Joriy yilning 9 oyida soliq boʻyicha qarzdorlardan davlat byudjetiga 1 583,7 mlrd. soʻm undirildi

11:48 16 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
674 0
Illyustrativ foto

Davlatimiz rahbari respublikamizning xar bir viloyatiga amalga oshirgan tashriflari davomida hududlarni obodonlashtirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholining turmush farovonligini yaxshilashga yoʻnaltirilgan loyihalarni oʻz vaqtida moliyalashtirish maqsadida mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Buning uchun tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, noqonuniy faoliyat yuritayotgan fuqarolarni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish orqali soliq bazasini kengaytirish, mahalliy byudjetga tushumlarni koʻpaytirish, soliq qarzdorligining oʻsib ketishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga aniq vazifalar belgilab berilmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, soliq qarzini qisqartirish maqsadida Davlat soliq qoʻmitasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining qoʻshma buyruqlariga asosan 1121 nafar xodim yuridik va jismoniy shaxslarning soliq qarzini sud tartibida undirish ishlariga jalb qilindi.

Hamkorlikdagi tadbirlar natijasida 2018 yilning 9 oyi davomida 27 669 nafar qarzdorlardan 1 583,7 mlrd. soʻm mablagʻ davlat byudjetiga undirildi. Bu haqda Davlat soliq qoʻmitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi xabar bermoqda.

Xoʻjalik yurituvchi subyektlar hamda aholi oʻrtasida profilaktik tadbirlar oʻtkazilib, Soliq kodeksining 59, 65 moddalariga asosan soliq toʻlovchilar zimmalaridagi soliq majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarishlari, belgilangan toʻlovlarni muddatidan kechiktirmasdan toʻlashlari lozimligi tushuntirilmoqda.

Biroq ogohlantirishlarga qaramasdan byudjetga tushishi kerak boʻlgan soliqlarni toʻlamagan 8982 nafar qarzdorlarning 428,5 mlrd. soʻmlik 1695 ta transport vositalari, 1354 ta bino inshootlari, 14 081 ta ofis jihozlari hamda boshqa turdagi mol-mulklari kimoshdi savdolari orqali sotish va tushgan mablagʻlardan soliq qarzini toʻlash uchun xatlovga olindi.

Bunday tadbirlardan koʻzlangan maqsad kimnidir jazolash yoki birovning mulkini olib qoʻyish emas, aksincha, qonun ustuvorligini taʼminlash, aholi manfaatlarini himoya qilishdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 51-moddasida “Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yigʻimlarni toʻlashga majburligi” hamda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 6-moddasida har bir shaxs “Soliq kodeksida belgilangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashi shartligi” belgilab qoʻyilgan.

Soliq sifatida toʻlangan har bir mablagʻ, shu jumladan, byudjetga va byudjetdan tashqari davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar turli iqtisodiy va ijtimoiy xarajatlar shaklida vatanimiz sarhadlarining mustahkamligiga, xalqimiz farovonligini oshirish va kuchli ijtimoiy himoyasini taʼminlashga sarflanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?