Joriy yilning 15-oktyabridan “Zarbdor oylik” boshlanadi

13:15 13 Oktyabr 2020 Jamiyat
211 0

Osuda yurtdan fayz-baraka arimaydi, mehr-muruvvat, xayru saxovat, oʻzaro hurmat qaror topib, odamlarning ertangi kunga ishonchi, hayotga muhabbati yuksalaveradi. Bularning bari yurtimizda tinchlik va osoyishtalikning barqarorligidandir. Tinchlik-osoyishtalikni koʻz qorachigʻidek asrash har bir fuqaroning muqaddas burchidir. Bu borada ichki ishlar organlari xodimlarining xizmatini eʼtirof etish oʻrinli. Ular el-yurt osoyishtaligini taʼminlash, fuqarolar xavfsizligi va jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish hamda roʻy bergan jinoyatlarni “issiq izida” fosh etishdek mashaqqatli va masʼuliyatli vazifalarni ado etib kelmoqda.

Mahallalarda jinoyatchilikka qarshi murosasiz muhitni yaratish, eng avvalo, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablari va
shart-sharoitlarini barvaqt bartaraf etish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, ularda qonunga hurmat hamda qonun buzilishining har qanday koʻrinishiga murosasizlik tuygʻusini singdirish yoʻli bilan huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlashda “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” tizimi asosida har bir sodir etilgan jinoyat shu kunning oʻzida keng jamoatchilik oʻrtasida muhokama qilinishi yoʻlga qoʻyildi.

Jinoyatchilikni jilovlash maqsadida amalga oshirilgan ishlar natijasida respublikada mavjud 9 150 ta mahallaning 4 519 tasida yoki 49,4 foizida umuman jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi, 1 184 tasida yoki 12,9 foizida jinoyatlar kamayishiga erishildi. Profilaktika inspektorlari tomonidan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirlarda oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitning barqaror boʻlishiga erishish maqsadida 18 080 ta oiladagi turli nizolar oʻrganib chiqildi. Natijada 13 546 ta oilaning notinchligiga barham berilib, 5 063 ta oilani ajralib ketishining oldi olindi.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari tomonidan joriy yilning 9 oy davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, tahlillar asosida amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar vazirlik rahbariyati huzurida oʻtkazilgan yigʻilishda tanqidiy muhokama qilindi.

Mazkur yigʻilish yakunida kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan bir qancha vazifalar belgilab olindi.

Ushbu yigʻilishda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, amalga oshirilgan ishlarni yana-da jadallashtirish, xususan ichki ishlar organlarida jamoat tartibini saqlash, yoʻl harakati havfsizligini taʼminlash hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida ish faoliyati samaradorligini kuchaytirish maqsadida joriy yilning 15-oktyabr kunidan 15-noyabr kuniga qadar respublika miqyosida “Huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va xizmat faoliyatini takomillashtirish oyligi" Ichki ishlar vazirligi tomonidan jamoat uyushmalari bilan hamkorlikda oʻtkazish belgilandi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, mazkur tadbirda barcha fuqarolarimiz faol qatnashib, huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha oʻz hissalarini qoʻshishsa oldimizga qoʻyilgan maqsadga erishgan boʻlar edik. Zero, Vatanimiz gullab yashnashi va uning osoyishtaligini koʻz qorachigʻidek asrash barchamizning burchimizdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?