Joriy yilda Oʻzbekistonning nechta xalqaro tashabbusi roʻyobga chiqdi?

17:35 25 Dekabr 2018 Siyosat
484 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Тashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Neʼmatovning taʼkidlashicha, Prezidentimizning yirik xalqaro tashabbuslarini ilgari surish va amalga oshirish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirildi. 2018 yilda Oʻzbekistonning 10 ta muhim xalqaro tashabbuslari toʻliq amalga oshirildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Ular orasida, 15 martda Ostonada Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi Maslahatlashuv uchrashuvlarining oʻtkazilishini, BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” (22 iyun) va BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” (12 dekabr) rezolyutsiyalarining qabul qilinishini alohida taʼkidlash mumkin. Ushbu formatdagi ikkinchi uchrashuv 2019 yilning aprelida Toshkentda boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan oʻtkazilgan Afgʻoniston boʻyicha Toshkent xalqaro konferensiyasi va davlat rahbari ilgari surgan Afgʻoniston mojarosini hal etish va uni mintaqaviy iqtisodiy loyihalarga jalb qilish boʻyicha takliflari keng miqyosda xalqaro eʼtirofga sazovor boʻldi.

6-10 sentyabr kunlari Shahrisabzda 70 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirokida birinchi Maqom sanʼati xalqaro forumi boʻlib oʻtdi. Tadbir ishtirokchilari va mehmonlarining fikricha, ushbu forum jahon madaniyatining mulkiga aylangan noyob oʻzbek milliy maqomini saqlash va rivojlantirishga katta hissa qoʻshadi.

Shanxay hamkorlik tashkilotining Sindaoda (9 iyun) boʻlib oʻtgan navbatdagi sammitida Oʻzbekiston Prezidentining taklifiga muvofiq SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining Yoshlarga qoʻshma murojaati va uni amalga oshirish boʻyicha Harakatlar dasturi qabul qilindi. Tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashi Oʻzbekiston Respublikasi vakili – V.Norovni SHHTning Bosh kotibi etib sayladi.

27 noyabrda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik trast fondi faoliyati boshlanishiga bagʻishlangan yuqori darajadagi tadbir boʻlib oʻtdi.

Fondning asosiy vazifasi Oʻzbekiston, BMT va xalqaro hamjamiyatning saʼy-harakatlarini birlashtirish, texnik-moliyaviy resurslarni safarbar etish, mintaqaga innovatsion texnologiyalarni jalb qilish orqali Orolboʻyi hududini rivojlantirishga koʻmaklashishdan iborat.

2018 yilning noyabrida Samarqand shahrida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligiga bagʻishlangan Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi boʻlib oʻtdi. Forum jahon hamjamiyati tomonidan inson huquqlari va qadr-qimmatini yuksaltirishga, manfaatlar va inson huquqlarini himoya qilish tizimini mustahkamlashga qaratilgan ijtimoiy ahamiyatga molik global voqea sifatida eʼtirof etildi.

11 dekabrda Amerika Qoʻshma Shtatlari Davlat departamenti “Diniy erkinlikni tizimli, davomiy va jiddiy ravishda buzishda ishtirok etuvchi mamlakatlar roʻyxati”dan Oʻzbekistonni chiqarganligini eʼlon qildi. Bu qaror mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chuqur islohotlarning xalqaro miqyosda eʼtirof etilishining muhim dalilidir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?