JSST bosh direktori: Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Oʻzbekistonda pandemiya oqibatlarini yumshatish boʻyicha olib borilayotgan siyosatni toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz

10:41 30 Oktyabr 2020 Siyosat
227 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi Tanzila Norboyeva Jenevaga tashrifi doirasida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori, doktor Tedros Gebreyesus, Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) bosh direktori Daren Tang, BMTning Jenevadagi Argentina, Bosniya va Gersegovina, Livan Doimiy vakolatxonalari va Shveysariyadagi boshqa tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Uchrashuv davomida JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus mamlakatimizning BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga saylangani bilan qutlar ekan, bu Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilishi ekanini qayd etdi. Shuningdek, Oʻzbekistonning BMT Nizomi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining maqsadlari va tamoyillariga qatʼiy sodiqligidan dalolat berishini taʼkidladi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston ushbu nufuzli tashkilotga aʼzo boʻlishi bilan kelgusi uch yilda xalqaro huquqni himoya qilish masalalariga munosib hissa qoʻshadi, deb umid bildirdi T.Gebreyesus.

Shuningdek, JSST bosh direktori mamlakatimiz rahbariyatiga koronavirus infeksiyasining tarqalishi davrida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti uslubiy tavsiyalarini qoʻllab-quvvatlagani va ularga amal qilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Bundan tashqari, u Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatda pandemiya oqibatlarini yumshatish boʻyicha olib borilayotgan siyosatni toʻliq qoʻllab-quvvatladi. Inqirozga qarshi jamgʻarma tuzilganligi, uning mablagʻlari birinchi navbatda tibbiyot muassasalarini dori vositalari, himoya vositalari va diagnostika vositalari bilan taʼminlashga, shuningdek tibbiyot xodimlariga oylik nafaqalar berishga sarflanishi eʼtiborga molikligi taʼkidlandi. T.Gebreyesus Oʻzbekiston Respublikasida koʻrilgan chora-tadbirlarni, nafaqat COVID-19 tarqalishining oldini olish, balki aholi sogʻligʻini saqlash masalalariga qaratilgan eʼtiborni yuqori baholadi. Soʻnggi uch yilda davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan oila, onalik va bolalikni himoya qilish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish boʻyicha olib borilgan ishlarga ham ijobiy baho berildi, bugungi kunda ularning yaqqol natijalarini aniq koʻrish mumkinligi taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan JSST bosh direktori Oʻzbekiston Respublikasini U.Baffet fondi (AQSH) bilan hamkorlikda texnik koʻmak berish loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan Onalik va bolalikni muhofaza qilish dasturiga kiritish masalasini oʻrganishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida T.Gebreyesus Prezident Shavkat Mirziyoyevga yuksak hurmat va eng ezgu tilaklarni yetkazish istagi bilan murojaat qildi.

BIMT bosh direktori Daren Tang uchrashuvda mamlakatimizni BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga saylangani bilan tabriklab, BIMT Oʻzbekistonda intellektual mulk huquqlarini himoya qilish boʻyicha yuz berayotgan oʻzgarishlarni diqqat bilan kuzatib borishini qayd etdi.

— Davlat rahbarining mazkur masalalarga ustuvor ahamiyat berganligi intellektual mulk respublika uchun muhim ahamiyat kasb etishini koʻrsatadi, — dedi Daren Tang.

U joriy yil 12-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida intellektual mulkni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan boʻlib oʻtgan majlis toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻrganib chiqib, milliy qonunchilikni yana-da takomillashtirish, intellektual mulk muhofazasini kuchaytirish, har bir boʻlim va sohalarda ilmiy yutuqlarni joriy etish zarurligiga qoʻshilishini, oʻz tomonidan bu masalada, jumladan, mamlakatimizda intellektual mulkni rivojlantirishning uch yillik strategiyasini ishlab chiqishda Oʻzbekistonga har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Oʻzbekistonning reytinglardagi oʻrinlarini yaxshilash borasida oʻzbekistonlik mutaxassislar bilan hamkorlik kelgusi yilda ham davom ettirilishi taʼkidlandi. Shuningdek, BIMT bosh direktori Oʻzbekistonga “Global Innovation Index – 2020”ga kiritishda maʼlumot taqdim etgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuvda Daren Tang milliy brendlarni yaratish va geografik nomlarni xalqaro miqyosda himoya qilish masalalariga toʻxtalib oʻtdi.

— Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, xalq amaliy sanʼati va hunarmandchiligi butun dunyoga dong taratgan, – dedi BIMT bosh direktori. — Biz ularni xalqaro darajada himoya qilishda, shuningdek Singapurda ularni Oʻzbekistonda qoʻllash uchun intellektual mulkni himoya qilish boʻyicha tajriba almashishda koʻmak berishga tayyormiz.

Argentina, Bosniya va Gersegovina, Livan elchilari bilan uchrashuvlarda bir qator muhim masalalarni muhokama qilindi, Oʻzbekiston erishgan yutuqlari qayd etildi.

Bosniya va Gersegovina diplomatik vakolatxonasi rahbari N.Kapetanovich Oʻzbekiston soʻnggi yillarda inson huquqlarini taʼminlash va mamlakatda parlamentarizmni rivojlantirish borasida jiddiy yutuqlarga erishganini taʼkidladi.

Argentina elchisi F.Villegas ham Oʻzbekiston qisqa davr ichida inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, jumladan, parlament faoliyatini takomillashtirish borasida katta yutuqlarga erishganini qayd etdi.

Jenevaga tashrif davomida Oʻzbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari Tanzila Norboyeva Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) gender tenglik masalalari boʻyicha Uchinchi Tahliliy konferensiyasida ham ishtirok etib, keng qamrovli mavzuda nutq soʻzladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?