Jorj Bush va Obamaning tijoratlashtirish boʻyicha maslahatchisi Oʻzbekistondagi grantlar tizimi haqida fikr bildirdi

11:03 15 Iyul 2019 Iqtisodiyot
251 0

AQSH Milliy xavfsizlik agentligining rasmiy saytida Tom Chelluchchining “Federal agentlik texnologiyalarni tijoratlashtirish haqida xalqaro hamjamiyatdan nimalarni oʻrganishi mumkin?” degan maqolasi joylashtirildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyati haqida qator fikrlar ham keltirilgan.

Tomas Chelluchchi yangi texnologiyalar, tijoratlashtirishning davlat xavfsizligi masalasiga aloqadorligi toʻgʻrisida qator maqolalar muallifi boʻlib, u 36 yil davomida xususiy va davlat sektorlarida rahbar lavozimlarida ishlab kelmoqda. U oʻzining toʻrtinchi yuqori texnologiyalari kompaniyasini sotganidan soʻng, Prezidentlar Jorj U. Bush va Obama davrida AQSH hukumatining Tijoratlashtirish boʻyicha birinchi rahbari boʻlib faoliyat yuritgan. U hozirda prezident Tramp jamoasiga ham zarur hollarda maslahatlar berib turadi. Tomas Chelluchchi yuqori texnologiyalarga asoslangan tadbirkorlik haqidagi 25ta kitob va 211 ta maqola muallifidir. Fizikaviy kimyo sohasida ilmiy unvonlarga ega, 21 ta direktorlar kengashi aʼzosi, xalqaro universitetlarning professori.

Biz tilga olgan maqolada esa u “AQSHning birinchi tijoratlashtirish boʻyicha boshligʻi boʻlganidan gʻururlanishini ammo “tijoratlashtirish tafakkurini” yaratish va uni qoʻllab quvvatlash muhim ekanini, oʻz navbatida jamiyatga oʻzgarishlar olib kirishning mashaqqatlari haqida soʻz yuritadi. “Innovatsion davlat-xususiy sheriklik uchun Ichki xavfsizlik departamentini tajriba maydoni qilib olgach, tezkor talablar uchun mahsulot va xizmatlarni qisqa muddatlarda ishlab chiqarish mumkinligini namoyish etdik, — deb yozadi T. Chelluchchi. ­— Davlat xizmatidan boʻshab, xususiy tadbirkorlikka qaytar ekanman, dunyo boʻylab sayohatim davomida kelajakda mamlakatlarning iqtisodiy taraqqiyotiga zamin yaratadigan tijoratlashtirishni ragʻbatlantiruvchi innovatsion dasturlarning ayrimlarini kuzatishga muvaffaq boʻldim. Qisqaroq qilib aytganda, AQSH hukumati ayrim shunday dasturlardan saboq olishiga arziydi. Albatta men AQsh hukumatini tijoratlashtirish ishlarida yetakchi deb bilaman, ammo bu taxminlarimdan endi shubhalanishga haqqim bor.”

Maqolaning keyingi qismida T. Chelluchchi mahalliy doiralarda amalga oshirilayotgan ikki dastur haqida toʻxtalib oʻtishini, va bu dasturlar nisbatan kam mablagʻlar sarflagan holda tijoratlashtirish dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish mumkinligini taʼkidlaydi. Mana shu ikki dastur tijoratlashtirish tafakkurini rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, mazkur davlat va hudud uchun iqtisodiy jihatdan muhimligi bilan ahamiyatlidir, deb davom ettiradi muallif va shu dasturlarni namuna sifatida oʻrganishga oʻquvchilarni undaydi.

Texnologiyalar taraqqiyoti uch bosqichdan iborat: kashfiyot, innovatsiyalar va tijoratlashtirish. Kashfiyotlar jihatdan AQSH haqiqatan ham yetakchilikni qoʻldan boy bermayotgandir, axir AQSH universitetlarida butun dunyodan talabalar kelib oʻqishadi, bundan tashqari okean orti mamlakatining patent olish darajasi ham yuqoriligicha qolmoqda. Aksariyat hollarda grant mablagʻlari hisobiga innovatsiyalar ­­— “yaʼni kashfiyotning birinchi namoyishi/qoʻllanishi” salmogʻi ham oʻta yuqori. Biroq AQSH endigi kunda tijoratlashtirish masalasida birinchilardan emas. Xitoy, Janubiy Koreya, Vyetnam kabi davlatlarda texnologiyalarning tijoratlashtirilishi aholi turmush sifatining sezilarli darajada oshishiga sabab boʻldi. Oʻz navbatida AQSH 10 yil mobaynida 117 milliard AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarflagan, ularning aksariyati tadqiqotlarga yoʻsnaltirilgan, ammo tijoratlashtirishga emas. Boshqa davlatlar esa aksincha oʻz eʼtiborlarini tijoratlashtirishga qaratganlar.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda dunyoning boshqa chekkasidagi ikki dastur haqida maʼlumot bermoqchiman. Bularda hukumat ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish dasturlarini yaratish, nazorat qilish va qoʻllab quvvatlash mumkinligini amalda namoyish qildilar, deya muallif, Jahon banki krediti yordamida amalga oshirishga erishilgan Qozogʻistonning FPIP dasturi haqida soʻz yuritadi.

Maqolaning keyingi xatboshini esa soʻzma-soʻz keltiramiz:

“Shu kunlarda katta eʼtiborga tushgan dasturlarning ikkinchisi Oʻzbekiston bilan bogʻliq. Yangi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etgan yangi prezident va hukumatning tashabbusi bilan 2035-yilgacha moʻljallangan strategik reja jadal ravishda ishlab chiqilmoqda. Tasavvurimizcha, Oʻzbekiston yangi vazirlik orqali oʻz rejasini 2035-yilga qadar bajarmoqchi ham. Yangi vazirlik grant moliyalashtirishining yangi mexanizmini yaratgani va uning asosida strategik ahamiyatga ega boʻlgan, ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan mahsulotlarni yaratish uchun tanlovlarni muntazam ravishda eʼlon qilib turibdi (avvallari tadqiqot guruhlarining oʻz istaklari va tashabbuslari bilan taqdim etadigan loyihalariga 3­—5 yillik dasturga asosan grantlar berilardi). Bu ilmiy-tadqiqot guruhlariga bir yilda bir nechta tadqiqot grantlarida ishtirok etish imkonini beradi.Grantga beriladigan loyihalar endilikda mahsulotga yoʻnaltirilganini uchun mazkur loyihani tijoratlashtirish imkoniyati oshgan, avvallari boʻlganidek grant natijasi endi bir dasta yakunlanmagan tadqiqotlar bitilgan qogʻoz dastasidan iborat boʻlmaydi. Bundan tashqari, vazirlik ilm-fan va sanoatni integratsiyasi boʻyicha ham ishlar olib bormoqda, bu albatta koʻplab munozaralarga va koʻplab manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikda strategik rejalar tuzishni talab etadi, ammo bu harakatlar shunga arziydi”.

Maqolaning soʻngida muallif ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish tadqiqotlar va innovatsiyalarning “oqibati” emasligini, balki u puxta rejalashtirilgan, muntazam ravishda monitoringi olib boriladigan, aniq dasturlar natijasida yuzaga kelishini taʼkidlaydi. Gap bunday dasturlarga sarflanayotgan pulda emas, balki u yoki mamlakatning iqtisodiyotiga sezilarli foyda keltiradigan dasturlarning qanday boshqarilishi va amalga oshirilishiga bogʻliq, deydi Tomas Chelluchchi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?