Jurnalist mushohadaga chorlaydi. Sunnat to‘yi qilish shartmi?

17:58 25 Iyul 2018 Madaniyat
566 0
Arxiv foto

Odatda mamlakat miqyosida nishonlanadigan katta bayramlar arafasida ommaviy axborot vositalarida kam ta’minlangan oila farzandlarining sunnat to‘ylarini o‘tkazib berilganligi haqidagi xabarlar tez-tez ko‘zga tashlanib turadi.

Hamkasblarimiz bu tadbirga ham, ta’bir joiz bo‘lsa, “chopon kiydirib” yuborishadi. Aksariyat maqolalar “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik hamda xayr-saxovat muhitini mustahkamlash maqsadida”,deb boshlanadi.

Tuman yoki shahar hokimining tashabbusi bilan o‘tkazilgan bunday tadbirni yoritish jarayonida to‘y bolalarning fotosuratlari sahifalarning ko‘rinarli qismiga joylashtiriladi. Ismi-familiyasi yoziladi, ota-onasidan intervyular olinadi. Karnay-surnay chalingani-yu, dasturxon yozilgani, sovg‘a-salomlar tortiq qilinganligi, yosh qahramonimiz nomiga omonat daftarchalari ochilib, voyaga yetganida olishi sharti bilan katta miqdorda pul ham qo‘yilganligi bot-bot ta’kidlanadi.

Fikrimizcha, avvalo, oqsoqollarimiz, ko‘pni ko‘rgan yoshi ulug‘lar sunnat to‘yi haqida bafurja o‘ylab ko‘rishlari lozim. Uni qilish shartmikan? Bu kabi tadbirlarni mayli imkoniyati borlar o‘tkazaversin.

Biz hokimlar tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan sunnat to‘ylarining maqsadga qanchalik muvofiqligi haqida ayrim fikrlarni o‘rtaga tashlamoqchimiz xolos. Bir tasavvur qiling: bundan yigirma yil avval to‘y bolaning omonat daftarchasiga qo‘yilgan 10 ming so‘m pulning bugungi qadri qancha bo‘ldi? O‘sha paytda qo‘y olish mumkin bo‘lgan bu mablag‘ga endi anqoni urug‘ini ham olib bo‘lmaydi.

Eng asosiysi bu emas. Gap oriyat haqida ketyapti. 25 yoshga kirgan yigitga “Sening to‘yingni hokim qilib berganlar” qabilidagi dashnom eshitishdan ham og‘irroq malomat bo‘lmasa kerak. Bu fikrni yana ham rivojlantirish mumkin. Ehtimol kimlardir boshqacha mushohada qilishi mumkindir.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularga mehr va saxovat ko‘rsatish — eng oliy fazilat. Lekin unga oshkoralik berish riyokorlik emasmikan? Xalqimizda “O‘ng qo‘ling berganini, chap qo‘ling bilmasin” degan maqol bor. Allomalarimiz savob ishni oshkora qilgandan, pinhona amalga oshirish afzalligini ko‘p bora ta’kidlashgan.

Yangiyo‘llik taniqli shoirning qabrga marmartosh qo‘yganlarning nomi hozirgacha noma’lum. Yoki zakot beruvchilar uning qiymati va manzilini oshkora qilmaydilar. Bu jarayon shunday odob va lutf bilan amalga oshiriladiki, qabul qiluvchi uning ehson ekanligini ham bilmay qoladi. Bu kabi misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Yurtimizda saxovatli odamlar juda ko‘p. Yordamga muhtoj oilalarga muruvvat ko‘rsatish uchun uning xolidan xabar olish lozim. Ko‘rsatilgan muruvvatni oshkor qilish shart emas. Bundan har ikki tomon ham birdek manfaatdor bo‘ladi.
Rahmatilla ShЕRALIYEV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?