JSST va Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻrtasida ikki yilga moʻljallangan hamkorlik kelishuvi imzolandi (Video)

12:43 11 Fevral 2020 Jamiyat
835 0

Foto: Hasan Paydoyev, “Xalq soʻzi”.

Oʻtgan yil sentyabr oyida Daniyaning Kopengagen shahrida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy qoʻmitasining 69-sessiyasida JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktoriligiga saylangan va joriy yil fevraldan oʻz vazifasiga kirishgan Xans Klyuge birinchi xorijga rasmiy tashrifini mamlakatimizdan boshladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligida boʻlib oʻtgan brifingda Xans Klyuge Oʻzbekiston yuqumli boʻlmagan kasalliklarga qarshi kurashda Markaziy Osiyoning yetakchi davlatlaridan biri ekani, ushbu yoʻnalishda davlat siyosati darajasida muhim qadamlarni tashlanayotganiga alohida eʼtibor qaratdi. Shuningdek, u Oʻzbekistonda avval ham boʻlganini, jumladan, 20 yil avval Qoraqalpogʻiston Respublikasida sil kasalligiga qarshi kurash yoʻnalishida faoliyat olib borganini qayd etib oʻtdi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan nufuzli muassasasi boʻlib, uning tarkibiga 194 ta aʼzo davlatlar kiradi. Tashkilotning asosiy vazifasi dunyo aholisining sogʻliqni saqlash muammolarini hal qilishdan iborat. JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi dunyoning turli hududlarida joylashgan oltita mintaqaviy idoralardan biridir. Ushbu buyurga 53 ta mamlakat, jumladan Oʻzbekiston ham aʼzo boʻlib, Atlantikadan Tinch okeanigacha boʻlgan ulkan hududni qamrab oladi. Sogʻliqni saqlashning turli yoʻnalishlarida ilmiy va texnik mutaxassislar jamoasidan iborat byuroning bosh shtabi Kopengagenda joylashgan. Uning 29 ta mamlakatda 4 ta filiali va idoralari faoliyat yuritib keladi.

Oʻzbekistonda JSSTning vakolatxonasi mavjud boʻlib, sogʻliqni saqlash tizimiga yaxlit yondashuv asosida barqaror sogʻliqni saqlash siyosatini ishlab chiqishda yordam koʻrsatish uning asosiy vazifasi hisoblanadi. Shuningdek, umumiy yetakchilikni taʼminlash, mahalliy darajada texnik aloqalarni oʻrnatish, standartlarni belgilash va shartnomalar tuzish, inqiroz davrida sogʻliqni saqlash tadbirlarini muvofiqlashtirish va amalga oshirish kabi vazifalarni ham qamrab oladi.
 

Tadbirda, shuningdek, JSST va Oʻzbekiston sogʻliqni saqlashning koʻplab muhim masalalarida yaqindan hamkorlik qilib kelinayotgani taʼkidlandi. Jumladan, Davlatimiz rahbarining 2018-yil 7-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan 2019 — 2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi yaratishda JSST ekspertlarining ulkan yordamini alohida taʼkidlash lozim. Xalqaro ekspertlarning koʻmagi tufayli sogʻliqni saqlashni moliyalashtirishni yaxshilash, majburiy tibbiy sugʻurta va elektron sogʻliqni saqlash tizimini joriy etish, sogʻlom turmush tarzi va sogʻlom ovqatlanishni targʻib qilish, yuqumli va yuqumli boʻlmagan kasalliklar, salomatlik uchun zararli boʻlgan odatlarga qarshi kurash kabi qator vazifalar boʻyicha samarali choralar koʻrilmoqda.

— JSST va Oʻzbekiston hamkorlikda umumiy sogʻliqni saqlash qamroviga erishish, yaʼni har bir fuqaroning zarur tibbiy xizmatlardan foydalanishini taʼminlashga boʻlgan intilishlari birlashtirilishiga eʼtibor yuqori. — deydi X.Klyuge. — Bunda, albatta, mamlakatga kuchli sogʻliqni saqlash tizimi va birlamchi tibbiy yordam muhim oʻrin tutadi. Ushbu hujjat oʻzaro maslahatlashuvlar asosida ishlab chiqilgan boʻlib, mustahkam hamkorlik uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Joriy yil 24-yanvarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga navbatdagi Murojaatnomasida ham Sogʻliqni saqlash sohasiga alohida toʻxtalib, jumladan, tizimni moliyalashtirishni tubdan isloh qilish maqsadida majburiy tibbiy sugʻurtaga oid qonunlarni qabul qilish va uni amalga oshirish boʻyicha barcha tashkiliy choralarni ishlab chiqilib, ushbu tizim joriy yilda Sirdaryo viloyatida tajriba sifatida boshlanishi aytib oʻtilgan edi.

Shundan kelib chiqqan holda, JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge tashrifi munosabati bilan oʻtkazilgan matbuot brifingida Sirdaryo viloyatida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ekspertlari koʻmagida tibbiy xizmatlarning yangi modellari boʻyicha qoʻshma pilot loyihasi boshlanganligi taʼkidlab oʻtildi. Loyiha allaqachon yaxshi natijalar koʻrsatayotgani va bosqichma-bosqich butun mamlakat boʻylab joriy etish rejalashtirilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, JSST va Oʻzbekiston hamkorlikda umumiy sogʻliqni saqlash qamroviga erishish, yaʼni har bir fuqaroning zarur tibbiy xizmatlardan foydalanishini taʼminlashga boʻlgan intilishlari birlashtirilgani yuqori baholandi. Buning uchun, albatta, mamlakatga kuchli sogʻliqni saqlash tizimi va birlamchi tibbiy yordam muhim oʻrin tutadi. Sirdaryo viloyatidagi tatbiq etilayotgan yuqoridagi loyiha mazkur maqsadga erishish mumkinligini koʻrsatdi. Bundan tashqari, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinda kadrlar masalalarini hal qilishga ham katta eʼtibor berilayotgani eʼtirof etilib, busiz sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish mumkin emasligi aytib oʻtildi.

Press-brifing doirasida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi oʻrtasida 2020-2021-yillarga moʻljallangan ikki yillik hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu hujjat oʻzaro maslahatlashuvlar asosida ishlab chiqilgan boʻlib, mustahkam hamkorlik uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Mehmonning bir qator tibbiyot muassasalari va ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari faoliyati bilan ham tanishishi rejalashtirilgan.
 

Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?