Jurnalist surishtiruvi: Dorixonachilar uchun 20 foiz ustama kammi?

18:05 27 Aprel 2018 Jamiyat
747 0

Sog‘liqni saqlash vazirligi diqqatiga!

To‘satdan oyog‘im ilkis og‘rib, tomiri qattiq torta boshladi. Shifokorga uchrab, tibbiy ko‘rikdan o‘tdim. Aytishicha, “Varikoz” kasalligining dastlabki alomati bo‘y ko‘rsatibdi. Vaqtida davolanmasa, o‘nglab bo‘lmas holatlarga olib kelarkan. Demak, muolajani kechiktirmasligim, tavsiya qilingan dorilarni zudlik bilan olish zarur. 

Hayolimga qo‘rg‘oshindek quyilgan ana shu fikr bilan Olmazor tumanining Forobiy ko‘chasidagi dori-darmon “galereya”siga bordim. Bilasiz, ushbu hududda qirqqa yaqin dorixona mavjud bo‘lib, istagan “mahsulot”ingizni qiynalmay topishingiz mumkin. 

“Murodli” IChKga qarashli dorixona shulardan biri. Eshikdan ichkariga kiraverishingizda 167 nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va 22 turdagi tibbiyot buyumlari ro‘yxati osib qo‘yilgan. Xizmat ko‘rsatish sifati ham yuqori... “Iste’molchi burchagi” tashkil qilingan. Kassa apparati, terminal ishlab turibdi. 

Sotuvchiga yuzlanib, “retsept”ni qo‘liga tutqazaman. U bir enlik qog‘ozga yozilgan dorilarning pulini hisoblab, umumiy narxini aytdi: Uch yuz to‘qson ming to‘rt yuz so‘m... Sotuvchiga yanglishmadingizmi, deganday qarayman. U esa yuz-ko‘zimdagi hayrat ma’nosini uqib, dorilarni xomcho‘t qilib beradi. 
—“Etoksisklerol”ning 30 mg.li ampulasidan sizga besh dona buyurilgan. Shunchasi 346 ming so‘m bo‘ladi. “Venarits” esa 44 ming 400 so‘m turadi. 
Dorixona xodimidan mahsulotlarning narxini tushirib berishini iltimos qilaman. U esa belgilangan summadan kamiga sotolmasligini aytadi... 

“Technology servis group” MChJga qarashli dorixona xaridorlar bilan gavjum, savdo avjida. Biroq bu jarayonda ularga chek berilmayapti. Kassa apparati o‘chiq. Sababini so‘rasam, sotuvchi qiz yelka qisish bilan qutulib qo‘ya qoldi. Eng qizig‘i, bu yerda men izlayotgan “Etoksisklerol” roppa-rosa 405 ming so‘m bo‘lsa, “Venarits” 57 ming so‘m ekan. E’tibor bering-a, bir manzilda — ikki xil manzara. Birinchi dorixonadagi narx bilan ikkinchisini chog‘ishtirsam, 71 ming 600 so‘m farq bor. 
Sotuvchidan bu holatga oydinlik kiritish uchun dorixona mudiri bilan uchrashtirishini so‘rayman. O‘zini Mirjalol Abdug‘aniyev deb tanishtirgan dorixona ish yurituvchisi men bilan quyuqqina ko‘rishgach, vaziyatni tushuntira boshlaydi. 

— Bilasiz, tadbirkorlikning nonini yeyish juda qiyin. Yo‘lning bu yuzidagi to‘rtta apteka bizniki. Bu yerda ijara to‘lovi asosida faoliyat olib boramiz. Oylik to‘lovimiz qimmat — 3500 dollar. Shu bois, dorilarga 25-30 foizdan ustama qo‘yib sotamiz. Aks holda qoplamaydi. Siximiz kuyib, kabobimiz jizg‘anak bo‘ladi. 
— Qiziq, dorilarning haqiqiy tannarxiga davlat tomonidan belgilangan ustamani qo‘ysangiz ham yetarlicha foyda ko‘rmaysizmi, nima uchun qoplamaydi?

Savolim ish yurituvchini andak tashvishlantirib qo‘ydi. Men esa iste’molchi sifatida “Etoksisklerol” va “Venarits” dori vositasining yuk xati bilan tanishmoqchi bo‘layotganimni aytdim. 
Tomosha shundan keyin boshlandi. Hisob-kitob ishlari bilan ish yurituvchi emas, universitet talabasi, ya’ni, M. Abdug‘aniyevning jiyani shug‘ullanishi va barcha hujjat unda turishi ma’lum bo‘ldi. 

Moddiyatni o‘ylab, har jihatdan olg‘ir bo‘lib ketgan dorixona ish yurituvchisi o‘z ishining ustasi ekan. Kimga, qaysi paytda, qanday hujjat berib, qanaqa muomala qilish kerakligini yaxshi bilarkan. Buni tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib, ortimga qaytayotganimda xarajatlaringizga ishlatarsiz, deya bir dasta pulni cho‘ntagimga solishga chog‘langanidan ham bilib olish mumkin. Ming afsuski, men uning dorixonasiga shifo ilinjida borgan edim, u esa o‘zining xatti-harakati bilan kamchilikni xaspo‘shlashdek “kasallik”ka chalinganini ko‘rsatib qo‘ydi. Mazkur holatdan dilim xufton bo‘ldi, ko‘nglim chok-chokidan so‘kildi. Va beixtiyor xotiram qatlariga muhrlangan qo‘shiqning satrlari yodga tushib, hayolimda charx ura boshladi: “Men undan o‘zimga dori izlasam, netay tabibimning o‘zi ham bemor”... 

O‘ylab qoldim. Ne-ne iltijolar bilan savdo shahobchasiga kirgan xaridorlarning rizqini qirqib, haqidan urib qolayotgan, barcha narsaning qiymatini pul bilan o‘lchaydigan bu janobda odamiylik unsuridan ham bormikin? Fikrimcha, yo‘q. Agar bo‘lganida ijarani ro‘kach qilib, qozonini ham, cho‘michini ham moyga to‘ldirishni maqsad qilmasdi. 

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: xo‘sh, aslida mazkur dorilarning narxi qancha? “Dori-darmon” aksiyadorlik jamiyatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, “Etoksisklerol”ning mazkur jamiyatga qarashli markaziy dorixonaga kirim qilingan narxi 286 ming 186 so‘m bo‘lsa, “Venarits”ning qiymati 29 ming 932 so‘mni tashkil qilayapti. 

Prezidentimizning 2016 yil 31 oktyabrda qabul qilingan “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari, tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berish hamda ushbu jarayonda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’iy nazar ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda, cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshirilishi belgilangan. Shu ma’noda, yuqorida qayd etilgan har ikki dori vositasiga chakana narxda 20 foiz ustama qo‘yadigan bo‘lsak, birinchisidan 57 ming 237 so‘m, ikkinchisidan 5 ming 467 so‘m sof daromad kelib chiqayapti. 

“Technology servis group” dorixonasi birinchi dori vositasidan sof daromaddan tashqari 61 ming 600 so‘m, ikkinchi dori vositasidan 23 ming 471 so‘m qo‘shimcha foyda qilayapti. Agar har bir doridan chap cho‘ntakka shuncha miqdorda pul tushib turaversa, u yog‘ini o‘zingiz tasavvur qilib olavering. 

— Bugun yurtimizda olib borilayotgan ezgu ishlar islohot islohot uchun emas, avvalo, inson manfaatlari, uning baxtu saodati, farovon turmushi uchun amalga oshirilmoqda, — deydi xaridor Feruza Islomova. — Ammo bu borada qabul qilinayotgan qaroru farmonlar ijrosini ta’minlashda hali ham sustkashliklar ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, kuni kecha Chilonzor tumanining 16-mavzesida joylashgan “Orom farm servis” MChJga qarashli dorixonaga borib, qon bosimimni tushirish uchun ichib yurganim — “Indapamid” dorisini so‘radim. Qarangki, oxirgisi tugagan ekan. “Carabella gold star”, “Welcome farm”, “999”, “Farm sintez group” singari tibbiy savdo shaxobchalaridan ham mazkur preparatni topolmadim. Vaholanki, bu dori Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan birinchi yordam vositasi sifatida har bir dorixonada mavjud bo‘lishi shart qilib belgilab qo‘yilgan. Taajjubki, ko‘plab dorixonalarda ushbu mezonlarga amal qilinmayapti. Muttasaddilarning loqaydligi sabab, ijtimoiy muammolar urchib ketmoqda. Demak, bu yo‘nalishdagi normativ hujjatlarning soatdek aniq ishlab turishini ta’minlash lozim.  

Iste’molchi haq gapni aytdi. Albatta, qonun ijrosi bilan mukammal. Biz taraqqiyotning yuqori bosqichiga erishishni maqsad qilgan ekanmiz, eng avvalo, bu yuksalishning muhim omili sifatida tizimdagi huquqiy hujjatlarning ijro mexanizmini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishimiz zarur. Toki, aholi olayotgan dorisining narxi asossiz o‘sib ketishidan norizo bo‘lmasin, darmon izlab xunobi chiqmasin, xizmat ko‘rsatuvchi qonunni chetlab o‘tib ish yuritmasin.

Muhammadjon AHMADJONOV. 
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?