan marafon emas, u jamiyatning ichida yashaydi. Shu nuqtayi nazardan qaraydigan boʻlsak, hali sohamiz bugun aholi kutgan darajada emas. Sohadagi muammolarga ilmiy tahlil orqali yondashib, har bir ijodiy jamoaning jangovarligini, kasb mahoratini oshirish, tizimda korporativ hamkorlik va ijodiy raqobatni yana-da rivojlantirish vazifasi turibdi. Teleradio vositalarining sifatli material uzatishi uchun texnologiyalarning yana-da zamonaviylashtirilishi, matbuot ­nashrlarini oʻquvchilarga yetkazish tizimining izchil takomillashtirib borilishi soha ravnaqini yana-da yuksak pogʻonaga olib chiqishi, shubhasiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili kasb bayramimiz munosabati bilan tabrigida “Ayni vaqtda barchamiz bir haqiqatni unutmasligimiz zarur: axborot maydonidagi turli bahs va tortishuvlar, avvalo, haqqoniylik va xolislik tamoyillariga asoslanishi, qonun va odob qoidalari doirasida boʻlishi, shaxsiy gʻaraz va xusumatga, soxta obroʻ orttirish usuliga aylanib ketmasligi, inson shaxsi va shaʼnini tahqirlashdan yiroq boʻlishi, bunday salbiy holatlarga bizning media maydonimizda mutlaqo oʻrin boʻlmasligi kerak”, degan edi. Nazarimda, davlat rahbari bu fikrida jamiyat xulosasini ifoda etdi. Demak, bizning endigi asosiy vazifamiz ana shu ishonch va martabaga munosib faoliyat koʻr­satishdir.

Farmon TOSHEV,
“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?