JSST rahbari koronavirus qachon butkul taslim boʻlishini aytdi

22:23 24 Avgust 2020 Dunyo
349 0

Koronavirus infeksiyasining oʻlim muddati eʼlon qilindi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adhanom Gebreyesusga koʻra, global epidemiya ikki yildan keyin yoki undan barvaqtroq tugashi mumkin. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar qildi.

“Biz uni toʻxtatish uchun yetarli bilim va texnologiyaga suyanamiz”, – degan JSST rahbari.

Qayd etilishicha, insoniyat tarixidagi eng yirik kulfatlardan biri – 1918-yilda boshlangan va millionlab oilalarning yostigʻini quritgan ispan grippini yengish uchun 2 yil ketgan edi. SOVID-19ni esa bundan kamroq muddatda taslim qilish imkoni mavjud.

JSST rahbari, anʼanaga koʻra, butun dunyo infeksiyaga qarshi bir mushtga doʻnib harakat qilishi lozimligini taʼkidlagan.

Ammo barcha mutaxassislar ham Tedros Adhanom Gebreyesus bilan hamfikr deb boʻlmaydi. Masalan, Buyuk Britaniya hukumati qoshidagi favqulodda vaziyatlar boʻyicha ilmiy kengash aʼzosi Mark Uolport kasallik u yoki bu shaklda insoniyatga abadiy hamroh boʻlishi, unga qarshi davriy emlash orqaligina kurashilishini qayd etgan.

Ayni paytda dunyoning turli mamlakatlarida taʼlim maskanlari, xususan, maktablar ochilmoqda. Ammo ilk oʻquv kunlaridanoq infeksiya tarqalishi kuzatilmoqda. Shu vajdan aksar davlatlar taʼlim maskanlarini ochishga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlmoqda. Boz ustiga, dunyoning turli mintaqalarida ham antirekordlar qayd etilmoqda. Masalan, dastlabki bosqichdayoq infeksiyani yenggani eʼtirof etilgan Janubiy Koreyaga koronavirus yana qaytdi. Masalan, 23-avgust kuni mamlakatda 397 ta yangi holat roʻyxatga olindi. Bu esa pandemiya davridagi eng yomon koʻrsatkichdir. 

Yevropada ham vaziyat xotirjam boʻlishga hali erta ekanini koʻrsatmoqda. Polsha, Slovakiya, Ispaniya, Fransiyada yangi-yangi kasallik holatlari aniqlanmoqda.

Aholi soni boʻyicha dunyoning ikkinchi davlati sanalgan Hindiston dunyo boʻyicha virusning yangi oʻchogʻiga aylanishi mumkin. Hozirgacha hind oʻlkasida 3 million kishida infeksiya aniqlangan, ahvol shu taxlit davom etsa, mamlakat AQSH va Braziliyani ham ortda qoldirishi hech gap emas.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?