Juda kam ball yiqqan abituriyentlar oʻziga zarar yetkazishga harakat qilgani aytilmoqda — DTM

15:40 08 Avgust 2019 Jamiyat
554 0

Illyustrativ foto

Kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida test sinovlari natijalari boʻyicha brifing boʻlib oʻtdi.

“6-avgust kuni tes tsinovlari respublika boʻylab 66 ta binoda ikki smenada, bir vaqtda boshlanib, belgilangan vaqtda yakunlangan, — dedi Davlat test markazi Bosh boshqarma boshligʻi Diyorbek Qoʻchqorov. — Jami 71 340 nafar ishtirok etishi belgilangan abituriyentlardan test sinovlariga 69 ming 633 nafari kelgan. 1645 nafar abituriyent esa nomaʼlum sabablarga koʻra ishtirok etmadi. Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joiz, aksariyat abituriyentlar oliy oʻquv yurtlariga hujjat topshirganlar sonini sunʼiy oshirish maqsadida ham roʻyxatdan oʻtishgan. Chunki, ularning juda koʻpchiligi, hatto, roʻyxatga olingandan soʻng DTM tomonidan ular uchun ochilgan shaxsiy elektron manzillariga bir marta ham kirishmagan. DTM ruxsatnomasini olishga ham kelishmagan. Markazimiz tomonidan hozirda bu holatlarning sababi oʻrganilmoqda. Va keyingi yilgi test sinovlarida bunday tushunarsiz “eʼtiborsizlik”ning oldini olish u ham muayyan choralar koʻrishga harakat qilamiz”.

Imtihonning navbatdagi kuni abituriyentlarning 33 nafari binoga kirishda, 29 nafari esa bino ichida qoidani buzganliklari uchun test sinovlaridan chetlatilgan.

“Biz abituriyentlarga har qanday qoidaga xilof usullardan foydalanish foydasiz ekanligini tushuntirsak-da, baribir turli yoʻl bilan shpargalkalar olib kirishga urinishlar kuzatilyapti, — dedi Diyorbek Qoʻchqorov. — Masalan, bugun bino ichiga mikrochip olib kirgan abituriyent aniqlanib imtihondan chiqarib yuborildi”.

Taʼkidlanishicha, test natijalaridan toʻplangan ballar ertasi kuni abituriyent shaxsiy elektron manziliga yuboriladi.

"Test sinovlaridan juda kam ball yiqqan abituriyentlarning ota-onalari bizga farzandlarining bundan qattiq tushkunlikka tushgani va oʻziga zarar yetkazishga harakat qilgani haqida shikoyatlar qilishmoqda, — dedi Diyorbek Qoʻchqorov. — Men bu ota-onalarga murojaat qilmoqchiman: Siz farzandingizni nazorat qiling, shunday ruhiy tushkun holga tushib qolgunga qadar va tushkunlikning odlini olish uchun eʼtiborli boʻling. Oliy oʻquv yurtiga kirish istagi yuqori boʻlgan va fanlardan yaxshi tayyorlangan abituriyent hech qachon past ball toʻplamaydi. Bu ball — bolangizning bor real bilim darajasi. Test sinovlariga tayyorgarlik jarayonida eʼtiborli boʻlish — keyingi pushaymonlarning oldini oladi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?