Jomboydagi ochiq yer maydonida eksportbop pomidor yetishtirilmoqda

19:21 11 Iyun 2020 Iqtisodiyot
314 0

Koʻpchilik pomidor, bodring, qulupnay singari sabzavot va poliz mahsulotlarini issiqxona sharoitida yetishtirish orqali eksportga yoʻnaltirish samarali deb hisoblaydi. Ammo Jomboy tumanidagi koʻpni koʻrgan, tajribali bobodehqonlar ochiq yer maydonida ham eksportbop mahsulot yetishtirish imkoniyati mavjudligini amalda isbotlashga kirishdilar, deb xabar bermoqda «Oʻzagroinspeksiya»ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.

Gap shundaki, tumanning “Oq oltin” MMTP hududida joylashgan «Agro Gumush Jomboy» MCHJ tomonidan turkiyalik hamkorlar bilan 25 gektar yer maydonida pomidorning «Lojeyn» navi parvarishlanmoqda. Ushbu nav serhosil, eksportbop, asosan quritilgan holatda va tomat pastasi ishlab chiqarishda juda qoʻl keladi.

Eʼtiborlisi, pomidor koʻchatlari parvarishi yuzasidan bajariladigan agrotexnik tadbirlar innovatsion texnologiyalar asosida amalga oshiriladi. Joriy yilda 2 ming 500 tonnadan ortiq sifatli pomidor mahsuloti yigʻishtirib olinib, uni sanoat asosida qayta ishlagan holda chet davlatlarga eksport chiqariladi. Shuningdek, bu yerda 25 gektarga uzumning Rizamat, Kelinbarmoq, Husayni, Qorakishmish navlari ekilgan boʻlib, 1 ming 250 tonna mahsulot eksportga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Aholining oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, kartoshkaga boʻlgan talabini toʻlaqonli qondirish maqsadida jamiyat tomonidan gʻalladan boʻshagan 20 gektar yer maydoniga Gollandiyadan keltirilgan kartoshka ekilib, ming tonnadan ortiq kartoshkani ichki bozorga chiqarish moʻljallanmoqda.

«Agro Gumush Jomboy» MCHJ qoshida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sifatli tarzda saqlash va eksportga yoʻnaltirish maqsadida 500 tonna sigʻimga ega boʻlgan zamonaviy muzlatgich ishlab turibdi.

Abdulaziz Yoʻldoshev,
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?