Jonajon Vatanimiz javohirlari

15:42 23 Iyul 2020 Jamiyat
279 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

“Bu bizning vazifamiz, burchimiz!”

Dunyoda insondan aziz xilqat yoʻq. Tarix shohid: bu mukarram zot oʻz ibtidosidan buyon ne-ne suronlarni, ofatlarni, fojialarni boshdan oʻtkazmadi deysiz?! Ammo ularning hech biri banibasharning hayotga boʻlgan muhabbatini, qalbida tutgan tiriklik olovini soʻndira olmadi. Odamlar oʻrtasidagi oʻzaro oqibat va insonparvarlik esa uni tubsiz halokat jarliklaridan, oxiri yoʻq talatoʻplardan eson-omon olib oʻtdi. Bugun esa uning boshiga yana bir ogʻir kulfat tushdi. Bu — koʻzga koʻrinmas, ammo qattollik bobida har qanday ofatlardan badtar koronavirus.

Yanada aniqroq aytganda, ajdodlarimiz bu kabi baloyu ofatlarni ulkan tajriba, aql-idrok, sabr-toqat, yuksak maʼnaviyat va ilmu maʼrifat bilan sobitqadamlik bilan yengib oʻtgan...

Insoniyat boshiga tushgan bugungi ogʻir kulfatning boshqalaridan farqli jihati, u koʻrinmas, biroq qattollik borasida har qanday urushdan badtar. Hozir dunyoning yetti yarim milliarddan ortiq aholisini bitta musibat birlashtirib turibdi — koronavirus! Shu bois bugun kattayu kichik barchaning tilida, dilida bir gap: noming oʻchsin, koronavirus!

Aynan mana shunday ogʻir paytda odamzod yana qoʻliga najot qurollarini oldi. Ularning nomi — mehr, gʻamxoʻrlik, sabr-qanoat, iroda, qatʼiyat, saxovat, nekbinlik va albatta, ishonch. Bu, har qanday oʻqu snaryad otadigan, porox sochadigan aslahadan, hoʻlu quruqni birdek yoʻq qiladigan bombadan ham qudratlidir.

Afsuski, “tojdor yov” yuksak marralar yoʻliga chiqib olgan ona Vatanimiz sarhadlaridan ham kirib keldi. Pana-pasqamlarda pusib yotibdi, befarq va beparvo tanalar, boqibegʻam, puch onglar orqali hujumga oʻtyapti. Ammo vahimaga oʻrin yoʻq, sarosimaga tushmaslik kerak. Faqat hushyorlik qoʻldan berilmasa boʻlgani!

Bugun yurtimizda barcha fidoyi insonlar ana shu ofatga qarshi ayovsiz kurash olib bormoqda. Ularning orasida tibbiyot xodimlarining oʻrni alohida. Ushbu kasb egalari shafqatsiz “front”da eng oldingi saflarda birinchi boʻlib “jang”ga kirdilar. Va hamon kechani kecha, kunduzni kunduz demay, jonini jabborga berib, COVID-19 “qoʻshini” bilan kurashayotir. Xalqning, millatning mana shunday haqiqiy fidokorlari esa yurtimizda juda koʻp. Shaharlar deysizmi yoki qishloq va ovullar, ular har joyda hoziru nozir, virusning tojini qirqish bilan band.

...Koʻpchiligimiz Janubiy koreyalik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Saroy javohiri” serialini sevib tomosha qilganmiz.

Nima uchun shunday, hech oʻylab koʻrganmisiz?

Sababi aniqki, u oʻz Tangemi bilan, vabo oʻlatiga qarshi yurakdan kurashgan, kasbiga chindan-da sodiq va fidoyi qahramoni, tabib ayoli bilan qalbimizdan joy olgan.

Serial bosh qahramoni Tangem mehribon, mard va matonatli ayol sifatida koʻngillarni zabt etgan, desak, adashmaymiz.

Ushbu kartinada bir ibratli epizod bor: qishloqda dahshatli yuqumli kasallik tarqaladi. Hamma vahimaga, qoʻrquvga tushgan. Tangem esa ana shunday paytda ham sarosimaga berilmaydi. Vaboga chalinishdan hayiqmay, odamlarga yordamga oshiqadi. Kasallikning ildizini aniqlab, uning davosini topadi va xalqini kulfatdan asrab qolib, mehr qozonadi. Bilim va salohiyati, jasorati, oʻzgalarga mehr-muhabbati, vatanparvarligi bilan chin maʼnoda saroy javohiriga aylanadi. Uning kasbiga boʻlgan sadoqati odam tanlamaydi. Shoh ham, gado ham bemor boʻlsa, hamisha davolashga tayyor Tangemga aylanish bugun, ayniqsa, muhimdir.

Bejiz ushbu serialni yodga olmadik. Bugungi murakkab sharoitda mashaqqatli mehnat qilayotgan, koʻrinmas “yov”ga qalqon boʻlayotgan yurtimizdagi jamiki ayol shifokorlar va hamshiralarni jonajon Vatanimizning javohirlari, deb atasak arziydi.

Binobarin, oʻz hoyu havasini unutib, odamlar salomatligi yoʻlida kurash olib borayotgan ana shunday ayollarimiz Tangemdan ustun boʻlsa ustundirki, aslo kam emas. Albatta, kinoda hamma ham qahramonlik qila oladi, ammo hayotda emas. Boz ustiga, dunyoda kuzatilayotgan hodisalardan soʻng “tojdor” virus bilan bevosita kurash olib borishga har kimning ham yuragi dov bermasligi rost. 

Chunonchi, ommaviy axborot vositalari orqali kuzatyapmiz: baʼzi chet mamlakatlarda tibbiyot xodimlari “Men hayotimni xavfga qoʻya olmayman”, deb ishdan boʻshab ketmoqda. Oʻziga boshqa kasb tutyapti. Lekin bizning shifokorlarimiz oʻz rohatidan kechib, birinchi navbatda, “bemorlarga yordam berish kerak, odamlarni sogʻu omon saqlasak, mening oilamga ham, farzandlarimga ham shuning yaxshiligi, barakasi keladi”, degan oʻy, maqsad, tuygʻu bilan xavfli infeksiyaga qarshi kurashga otlanmoqdalar. Ularni ong va qalb boshqarmoqda, Vatan, millat tuygʻusi oldinga undamoqda.

Qahramonlarni hayotning oʻzi tarix sahnasiga chiqaradi, deydilar. Bugun shifoxonalarda, statsionarlarda, jonlantirish boʻlimlarida, tez tibbiy yordam mashinalarida, xonadonlardabemorlardan, yurtimizdan, umuman, butun dunyodan COVID-19ni haydab chiqarish yoʻlida mehnat qilayotgan opa-singillarimizni ana shunday qahramonlar, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Zero, ular oilalaridan, farzandlaridan, ota-onasidan uzoqda, boz ustiga, shunday issiq ob-havo sharoitida astronavtlarnikiga oʻxshash kiyimlarda mardonavor “jang” olib boryapti. Atrofida koʻrinmas qotil zarralar uchib yurganiga ham parvo qilmay, oʻzgalarning hayotini asrab qolishga urinmoqda. Yoʻqotishlar, yiqilishlar, uyqusizliklar, charchoq va asabbuzarliklar, stresslar, injiqliklar, kimlarningdir noroziliklari ularni toʻxtatib qola olayotgani yoʻq. Chunki ular oʻz qasamyodiga hamisha sodiq, buyuk ajdodimiz Ibn Sinoning munosib vorislaridir.

Buni qarangki, ularning koʻpchiligi, hatto haqiqiy qahramon ekanliklarini bilishmaydi ham. Soʻrasangiz, “Bu bizning vazifamiz, burchimiz. Shunchaki ishimizni qilyapmiz”, deya javob qaytarishadi. Aslida Yurtboshimiz taʼkidlaganidek, shifokorlarimiz qahramonlik, fidoyilik koʻrsatyapti...

Keling, yaxshisi, buni ularning oʻzlaridan eshitaylik.

Soʻz ham malham...

Zarafshon shahrilik yuqumli kasalliklar shifokori Galiya Toimbetovaning tibbiyotdagi umumiy staji 36 yilni tashkil etadi. Konimex tumanida mehnat faoliyatini boshlagan kezlari gepatit va diareya kabi epidemiyalarga roʻbaroʻ kelganligini inobatga olmasak, ekstremal holatlarda muolaja choralarini ilk bor koʻrishi.

— Bilasizmi, COVID-19 oʻta ayyor, xavfi tez kuchayadigan, deyarli oʻrganilmagan infeksiya, — deydi G. Toimbetova. — Yaqinda kasallik aniqlangan maktab oʻquvchisini olib kelishdi. Oʻz oyogʻi bilan yurib kelgan bemor shifoxona tartibini tushuntirishimizga ulgurmasdan yiqilib tushdi. Apparatga uladik, ovqatlanishi, jismoniy faolligi, tibbiy muolajalar individual tarzda nazoratga olindi. U shifo topib, tuzalib ketdi. Demoqchimanki, ushbu infeksiyani davolashda butun dunyo shifokorlari yoʻl-yoʻlakay tajriba orttirishiga toʻgʻri kelmoqda.

Shahrimizda 7-may kuni ilk bemor aniqlangan boʻlsa, oʻsha kundan 1-iyunga qadar uyga bormay ishlashimizga toʻgʻri keldi. Toʻgʻrisini aytsam, hech kim majburlagani yoʻq. Bemorni, uning umidvor nigohini unutish qiyin. Boʻldi, shu kasalni reanimatsiyadan chiqaraylik, uyga boraman, deysan, navbatdagisi tushadi. Ularning ogʻir ahvolini koʻrib, yigʻlagan paytlarim ham boʻldi. Albatta, bunday damlarda oʻz hayotingdan xavotir, uyqu va qoʻrquv ham ortga chekinar ekan.

Tibbiyot texnik taraqqiyotda bugun naqadar ilgarilab ketganligi haqida koʻp gapirganmiz va eshitganmiz. Biroq koronavirusni davolashda texnologik jihatdan qanchalik rivojlanish boʻlmasin, inson omili, kuyunchaklik, birovning sogʻligʻi uchun oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyib, fidokorlik koʻrsatish hal qiluvchi muhim mezon ekanligi oydinlashmoqda.

— Shifoxonamizda 79 yoshli kampir va 13 yoshli oʻsmir bir paytda oʻpkani sunʼiy shamollatish apparatiga olinishiga toʻgʻri keldi, — deydi G. Toimbetova. — Boʻsh apparat esa bitta. Uni keksa insonga uladik, bir qator yoʻldosh kasalliklari bor edi. Oʻsmirning yonidan esa bir lahza boʻlsin jilganimiz yoʻq. Guruhimiz ham yonimda turdi. Yaratganga shukr, ikkalasi ham tuzalib ketishdi. Lekin bugun eslasam, qilgan tavakkalimdan yuragim orqaga tortib ketadi.

Galiya Koloboyevna — oliy toifali shifokor. Ikki farzandning onasi. Bugungi sinovli kunlarda unga yelkadosh boʻlgan farzandlari va umr yoʻldoshining koʻmagini alohida taʼkidlaydi.

“Soʻz ham malham, — deydi u, — birgina minnatdorlik kalomini eshitish, goʻyo butun charchogʻingizni chiqarib yuboradi!”

Kasbidan faxrlanish hissining billur tomchilarga evrilishi

— Shu yilning 20-martidan boshlab, muassasamiz gospitalga aylantirildi va bu yerga COVID-19 bilan kasallanganlarni yotqizish rejalashtirildi, — deydi Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi boʻlim mudiri Dilfuza Orziqulova. — Faoliyatimizda bunday holatga birinchi marta duch kelayotgandik. OAV orqali ushbu mavzu keng yoritilsa-da, ochigʻi, yangi infeksiya haqida hech narsa bilmasdik. Toʻgʻri, shifokormiz, lekin biz ham insonmiz. Bizda ham qoʻrquv bor edi. Rostini aytganda, bu hadik oʻzimiz uchun emas, oilamiz, yaqinlarimiz uchun...

Lekin gospitalda ishlaydiganlar roʻyxati tuzilayotganda, hech ikkilanmasdan oʻzimni unga kiritishlarini soʻradim. Toʻgʻri, oilam, yaqinlarim men haqimda koʻp qaygʻurishdi. Zotan, bunga asos ham bor edi: keyingi taqdirim qanday kechadi, bu kasallik menga boʻysunadimi yoki... Hammasi qorongʻi edi. Koʻp oʻtmay, oila va yaqinlarimizdan ayrilgan holatda ishni boshladik. Bilasizmi, Yaratganning oʻzi insonga savob ishlar uchun kuch va quvvat baxsh etar ekan. Sakkiz — oʻn ikki soatni ichiga havo oʻtqazmaydigan maxsus kiyimda oʻtkazishga ham koʻnikdik. Tilimizda bir gapni qayta va qayta takrorlaymiz: “Xudoyim kuch-quvvat ber, sabru toqat ber”.

Ajal iskanjasida soatlar, kunlarni oʻtkazishimizga nima yordam berdi? Palatalarda koʻzi qoʻrquvdan miltillayotgan bemorlar. Ular sizga umid va najot koʻzi bilan qaraydi. Siz ularga dalda boʻlishingiz kerak. Bundan tashqari, hamshiralar, sanitarkalarning ishi ham oʻta ogʻir. Bir nechtasi hushidan ketib qoladi. Oʻziga kelganda ularning shashqator koʻz yoshlari va dardini eshitishning oʻzi boʻlmaydi. Ularga ham dalda boʻlish lozim.

Shu yerda bir chekinish qilmoqchiman. Albatta, bu yerga hamma vatanparvarlik hissi bilan kirmaydi. Ayrimlar pul uchun. Baʼzilar oʻz kasbi va qasamiga sadoqati uchun. Umuman olganda, 14 kunlik kasallik bilan kurash hammani bir tan, bir kuchga aylantirdi. Ayol uchun eng ogʻir ish bu, haftalab oilasidan ayri holda mehnat qilish. Kichik farzandlarini uyiga tashlab chiqqan onaizorni, jonidan aziz nevaralaridan vaqtinchalik boʻlsa-da ayrilgan ulugʻ yoshdagi shifokorlarni tasavvur qiling!

Oʻtgan vaqt mobaynida ikki marta 14 kundan kasallarni davolash jarayonida bevosita qatnashdim. Shu davrda 200 dan ziyod bemorlarning shifo topishida oʻz hissamni qoʻshganimdan mamnunman.

Sabru qanoat ila har 14-kunni hammamiz koʻzimizda yosh bilan kutib olamiz. Bu koʻzyoshlar — quvonch yoshlari. Taʼbir joiz boʻlsa, kasb-korimizdan faxrlanish hissining billur tomchilarga evrilishidir.

“Onajon, men ham siz kabi shifokorlik kasbiga sodiq boʻlaman”

— Bugun har qachongidan koʻra xalqimizga koʻproq kerakmiz, — deydi Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi qabul boʻlimi mudiri, oliy toifali shifokor Azima Gʻaniyeva. — Shuni his etgan holda biz hammadan koʻra ogʻir va bosiq, ayni chogʻda, shijoatli boʻlishimiz shart. Shundanmi, dam olmasdan uzluksiz ravishda 20 kun shifoxonada ishladim. 14 kun karantinda ham boʻldim. Xullas, bir oydan ziyod vaqt davomida oilamdan xabar ololmadim. Shunday boʻlsa-da uyimdagilar buni yaxshi tushunishadi. Ulardan ham minnatdorman. Men koʻproq shifoxona qabul boʻlimida xatarli vaziyatda ishlayotgan 15 nafar xodimimizning koronavirusga chalinmasligi uchun barcha zarur choralarni koʻrish haqida oʻyladim, ularning himoya vositalaridan nechogʻli toʻgʻri foydalanishlarini nazorat qildim.

Bilasizmi, eng muhimi, uyga borganimdan soʻng tibbiyot institutida oʻqiydigan qizim Shahnoza 34 kun mobaynida tibbiy maskani yechmaganim uchun yuzimda qolgan izlarga boqib, “Onajon, men ham siz kabi shifokorlik kasbiga sodiq boʻlaman”, deganida qalbim quvonch va iftixor tuygʻulariga toʻlib-toshdi...

Ushbu shifoxona boʻlim hamshirasi Gulchehra Jumayevaning aytishicha, 60 ga yaqin shifokorlar, 300 dan ziyod hamshiralar tunu kun bemorlar atrofida parvona boʻlib, ularning tezroq sogʻayishlari uchun oʻzlarining boy bilim va tajribalarini ishga solib kelmoqdalar.

— Amaliyotimizda hech qachon uchramagan kasallik bilan kurashishning oʻzi boʻlmaydi, albatta, — deydi u. — Ochigʻi, murakkab sharoitda ishlash har qanday kishini holdan toydiradi. Lekin oʻnlab bemorlarning sogʻayib, oilalari bagʻriga qaytishganini koʻrganimizda charchoqni unutamiz, qushdek yengil tortamiz. Darddan forigʻ boʻlgan yurtdoshlarimizning minnatdor nigohlarini bir umr unutmayman.

Vaqtdan oʻzib...

Sirdaryo viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi laboranti Hanifa Mamarahimova esa 11-iyulda ishga kelganicha, hali uyiga borgani yoʻq. Chunki vaziyat talabi va tartibi shunday: 14 kun uzluksiz ishda boʻlishi kerak. Yana koronavirus bilan bogʻliq barcha tahlillarni oʻzi olib, natijasini oʻzi chiqarishi lozim. Negaki, bu “koʻrinmas balo” bilan eng tajribali laborant hamshiralar shugʻullanishi zarur boʻlgani holda, yuqtirib olmasliklari uchun xodimlarga kamroq yuzma-yuz kelgani maʼqul.

Hanifaxon — malakali mutaxassis. Sababi 2005-yildan buyon tahlil bilan shugʻullanadi. Shu kunlarda bir kecha-kunduzda 55 tagacha “analiz” uning qoʻlidan oʻtmoqda.

“Vaqtdan oʻzib” degan ibora bor. Bir qarashda bu gap mubolagʻa boʻlib tuyuladi. Ammo Hanifa Mamarahimovaning hozirgi mehnat jarayoniga hech ikkilanmay mana shu taʼrifni berish mumkin. Qarang, u oʻsha 50 dan ziyod tahlillarning har biriga bir yarim soat vaqt sarflaydi. Xususan, bitta bioximiya tahlili ustida yettita natija boʻyicha tekshiruv olib boradi. Eng muhim boʻlgan, umumiy, yaʼni umumiy tahlilda davolovchilar uchun eng zarur maʼlumot — qonning quyuqlashuv holatini aniqlab beradi. Bioximiyada esa koronavirusda xavf soluvchi qon miqdorini tekshiradi. Bularning hammasi muhim va hammasi shoshilinch. Buning ustiga reanimatsiyadagi bemorlardan kuniga tahlil olish va uning natijasini doktorlarga oʻz vaqtida taqdim qilishi kerak. Deylik, u tungi soat 24 da ishlarini tugatdi, ammo telefon jiringlaydi, topshiriq boʻladi: qaysidir bemorning tahlilini tezda chiqarish kerak.

— Dastlabki birinchi, ikkinchi kunlarda, rosti, qiynaldim, — deydi u. — Keyin barchasi izga tushib ketdi. Faqat oʻgʻlim Behroʻz va qizim Xumorani sogʻinganimni aytmasa, hammasi joyida...

Karantinda toʻyni orzu qilgan hamshira

Fargʻona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining 20 yillik tajribaga ega hamshirasi Malohat Rasulova ilk bemorlar bilan yuzma-yuz boʻlgan holatni shunday xotirlaydi:

— Faoliyatimiz davomida bu kabi holatlarga duch kelmaganimiz uchun barcha hamshiralar “shok”ka tushib qoldi. Aksiga olib ruhiy tushkunlikka uchragan bemorlar haddan tashqari injiq boʻlib qoladi. “Bu yerdan bizni oq sellofan paketlarga oʻrab chiqarasizlar endi”, deya umidsizlikka tushganlari boʻldi. Bemorlardagi depressiya hamshiralarga ham taʼsir qilmay qolmaydi, albatta. Ammo iloji boricha bunday holatlardan ortiqcha taʼsirlanmaslikka harakat qildik. Bemordagi vahimani tushunish va tuzatish mumkin. Biroq shifokor va hamshiradagi vahima koʻp salbiy oqibatlarga olib keladi. Shu kasbni tanladikmi, nafaqat chidashimiz, balki mehnatsevar va faol, ayniqsa, virusga qarshi shafqatsiz boʻlishimiz shart. Hissiyotlarning esa oʻz vaqti-soati bor.

Uning aytishicha, boshida kasallarning tuzalish jarayoni juda qiyin kechgan.

— JSST tomonidan belgilangan meʼyorlar asosida olib borilayotgan davolash ishlariga qaramay, ilk bemor tuzalishini barcha intiqlik bilan kutdi, — deya eslaydi u. — Nihoyat, malakali tibbiy xizmat va yaratilgan qulay shart-sharoitlar samara berib, dardmandlar birin-ketin oyoqqa turdi. Toʻgʻri, norozi boʻlayotgan, noshukrlik qilayotgan bemorlar ham yoʻq emas. Buniyam toʻgʻri tushunish kerak. Biz esa ularni xotirjam qilishimiz shart. Shuning uchun zarurat tugʻilsa, hamshiralarimiz bemorlarning boshi, qoʻl-oyoqlarini uqalab qoʻyadi, shaxsiy gigiyena vositalarigacha oʻzlari olib kelib berishadi.

Besh-olti soatlab maxsus qoʻlqop, kiyim-kechaklarda issiqda ishlaymiz. Yuz-qoʻllarimiz terilari shilinib, ogʻriq beradi. Ammo bemorning oldiga kirganda, faqat tabassum, yaxshi kayfiyatda boʻlish zarur. Fidoyi hamshiralar shirin soʻz, samimiy kulgi ham bemor uchun yarim davo ekanligini yaxshi bilishadi.

...Malohat opa qariyb 1 oy uyiga bormay ishladi. Keyin 14 kun sanatoriyda karantinda boʻldi. Yaxshiyamki, telefon bor. Har kuni oila aʼzolari bilan telefon orqali diydorlashib turdi.

Albatta, fidoyilik ragʻbatsiz qolib ketmayapti. Masalan, mehnatlari samarasi sifatida ikki muddat karantinda ishlagan tajribali hamshira oylik ish haqiga qoʻshimcha ragʻbatlantirish tariqasida 30 million soʻm miqdorida mukofot puli oldi.

— Bu yil ikkinchi oʻgʻlim Sobirjon Alijonov Toshkent tibbiyot akademiyasini tamomlab, Fargʻona shahridagi 1-oilaviy poliklinikada umumiy amaliyot shifokori sifatida ish boshladi, — deydi u. — Xudo xohlasa, karantindan qutulsak, oʻgʻlimni uylantirmoqchimiz. Mukofot pulining bir qismini ana shu toʻyga atab qoʻydik. Bir qismini ota kasbini tanlab, Fargʻona politexnika institutining energetika yoʻnalishida oʻqiyotgan oʻgʻlimning kontrakt puli uchun toʻlaymiz. Katta oʻgʻlim iqtisodchi, kenjatoyimiz Nozimjon Fargʻona shahridagi 2-umumtaʼlim maktabining 5-sinf oʻquvchisi. Mana shunday qanotlarim bor ekan, ular menga bu hayotda tuganmas kuch-quvvat, iroda beraveradi.

Vatanning matonatli farzandlari bor ekan, hadigu xavotirga oʻrin yoʻq

Hukumatimiz xalqni bu ofatdan asrash uchun barcha choralarni koʻrmoqda. Koʻp ming kishilik karantin markazlari, shifoxonalar bunyod etildi. Tibbiyot xodimlari, fidoyi insonlar kechayu kunduz sergak. Har kuni kasallikdan forigʻ boʻlayotgan hamyurtlarimiz soni ortmoqda.

Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ham tibbiyot sohasi vakillari koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda jonbozlik koʻrsatmoqda.

Tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Kamoliddin Rahimovning aytishicha, ushbu muassasa joriy yil mart oyidan eʼtiboran COVID-19ga gumon qilingan bemorlarni davolovchi provizor shifoxona sifatida faoliyat yuritayotgandi. Oradan toʻrt oy oʻtgach, yaʼni 8-iyuldan boshlab, koronavirus bilan ogʻriganlarni davolashga moʻljallangan gospitalga aylantirildi.

Pandemiya davrida shifokorlar 1400 nafardan ortiq kishilarning salomatligini tiklashga erishishdi. Ularning 142 nafari esa aynan koronavirusga chalingan fuqarolar edi.

Koʻz ilgʻamas “yov”ga qarshi kurashning oldingi saflarida jasorat koʻrsatayotgan shifokorlardan biri — Raʼno Qodirova. Ushbu shifoxonaning bosh vrachi, 69 yoshli bu ayoldagi gʻayrat-shijoat yoshlarga oʻrnak boʻlarli darajada.

— Oilang va yaqinlaringdan maʼlum muddat uzoqda boʻlish, albatta, osonmas, — deydi u. — Lekin hozir hissiyotlarga beriladigan payt ham emas. Biz bu yerda koʻproq kerakmiz. Bemorlar darddan tezroq xalos boʻlsa, ular ham uyiga eson-omon qaytsa, shu jarayonlarni koʻrsak, har qanday mashaqqatni, har qanday qiyinchilikni zumda unutamiz.

Jamoamizda fidoyilar koʻp. Men shu oʻrinda yuqumli kasalliklar shifokori Yulduz Toʻxtayeva, hamshiralar Dilorom Ahmedova, Sapura Ikromova, tibbiyot xodimasi Shohida Salimova, Xabira Gulyayeva, Dilorom Jabborova, Nazira Abiddinova, Barno Hojimatova, Aqida Alixoʻjayeva, shuningdek, Abror Turgʻunovni alohida eʼtirof etgan boʻlardim. Ular yuqumli kasalliklar shifoxonasi Toshkent viloyati karantin hududiga aylantirilganidan soʻng ham bu yerni tark etishmadi. Odamlar sogʻligʻini oʻz sogʻliqlaridan ustun qoʻyishdi. Chinakam matonat koʻrsatishdi. Shunday insonlar bor ekan, har qanday xavf, har qanday kasallikni, albatta, yengamiz!

Oʻzi va oʻzgalar hayotiga masʼullik ongu qalbda ildiz otsa...

— Yurtimizda koronavirus infeksiyasining ikkinchi toʻlqini boshlangani, kasallik esa koʻpincha aholi orasida uchrayotgani haqida bot-bot gapirilmoqda, — deydi Toʻrtkoʻl tumani tibbiyot birlashmasi infeksionisti Yulduz Sapayeva. — Masalan, iyul oyidan boshlab tumanimiz tibbiyot birlashmasiga mazkur kasallik boʻyicha murojaatlar kela boshladi. Bugungi kunda kasallanish holatlari har xil. Xususan, u oʻpka faoliyatiga yomon taʼsir koʻrsatishi sababli yengil, oʻrtacha va ogʻir holatlarni boshdan kechirayotganlar bor. Ularni nazorat qilish va davolash uchun har bir hududning oʻz shifokorlari masʼul qilib biriktirilgan. Yil avvalida birlashma shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga uchta sunʼiy nafas oldiruvchi uskuna keltirilgan edi. Bugun ularning soni toʻqqiztaga yetdi. Shularning yordamida 240 nafar shifokor va 680 nafar hamshira kasallikka qarshi kurash olib boryapti.

Jamoamizda oʻz kasbiga sidqidildan yondashib ishlayotgan mutaxassislar yetarli. Ular bemorlar dardiga malham boʻlib, kasallikni yengishlarida koʻmak bermoqda.

Oʻzim infeksionist shifokor sifatida faoliyat yuritayotganimga uch yil boʻldi. Lekin kuchli va ahil jamoada tez tajriba toʻplab, koronavirusdan bemorlarni muvaffaqiyatli davolayapmiz. Bu borada zarur muolajalarni oʻz vaqtida va tezkor bajarish oʻta muhimdir.

Buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino yuqumli kasallikning oldini olishda, avvalo, xotirjamlikni saqlash zarurligiga eʼtibor qaratgan. Shunday ekan, vahimaga tushmasligimiz kerak! Quvonarlisi, shunday davolanuvchilar borki, ular shoʻx musiqa tinglab, nafaqat oʻzlarini, balki atrofidagilarning ham kayfiyatini koʻtaradi. Ularni davolash ham yengil kechadi. Baʼzilarda esa tushkun kayfiyat hukm suradi. Ularni yaxshi soʻz bilan qoʻllab-quvvatlashga harakat qilamiz. Kasb taqozosi yuzasidan boʻladigan qoʻngʻiroqlar orqali ham odamlarga birinchi navbatda xotirjamlik zarurligini, zero, vahima inson immunitetini pasaytirib yuborishini tushuntiramiz.

...Darhaqiqat, pandemiyaning choʻzilishi ham, uni qisqartirish ham oʻz qoʻlimizda. Bugun tahdid solayotgan koronavirus xalqimizga kelgan bir sinov. Ana shu sinovdan qanday chiqib ketish har bir kishining azmu qarori, shijoatiga bogʻliq. Zero, kishi qanchalik mukammallikka intilsa, oʻzida kamollik sifatlarini shakllantirsa, shuncha koʻp yon-atrofiga nisbatan befarqlik, loqaydlikni bartaraf etadi. Inson riyozat chekmasa, oʻzligini yonib izlamasa, haqiqat sari faqat ongi emas, borliq vujudi bilan intilmasa, uning koʻngil koʻzgusi sayqallanishi ham mushkul. Shu maʼnoda, koʻrinmas “yov”ning tezroq yurtimizdan daf boʻlishini istasak, oʻzimiz, oilamiz, yaqinlarimizning sogʻ-salomat yurishini xohlasak, hozirgi karantin qoidalariga qatʼiy amal qilishimiz shart!

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, biz pandemiyani qachon yengamiz? Qachonki, har bir odam oʻzidagi beparvolikni yengsa, oʻzi, oilasi va farzandlari, butun xalqimiz hayotiga masʼuliyat bilan qaraydigan boʻlsa.

Biz shunga qodirmizmi? Albatta, qodirmiz. Ishonchimiz komil, bugungi vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan mana shunday hissiyot va qarashlar har bir yurtdoshimizning qalbi hamda ongiga chuqur kirib boradi. Va biz bu sinovdan, albatta, munosib oʻtamiz.

Bu yoʻlda tunu kun mehnat qilayotgan shifokor va hamshiralarimiz — oq xalatli najotkor farishtalarimiz oʻzining fidoyiligi, jasorat hamda matonati bilan har birimizga koʻtarinki ruh baxsh etadi, oʻrnak va ibrat boʻladi.

Qahramonlarimiz qarshisida biz hamisha taʼzimdamiz!

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?