Jomboydagi maktablar mavsumga tayyor emas. Yangi oʻquv yiliga sanoqli kunlar qoldi...

11:07 16 Avgust 2019 Jamiyat
91 0

Yangi oʻquv yili boshlanishiga ham oz fursat qoldi. Ayni kunlarda oʻqituvchilar jamoasi taʼtildan qaytib, mashgʻulotlarga tayyorgarlik koʻrishyapti. Xoʻsh, taʼlim muassasalarichi, yangi oʻquv yiliga tayyormi? Shu kabi savollarga oydinlik kiritish maqsadida Jomboy tuman hokimi H.Toʻychiyev sohaga masʼul mutasaddilar bilan birgalikda umumtaʼlim maktablarini koʻzdan kechirdi. Bu haqda “Jomboy tongi” gazetasida xabar berildi.

Tumanda 56 ta maktab faoliyat yuritadi. Ularning barchasida iyun-iyul oylaridan taʼmirlash ishlari boshlangan.

– Aksariyat maktablarimizda joriy taʼmir ishlari yakuniga yetdi, – deydi xalq taʼlimi boʻlimi mudiri vazifasini bajaruvchi Gʻayrat Murodov. – Faqat ayrimlarida ish sustlashgan. Hususan, 46- va 13-maktab binosini taʼmirlash hanuz yakuniga yetkazilmagan.

46-umumtaʼlim maktabi tumandagi yirik maktablar sirasiga kiradi. Joriy yilda muassasa binosining tom qismi, isitish tizimi yangilanishi, shuningdek, yangi hojatxona qurilishi koʻzda tutilgandi. Shartnoma asosida “Integral invest” MCHJ va “Nizomjon Saidrasulov” hususiy firmasi tomonidan amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar oʻz vaqtida bajarilmagan. Oʻrganish jarayonida hojatxona qurilishi davom etayotgani, tom va isitish tizimi ham hali yakuniga yetmagani aniqlandi.

13-umumtaʼlim maktabida ham hojatxona qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, ish shu paytgacha oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Oʻquv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qolganiga qaramay, endigina poydevor qismi qurilibdi.

Bundan tashqari, 6-, 38-, 53-maktablar ham hozircha, mavsumga tayyor emas.

Tuman hokimi H.Toʻychiyev quruvchi tashkilot rahbarlari bilan suhbatlashdi. Ishni jadallashtirish, belgilangan muddatda foydalanishga topshirish masʼuliyati yana bir bor eslatildi. Aks holda, huquqiy oqibat yuzaga kelishi haqda ogohlantirildi. 13-umumtaʼlim maktabi hovlisida saf maydonchasi, 38-umumtaʼlim maktabining ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha tavsiyalar berildi.

2-, 14-, 29-maktabgacha taʼlim muassasalarida ham taʼmirlash ishlari yakunlanmagani aniqlandi. Barcha binolarini mavsumga shay holga keltirish uchun 25-avgustga qadar yakuniy muddat belgilandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?