Joʻshqin Gujarat: Hindiston va Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi hamda farmatsevtika sohalarida innovatsion hamkorlikni kengaytiradi

21:48 20 Yanvar 2019 Jamiyat
618 0

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Oʻzbekicton hukumati delegatsiyasi tarkibida Hindistonning Gandinagar shahrida boʻlib oʻtgan “Joʻshqin Gujarat” 9-xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etdi.

Muzokaralar natijasida innovatsion rivojlanish vaziri I. Abdurahmonov, qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari S. Xodjayev, Andijon viloyati hokimi Sh. Abdurahmonov hamda Gujarat shtatining davlat korporatsiyasi Gujarat Agro Industries Corporation Ltd. rahbari K. Randxava agroklaster tashkil qilishga kelishdilar. Hindistonning qishloq xoʻjaligi sohasidagi innovatsion texnologiyalari, ilgʻor agrotexnik tadbirlarini yurtimizda joriy etish, tajriba oʻrtoqlashish maqsadida hamkorlik rishtalari bogʻlandi.

Agroklaster kishloq xoʻjaligi ekinlari va baliqchilik mahsulotlarini yetishtirish hamda ishlab chiqarish, ularni qayta ishlash, yetkazib berish, ularning marketingi bilan shugʻullanishni amalga oshiradi. Agroklaster Andijon viloyatida 15 — 20 ming gektar yer maydonida tajriba tariqasida barpo qilinib, keyinchalik respublikamizning boshqa viloyatlariga ham keng tatbiq etilishi moʻljallanmoqda.

Taʼkidlash joizki, Gujarat paxta, yeryongʻoq, tamaki va shakarqamish yetishtirish boʻyicha Hindistonda yetakchilik qiladi, shuningdek, shtatda bugʻdoy, turli dukkakli oʻsimliklar, makkajoʻxori plantatsiyalari mavjud. Bundan tashqari, Gujarat sut hamda sariyogʻ, goʻsht, tuxum, oʻsimlik yogʻi va shakar ishlab chiqarishda ilgʻorligi bilan ajralib turadi.

19 yanvar kuni esa innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Haydarobodning Genom vodiysida faoliyat yuritadigan “Bharat Biotech International” kompaniyasi rahbari Venkatraman Sivaramakrishnan bilan uchrashdi. Muloqotda tomonlar Oʻzbekistonga vaksinalar ishlab chiqarish texnologiyalarini transfer qilish hamda yurtimizda yuqori sifatli va arzon vaksinalarni ishlab chiqarish boʻyicha uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishdilar.

Hamkorlikning birinchi bosqichida kompaniya rotovirusli diareyaning profilaktikasi uchun qoʻllaniladigan vaksinani hozirgi paytda Oʻzbekiston xarid qilayotgan narxdan 50 foiz arzonlashtirib yetkazib beradi. Soʻngra Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun xom ashyo bilan taʼminlaydi.

Keyinchalik esa tayyor mahsulotni ishlab chiqarish texnologiyasi Oʻzbekistonga toʻliq transfer qilinadi. Bunda oʻzbek — hind davlat-xususiy sherikligi tashkil etilib, Oʻzbekiston korxona faoliyati uchun zarur yer, koʻchmas mulk, uskunalar bilan qatnashsa, hindistonlik hamkorlar vaksina ishlab chiqarish sohasidagi eng soʻnggi nou-xaular, zamonaviy texnologiyalarni bepul taqdim qiladilar. Texnik ekspertiza, xodimlarni oʻqitish hamda ishlab chiqarishning boshlangʻich bosqichini muvofiqlashtirishni oʻz zimmasiga oladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?