Jonajon Vatanimizning birdamlik qoʻshigʻi

13:16 10 Dekabr 2018 Jamiyat
331 0

Arxiv foto

10 dekabr — Oʻzbekiston Davlat madhiyasi qabul qilingan kun

Har safar davlatimiz rahbarining turli mamlakatlarga rasmiy tashrifi chogʻida, Oʻzbekistonga kelgan xorijiy mamlakatlarning rahbarlarini kutib olish marosimlarida yoki yirik xalqaro anjumanlar, tinchlik va doʻstlik kelishuvlarida, sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda eng baland shohsupaga koʻtarilgan paytida milliy madhiyamiz yangraydi. Shunda koʻnglim togʻdek koʻtariladi. Madhiyamizning muazzam sadolari yurak-yuragimga kirib boradi, goʻyo. Chunonchi, Vatanimiz madhiyasi ham uning oʻzi kabi aziz va muqaddasdir.

Madhiyamiz mamlakat mustaqilligi, xalq ozodligi, davlatning buyuk kelajagi haqida kuylaydigan, farovon jamiyat qurilishi yoʻlida fidokorona mehnat, bunyodkorlik va yaratuvchanlikka xizmat qiladigan istiqlol ramzidir.

1992 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi davlat suverenitetining ramzi, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir. Unda xalqimizning orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangan, boy oʻtmishimiz, milliy anʼana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuygʻular tarannum etilgan.

Oʻzbekiston mustaqil taraqqiyot yoʻlini inson manfaatlarini himoya qilish, xalqimizning tinch-osoyishta, baxtli va farovon hayot kechirishini taʼminlash asosiga qurdi, xalqaro hamjamiyatga faol integratsiyalashuv jarayonida teng huquqlilik tamoyili asosida “tenglar ichra teng” boʻlishi, tinchlik va barqarorlik siyosatidan ogʻishmasligi qatʼiy belgilab qoʻyildi. 
Mazkur Qonunga 2010 yil 24 dekabrda oʻzgartish kiritilib, fuqarolarimiz, shuningdek, mamlakatimizda boʻlib turgan boshqa shaxslar madhiyamizni hurmat qilishi shartligi belgilab qoʻyildi.

Madhiyamizda musaffo osmonimiz, baxtli va farovon hayotimiz, xalqimizning asriy orzulari, kelajakka yorugʻ umidi va mustahkam ishonchi ifodalangan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda madhiyamiz musiqasi muallifi — Oʻzbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov tavalludining 100 yilligi keng nishonlandi. Bu yil davlatimiz madhiyasi matnini bitgan atoqli shoirimiz, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov nomini abadiylashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Qarshi shahrida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etildi.

Yuksak vatanparvarlik tuygʻusini mujassam etgan madhiyamiz bugun taʼlim maskanlarida yosh avlodning Vatanga muhabbat ruhida kamol topishiga xizmat qilmoqda. Endi harf taniy boshlagan jajji farzandlarimiz millatimizning bosh qoʻshigʻini kuylay boshlaganida sevinchdan hayajonga tushamiz. Yurtning eng ulugʻ qoʻshigʻini eʼzozlash, yod olish va baralla kuylash har bir yurtdoshimizning burchidir.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, partiyamiz milliy oʻzlikni anglash, vatandoshlarimizda milliy gʻurur va qadr-qimmat tuygʻularining mustahkam qaror topishi masalalariga hamisha katta ahamiyat qaratadi. Fuqarolar, ayniqsa, yoshlarni davlat ramzlarini eʼzozlash, ardoqlash, ularga hurmat ruhida tarbiyalashga koʻmaklashib kelmoqda. Davlat ramzlarining maʼno-mazmunini, ahamiyatini keng targʻib etishga qaratilgan chora-tadbirlarda faol ishtirok etib, ramzlarimizning qonunchilik asoslarini yoshlarga yetkazishga eʼtibor qaratmoqda.

Umuman aytganda, davlatimiz madhiyasidagi har bir soʻz milliy oʻzligimiz, qadriyat va anʼanalarimizni yodimizga solishini inobatga olsak, uning maʼnaviy tarbiyachi ekanini yaqqol his etamiz. Yoshlar ongu shuuriga ana shunday fikr-gʻoyani singdirish barchamizning fuqarolik burchimizdir. Zotan, madhiyamizga hurmat — milliy oʻzligimizga, urf-odat, qadriyat va anʼanalarimizga hurmatdir. Eng muhimi, ozod yurtimizning hech kimdan kam boʻlmagan farzandlari kelajakka qatʼiy ishonch bilan yuksak marralar sari dadil odimlamoqda. Demak, istiqlolimizni, yurtimizning kuch-qudrati, xalqimizning aql-zakovati, ajdodlarimizning shon-shuhrati va avlodlarimizning yorugʻ kelajagini sharaflovchi bu tarona asrlar osha baralla yangrayveradi.
Alisher HAMROYEV,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Markaziy kengashi raisi oʻrinbosari,
OʻzMTDP fraksiyasi aʼzosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?