Joʻqorgʻi Kenges Raisi rahbarligida Boʻzotovda yigʻilish oʻtkazildi

11:53 28 Avgust 2019 Jamiyat
152 0

Barchamizga maʼlum, joriy yilning 20-21-avgust kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Qoraqalpogʻistonga tashrifi chogʻida chorvachilikga ixtisoslashtirilgan Boʻzotov tumanini tashkil etish tashabbusini xalqimiz katta quvonch va hayajon bilan qarshi oldi.

Hozir tumanni qayta tashkil etish ishlari qizgʻin surʼatlarda olib borilmoqda. Bu haqda Kruz.uz sayti xabar berdi.

Jumladan, 23-avgust kuni mazkur hududda Boʻzotov tumanini tashkil etish masalalari, bu borada olda turgan vazifalarga bagʻishlangan majlis boʻlib oʻtgan edi.

Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi M.Yerniyazov tomonidan oldda turgan ishlar muhokama etilib, tegishli vazifalar belgilangan edi. Shuningdek, aholini qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf qilish va xalqning turmush sharoitini yaxshilash boʻyicha tadbirlarni belgilash toʻgʻrisidagi masalalarga ham eʼtibor qaratildi.

Bugun, yaʼni, 27-avgust kuni Joʻqorgʻi Kenges Raisi rahbarligida tadbirkorlar, vazirliklar, korxonalar, muassasa va tashkilotlarning rahbarlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.

Majlisda yangidan tashkil etilayotgan tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Yaʼni, tumanda aholiga maishiy xizmat koʻrsatuvchi obyektlarni barpo etish va bu ishlarga tadbirkorlarni keng jalb etish boʻyicha topshiriqlar belgilab berildi hamda loyihalar shakllantirildi.

Bugungi kunda hududda chorvachilikga ixtisoslashtirilgan 51 ta fermer xoʻjaligi boʻlib, ularda jami 3 ming boshdan ziyod qoramol, 2 ming boshdan ziyod qoʻy-echki, 848 bosh yilqi va 575 ta parranda boqilmoqda.

Kelgusida mazkur hudud aholisining yashash sharoitlarini yaxshilash boʻyicha bir qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Chorva mollarining bosh soni oshirilib, goʻsht va sut mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar ishga tushirilishi belgilangan. Shuningdek, tuman hududidan ayol-qizlarning bandligini taʼminlaydigan toʻqimachilik kompleksining qurilish ishlari ham boshlanib ketdi.

Hudud aholisi mamlakatimiz mustaqilligining 28 yillik bayramini yangidan tashkil etiladigan tuman markazida munosib tarzda nishonlashi kutilmoqda. Boʻzotovliklar bayramni ham boshlab yubarishgan. Yaʼni, 24-avgust kuni respublikamiz estrada xonandalarining ishtirokidagi konsert dasturi va boʻzotovlik uyushmagan yoshlar oʻrtasida “Boʻzotov kubogi” mini futbol musobaqasi yuqori darajada oʻtkazildi.

Yangi tumanda 21 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?