Joriy yilda Oʻzbekiston qanday nufuzli xalqaro forumlarga mezbonlik qiladi?

15:08 07 Yanvar 2019 Siyosat
301 0

2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida mamlakatimiz qator nufuzli xalqaro anjumanlarga mezbonlik qilish nazarda tutilgan.

Jumladan, fevral oyida Toshkent shahrida Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga bagʻishlangan xalqaro konferensiyasi oʻtkazish koʻzda tutilgan. Shu boʻyicha Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihasida Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi olimlari va ekspertlarining forumini oʻtkazishga oid tashkiliy chora-tadbirlar nazarda tutiladi.

Aprel oyida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvini oʻtkazish rejalashtirilgan. Shu boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishi loyihasida 2019 yilda Toshkent shahrida mintaqa davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvini oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar nazarda tutiladi.

Tadbirlarda:

Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash sohasida samarali mintaqaviy hamkorlikning yangi rezervlarini va uni kengaytirishning taʼsirchan mexanizmlarini topish;

savdo-iqtisodiy, innovatsion, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, bank-moliya, suv-energetika va madaniy-gumanitar sohalarida aniq dasturlarni ishlab chiqish;

xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan keng fikr almashish, ular boʻyicha umumiy qarashni kelishib olish va uni xalqaro tashkilotlar doirasida ilgari surish koʻzda tutilgan.

May oyida Samarqandda Vatandoshlar xalqaro forumini tashkil etish va oʻtkazish moʻljallanyapti. Shu boʻyichaOʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishi loyihasida Samarqand shahrida 2019 yilda Vatandoshlar xalqaro forumini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy masalalar nazarda tutiladi.

May oyida yana Afgʻoniston boʻyicha 8-mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasini (RECCA VIII) Toshkentda oʻtkazish rejalashtirilgan. Shu boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishi loyihasida Afgʻoniston boʻyicha 8-mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasini oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy masalalar nazarda tutiladi.

Oktyabr oyida esa Orolboʻyi hududida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasini yaratish boʻyicha xalqaro anjuman tashkil etish va oʻtkazish koʻrsatib oʻtilgan. Shu boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishi loyihasida:

anjuman konsepsiyasini ishlab chiqish;

tadbirning kun tartibi, aniq muddati va joyini belgilash;

xorijiy mutaxassislar, xalqaro

va mintaqaviy tashkilotlar vakillarini tadbirga taklif etish va ularning ishtirokini tashkil qilish;

anjumanning yakuniy hujjati loyihasini ishlab chiqish va kelishish nazarda tutiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?