Joriy yilning dastlabki olti oyida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi tovar aylanmasi 256,8 mln dollarga yetdi

11:20 16 Avgust 2018 Iqtisodiyot
342 0
Foto: senat.uz

2018 yil birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi tovar aylanmasi 256,8 million dollarni tashkil etdi. Bu haqda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S. Safoyevning AQSH Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo vakili yordamchisi M. Linskott rahbarligidagi AQSH Savdo vakili ofisi delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashuvi vaqtida ma’lum qilindi, deb yozmoqda “Xalq so‘zi“ muxbiri Qobil Xidirov.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar tobora jadallashib borayotgani qayd etildi. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil may oyida AQSHga tarixiy tashrifi bilan ikki tomonlama munosabatlar yangi bosqichga chiqdi. Tashrif chog‘ida “O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi” deb nomlangan Qo‘shma bayonot qabul qilingan edi. Hozirgi vaqtda umumiy hajmi qariyb 5 milliard dollarlik kelishuvlarni bajarish bo‘yicha ikki tomonlama “yo‘l xaritalari” amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi va AQSH o‘rtasidagi savdo munosabatlarida imkon qadar qulaylik berish tartibi amal qilyapti. 2018 yil birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi tovar aylanmasi 256,8 million dollarni tashkil etdi.

Tomonlar AQSHning O‘zbekistonga savdo imtiyozlarini taqdim etishi to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun intellektual mulk huquqlarini himoya qilish va majburiy mehnatga barham berish sohasida O‘zbekiston muayyan muvaffaqiyatlarga erishganini e’tirof etdilar. Uchrashuvda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalasida AQSH mamlakatimizni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani bildirildi.

Tadbirda joriy yil oktyabr oyida Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda AQSH o‘rtasida savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim ishtirokchi-mamlakatlari anjumanini (TIFA) o‘tkazish masalalari muhokama etildi. Mintaqadagi savdo-investitsiya muhitini yaxshilash imkoniyatlari ushbu anjumanning bosh mavzusi bo‘ladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Amerika — O‘zbekiston savdo palatasi qo‘shma qo‘mitasining majlisini o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?