Jon Nikolson: Afg‘oniston hukumati “Tolibon” bilan yashirincha muzokaralar olib borayapti

15:05 01 Iyun 2018 Dunyo
1044 0
Foto: ariananews.af

Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” harakati o‘rtasida faol harbiy qarama-qarshilik davom etayotganiga qaramasdan, hukumat va “tolibon”lar vakillari vaziyatni tartibga solish bo‘yicha yashirincha uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Bu haqda NATOning Afg‘onistondagi harbiy kuchlari qo‘mondoni, general Jon Nikolson ma’lum qildi.

U Qobul va hukumatga qarshi harakat o‘rtasidagi muloqot armiya va politsiyaga hujumlar uyushtirish soni qisqargani fonida o‘z mevasini berayotganini qayd etgan.

“Tolibon”ning o‘rta va yuqori bo‘g‘indagi rahbarlari garchi diplomatik faoliyat yashirincha ro‘y berayotgan bo‘lsa-da, afg‘on hukumati bilan o‘zaro aloqa olib borayapti”, dedi general.

Jon Nikolsonning aytishicha, oxirgi besh yilda fevral-aprel oylari oralig‘ida jangarilar hujumlari ko‘rsatkichi 30 foiz kamaygan. Garchand “tolibon”lar bahorgi hujumni boshlagan paytda zo‘ravonliklar soni oshgan bo‘lsa-da, o‘tgan yil yozdagiga nisbatan xurujlar 10-12 foiz kamligicha turibdi.

Nikolson Afg‘onistonning 20 ta muzofotini qamrab olgan fuqarolar tinchlik harakati bu borada ijobiy belgi ekanligini ta’kidladi.

“Ilgari bunday holat bu yerda bo‘lmagan”, dedi amerikalik harbiy. U Kolumbiyada ikki yil oldin bo‘lgani kabi afg‘on mojarosiga ham tinch yo‘l bilan yechim topilishiga umid bildirdi.

Ma’lumot uchun, Kolumbiyada markaziy hukumat bilan FARC kommunist qo‘zg‘olonchilar o‘rtasida 1948 yilda boshlangan qarama-qarshiliklar 2016 yilgacha davom etgandi. Shundan so‘ng tomonlar tinchlik sulhini tuzib, harbiy harakatlar to‘xtatilgan. Ayni paytda qo‘zg‘olonchilar davlat tizimiga integratsiyalashuv jarayonini boshdan kechirayapti.

Eslatib o‘tamiz, 30 may kuni amerikalik harbiylar Afg‘oniston janubida HIMARIS raketa-artilleriya tizimi hujumi natijasida “Tolibon” harakatining 50 nafar qo‘mondoni yo‘q qilingani haqida ma’lumot berishgandi. NATOning Afg‘onistondagi kontingenti matbuot kotibi Martin O’Donell bu kabi yo‘qotishlar butun mamlakatdagi “tolibon”lar ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini aytib o‘tdi.

O‘z navbatida, “Tolibon” harakati mamlakatda joriy yil 20 oktyabrga belgilangan parlament va muzofot kengashlariga saylovlarni barbod qilish uchun urinayapti. Jumladan, hujumlar va tahdidlar tufayli saylovchilarni ro‘yxatga olish bo‘yicha 4491 ta markazdan faqatgina 3260 tasi ishlamoqda. Xalqaro jamoatchilik va mamlakat hukumati fikricha 2015 yildan beri kechiktirib kelinayotgan parlament saylovlari Afg‘onistonni demokratlashtirish va barqarorlashtirish yo‘lidagi qadamdir. “Tolibon”lar esa “tashqi kuchlar” nazorati bilan tashkil etiladigan mazkur jarayonlar qonuniy va xolis emas, deb hisoblamoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?