Joriy yilda Toshkent viloyatida 62 ta koʻp qavatli uy quriladi

14:36 29 Avgust 2018 Siyosat
355 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahridagi “Mustaqillikning 27 yilligi” massivida barpo etilayotgan koʻp qavatli uylarni koʻzdan kechirdi.

Bekobodda 90 mingdan ziyod aholi yashaydi. Aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida shaharda beshta yetti qavatli uy qurib bitkazilmoqda. Davlatimiz rahbari taklifi bilan “Mustaqillikning 27 yilligi massivi” deb nomlangan mazkur yangi mavzeda odamlar uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Uylarni qurishda eng zamonaviy materiallardan foydalanilmoqda, xonadonlarga energiyatejamkor isitish qozonlari oʻrnatilmoqda.

Prezidentimiz shu yerda shahar aholisi bilan muloqot qildi. Oʻzbekiston metallurgiya kombinatida va Bekobod shahrida yangi korxonalar ishga tushirilib, koʻplab ish oʻrinlari yaratilgani, qurilayotgan uy-joylar va ijtimoiy obyektlar odamlar turmush darajasini oshirgani taʼkidlandi. Davlatimiz rahbari joriy yilda Olmaliq, Yangiyoʻl, Bekobod, Nurafshon shaharlarida 2604 xonadondan iborat 62 koʻp qavatli uy foydalanishga topshirilishini maʼlum qildi.

Shu yerda Ohangaron shahridagi Amir Temur koʻchasini rekonstruksiya qilish, Yuqorichirchiq, Oʻrtachirchiq va Ohangaron tumanlarida namunaviy uylar qurish, viloyatda ichimlik suv tizimini yaxshilashga qaratilgan loyihalar taqdimotlari oʻtkazildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?