Joriy yildan Namanganda golland lolalari yetishtiriladi

09:35 09 Fevral 2019 Jamiyat
532 0

Illyustrativ foto

Maʼlumki, golland lolalari beqiyos sifati va ajoyib goʻzalligi bilan dunyoda tan olingan. Oʻtgan asrlarda ushbu gulni sotib olishga har kimning ham qurbi yetavermagan. Uning bir bosh piyozchasiga pivo zavodini almashib yuborganlar ham boʻlgan. Oʻtgan toʻrt yuz yil ichida gollandlar bu gullarni yetishtirishda aql bovar qilmas natijalarga erishishdi. Pirovardida aynan ular sayyoramizdagi asosiy lola yetkazib beruvchilarga aylandilar va bu anʼana hamon davom etyapti.

Koʻpchilik ishonmasligi mumkin. Lekin mazkur mamlakatda gulchilik har yili davlat byudjetiga 25 mlrd. AQSH dollari miыdorida mablagʻ keltiradi. Dunyoda sotilayotgan lolalarning toʻrtdan uch qismi aynan ushbu mamlakat hissasiga toʻgʻri kelayotgani ham buning tasdigʻidir.

...Namangan viloyatida oʻtgan yil sentyabr oyida yetakchi golland fermerlaridan biri Yan Ligtxart bilan hamkorlikda qoʻshma korxona tashkil etilgan edi. U hududda Gulchilikni rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda ochilgan.

Viloyat hokimligi tomonidan ushbu loyiha uchun 5 gektar yer ajratildi. Mazkur maydon shaxsan Yan Ligtxart tomonidan joylashuv, namlik darajasi, yilning turli mavsumlarida shamol yoʻnalishi va havo haroratiga qarab tanlangandi.

Yaqinda Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori O. Mamatkarimov boshchiligidagi delegatsiya Yan Ligtxartning Niderlandiyadagi “Ligthart” fermer xoʻjaligiga tashrif buyurdi. Mehmonlar tarkibidan Gulchilikni rivojlantirish markazi vakillari ham joy oldi.

“Dunyo” AAning xabar berishicha, tashrif chogʻida ular lola yetishtirishning barcha bosqichi, piyozlarni qadashdan tortib, mamlakatda tashkil etiladigan auksionlarda gullarni sotishgacha boʻlgan jarayon bilan batafsil tanishtirildi.

Ayniqsa, Oʻzbekiston delegatsiyasi piyozlarni keyinchalik ularni dalaga ekish uchun tanlash va seleksiya qilish, navlar, ularning ranglari va yanada zamonaviy, sovuqqa chidamli, uzun boʻyli lolalarni katta qiziqish bilan oʻrganishdi. Namanganlik fermerlar lolalarni parvarish qilish texnikasi, jumladan, ekuvchi hamda yigʻuvchi qurilmalar, gullagan lolaning savdo uchun uzoq vaqt saqlanishini taʼminlash texnologiyalaridan ham boxabar boʻldilar.

Yan Ligtxartning aytishicha, mavjud texnologiyalardan foydalangan holda, golland lolalarini sarxil va xushboʻyligicha 3 haftagacha saqlash mumkin. Bu esa ularni uzoq masofalarga hatto avtotransport vositalarida ham yetkazish imkonini beradi.

Mehmonlar gullarni yetishtirishda qoʻllaniladigan agrotexnikalar ixtisoslashtirilgan koʻrgazmasiga tashrif buyurishdi. Gollandiyadagi qator taʼlim muassasalari, jumladan, qishloq xoʻjaligi sohasidagi eng yirik Vageningen va Groningen universitetlari mutasaddilari bilan muzokaralar oʻtkazishdi.

Yakunda joriy yilning oʻzidayoq Namangan viloyatida golland lolalari piyozlari va gullarini yetishtirish loyihasini boshlab yuborishga kelishib olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?