Jondor tumanida yana shifokorga sababsiz tahdid qilindi. Bu ishni FHDYO boʻlimi xodimi qilgan ekan

09:45 19 Avgust 2019 Jamiyat
128 0

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Spark” avtomashinasi haydovchisi “Cobalt” avtomashinasini turgan joyida orqasidan kelib, zarb bilan qayta-qayta urib, soʻngra haydovchi mashinadan tushib “Endi bularga koʻrsataman” deya kimgadir tahdid qilayotgan holati aks etgan videolavha muhokamalarga sabab boʻldi. Maʼlum boʻlishicha, ushbu voqea Jondor tuman tibbiyot birlashmasi hududida sodir boʻlgan. Sogʻliqni saqlash vazirligi mahkur holatni oʻrganib, quyidagilarni maʼlum qiladi.

2019-yil 11-avgust kuni soat taxminan 18.00 atrofida V.Q. ismli fuqaro Jondor tuman tibbiyot birlashmasi tugʻruq boʻlimiga mast holda kelib, “D.Q ismli ayol 3 kundan beri tugʻa olmayapti, senlar qaramayapsanlar”, deb janjal koʻtaradi va shifokorlarni haqorat qiladi. Ish vaqtini yakunlab, uyiga qaytayotgan akusher-ginekolog M.T. nima boʻlayotganini bilish uchun voqea joyiga boradi. V.Q.ning maqsadini tushungach, u aytgan ayoldan xabar olish maqsadida tugʻuruqxona qaytib kirib, bemorlar qayd etilgan daftardan D.Q.ning ismi-familiyasini izlaydi. Biroq roʻyxatda bunday bemor qayd etilmagan edi. Soʻngra, koʻchaga chiqib V.Q.ga qarindoshi shifoxonada emasligini aytadi.

Shu paytda V.Q. shifokorni haqorat qilib, mushti bilan urib, jarohat yetkazadi. Tevarak-atrofdagi odamlar ularni ajratib qoʻygach, shifokor ish vaqti tugagani uchun uyiga qaytish maqsadida koʻchada turgan mashinasi tomon otlanadi. Bu paytda V.Q. ham “Spark” rusumli avtomashinasiga oʻtirib, tugʻuruq boʻlimi binosi yonida turgan shifokor M.T.ga tegishli “Cobalt” rusumli mashinasining orqasiga “Spark”i bilan borib, bir necha marotoba urgan.

Ushbu holat boʻyicha oʻsha paytning oʻzida tuman ichki ishlar boʻlimiga xabar qilingan. Biroq eng achinarlisi shuki, oʻsha kuni fuqaro V.Q.ning qarindoshi shifoxonada emas, uyida boʻlgan. U ayol oradan ikki kun oʻtib, 13-avgust kuni ertalab, soat 8.15.da tugʻuruq majmuasiga keltirilgan va shifokorlarning koʻmagida shu kuni koʻzi yorigan. Hozir ona va bolaning salomatligi yaxshi. Yaqin kunlarda ularga uyga ruxsat beriladi.

Keyingi paytlarda shifoxonalarda tibbiyot xodimlariga bemorlarning qarindoshlari va yaqinlari tomonidan nohaq tahdid qilinishi, hatto, tan jarohati yetkazilishi holatlari tez-tez kuzatilayotgani juda ayanchli holatdir. Bu galgisi yanada oshib tushdi: endi shifokorning mol-mulkiga ham ziyon yetkazildi. Achinarlisi, bu hodisani sodir etgan inson Jondor tuman FHDYO boʻlimi xodimi ekan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi yana bir karra xalqimizga, jamoatchilikka murojaat qilib shuni maʼlum qiladiki, tibbiyot xodimi uchun eng ezgu maqsad – dardiga malham istab kelgan har bir bemorga shifo baxsh etish. U bunday ezgu vazifani kimningdir tahdidi yoki doʻq-poʻpisasidan qoʻrqqani uchun emas, avvalo, oʻzining xizmat burchi, insoniy vazifasi boʻlgani uchun vijdonan bajaradi.

Shu bois Sogʻliqni saqlash vazirligi huquq-tartibot idoralaridan bunday holatlarga qarshi keskin kurashish, tibbiyot xodimlarining haq-huquqlari himoyasini kuchaytirishni takroran soʻrab qoladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?