Joylarda sektorlar rahbarlarining qabullari davom etmoqda

19:07 03 Aprel 2019 Jamiyat
231 0

Davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida ayni paytda mamlakatimizning barcha hududida Prezident Xalq qabulxonalari aholi muammolarini hal qilish uchun davlat boshqaruvi organlari va sektorlar rahbarlarining ommaviy qabullarini tashkil qilmoqda.

Xususan, kuni kecha Fargʻona viloyati ikkinchi sektori rahbari Sadriddin Turdiyev tomonidan Buvayda tumanida ommaviy sayyor qabul tashkil etildi.

Tumandagi 11 ta mahalla fuqarolar yigʻini ushbu sektor hududida boʻlib, hududda 36 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Fuqarolar, davlat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashgan mazkur tadbirda murojaatlar, asosan, ishga joylashish, sogʻliqni saqlash, uy-joy, moddiy yordam, yoʻllarni taʼmirlash, toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, tadbirkorlikni qoʻllab quvvatlash hamda kommunal masalalarga oid boʻldi. Ularning aksariyatiga shu yerning oʻzida yechim topildi.

Masalan, “Yangiqoʻrgʻon” qishlogʻida yashovchi A.Rizayev tadbirkorlik huquqlarini himoya qilish, “Oqtom” qishlogʻida yashovchi I.Axmedov davolatish va nogironlik belgilash, “Shoʻrtepa” qishlogʻida yashovchi E.Raxmatullayev xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyatini tashkil etish, “Bandikushod” qishlogʻida yashovchi R.Usmonova fuqarolik sudining qaroridan norozi ekani, “Ariqboʻyi” qishlogʻida yashovchi U.Sotvoliyev nogironlik aravachasi bilan taʼminlash, “Anhor” qishlogʻida yashovchi O.Tojiboyeva ishga joylashtirish, “Beglar” qishlogʻida yashovchi Sh.Madiyeva mahalla koʻprigini taʼmirlash, “Urganji” qishlogʻida yashovchi Sh.Axmedov maktab oʻquvchilari uchun katta yoʻldan oʻtish joyi tashkil etishda yordam soʻrab murojaat qildilar.

-Bir necha oy davomida buyon turli tashkilotlarga murojaat qildim, lekin ishga joylasha olmadim. Sayyor qabul davomida Buvayda tumanidagi 14-sonli maktabga ishga qabul qilindim,- deydi ”Choʻl” qishlogʻida yashovchi F.Mamarizayeva.

-Zax suvlari koʻtarilib, daraxtlar qurimoqda, devorlar tulamoqda. Bu haqda tegishli idoralarga qilgan murojaatim ijobiy hal etilmayapti, - deya murojaat qildi “Yangihayot” qishlogʻida yashovchi K.Yuldashev.

Fuqaroning murojaati taalluqli idoralar vakillari ishtirokida oʻrganilib, chora-tadbir belgilandi.

Sayyor qabulda shu kabi koʻplab murojaatlar koʻrib chiqilib, aksariyati joyida hal qilindi. Yechimi maʼlum vaqt talab etiladigan murojaatlar boʻyicha tegishli tashkilotlarga koʻrsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?