JSST oziq-ovqat mahsulotlaridagi transyogʻlardan foydalanishni taqiqlash yoki cheklashga chaqirmoqda

19:51 10 Sentyabr 2020 Jamiyat
321 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) ikki yil oldin transyogʻ isteʼmolini kamaytirish yoki umuman taqiqlashni tavsiya qilgan edi. Dunyoning atigi 58 mamlakati ushbu maslahatga amal qilgan. Yuzta davlatda hanuzgacha bunday mahsulotlarga cheklovlar mavjud emas, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA BMTning Yangiliklar markaziga tayanib.

Chipsilar, yogʻda qattiq qovurilgan kartoshka, baliq va tovuq goʻshti, mayonez, pishiriqlar, margarin va sariyogʻ – bularning barchasi va boshqa koʻplab mahsulotlar transyogʻlarga boy boʻlib, ularni koʻp isteʼmol qilish yurak-qon tomir kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.

JSST hisob-kitobiga koʻra, sanoat transyogʻlarini isteʼmol qilish yurak qon-tomiri kasalliklariga sabab boʻladi va natijada yiliga 500 ming inson hayotdan bevaqt koʻz yummoqda.

Transyogʻlarini isteʼmol qilish bilan bogʻliq oʻlimlarning uchdan ikki qismi quyidagi oʻn besh mamlakatga toʻgʻri kelmoqda — Ozarbayjon, Bangladesh, Butan, Ekvador, Misr, Hindiston, Eron, Latviya, Meksika, Kanada, Nepal, Pokiston, Koreya Respublikasi, Sloveniya va AQSH. Ulardan faqat Kanada, Latviya, Sloveniya va Amerika Qoʻshma Shtatlari JSST tavsiyalarini qabul qilgan. Ushbu mamlakatlar tarkibida transyogʻlar mavjud boʻlgan barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilishni taqiqladi yoki sezilarli darajada qisqartirdi.

JSST insoniyatni imkon qadar oziq-ovqat taʼmi yoki narxiga taʼsir qilmaydigan nisbatan sogʻlom taomlarni isteʼmol qilishga undamoqda.

“Butun dunyo COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashayotgan bir paytda, biz inson salomatligini himoya qilish uchun barcha zarur saʼy-harakatlarni ishga solishimiz lozim. Bunday yoʻnalishlardan biri - bu koronavirus infeksiyasiga chalinish xavfini oshiruvchi va bevaqt oʻlimga olib kelishi mumkin boʻlgan yuqumli boʻlmagan kasalliklarning bartaraf etish boʻyicha choralarni kuchaytirishdan iboratdir», — deb taʼkidlagan JSST Bosh direktori.

U Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti oldida 2023-yilgacha transyogʻlar isteʼmoliga chek qoʻyish maqsadi qoʻyilganini eslatib oʻtdi. Bugungi kunda ushbu xavfdan atigi 3,2 milliard odam himoyalangan, xolos.

Oʻtgan yili Braziliya, Turkiya va Nigeriyada tegishli choralar koʻrildi, shuningdek Hindistonda mavjud choralar keskin kuchaytirildi. 2019-yil Yevropa ittifoqi va Pan-Amerika sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan normativ hujjatlar qabul qilindi.

JSST mutaxassislari barcha mamlakatlarga transyogʻlarsiz oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish nafaqat umrni uzaytirishi, balki mablagʻni iqtisod qilish va sogʻliqni saqlash muassasalari chekiga tushadigan katta yukni kamaytirishga olib kelishini eslatdi.

Tashkilot ushbu turdagi yogʻlarni taqiqlashni yoki uning isteʼmol qilinishini inson tanasiga oziq-ovqat orqali tushadigan kunlik energiya miqdorining 1 foizigacha kamaytirishni tavsiya etmoqda. Bu kundalik 2 ming kaloriyalik taomnomada 2,2 grammga toʻgʻri keladi.

Maʼlumot uchun, bugungi kundagi baʼzi oziq-ovqat mahsulotlarining transyogʻ miqdori kundalik meʼyoridan 200 baravarga koʻpdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?