Jizzaxdagi hududlar yangicha qiyofada (fotojamlanma)

16:26 12 Aprel 2019 Jamiyat
581 0

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning yanvar oyida Jizzax viloyatiga tashrifi chogʻida viloyatdagi barcha tuman va shaharlar markazlarini Mirzachoʻl tumani markazi Gagarin shahri kabi obod va koʻrkam, aholi uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan hududlarga aylantirish vazifasini qoʻygan edi. Oʻtgan ikki oydan ziyodroq vaqt mobaynida bu borada amaliy ishlarga faol kirishilib, viloyat markazi Jizzax shahridan boshlab, tumanlar markazlari hamda chekka hududlarga qadar keng quloch yoydi.

Mamlakatimiz rahbarining tumanlar markazlarini obod qilishga qaratilgan tashabbusini Zarbdor tumani aholisi ham katta xursandchilik bilan qabul qilib, faol qoʻllab-quvvatlamoqda. Uzoq yillar davomida yigʻilib qolgan ogʻir muammolarni bartaraf etish uchun hozirgi kunda koʻplab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Birinchi navbatda, tuman markazining zamonaviy shaharsozlik va arxitektura talablariga javob beradigan bosh loyihasi ishlab chiqildi. Bunda yangi uy-joylar barpo etish, mavjudlarini taʼmirlash, bugungi taraqqiyot darajasiga monand ijtimoiy soha obyektlari, yoʻllar va piyodalar yoʻlaklari, aholiga xizmat koʻrsatish va dam olish maskanlari tarmoqlarini yuzaga keltirish, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash bilan bogʻliq katta hajmdagi qurilish-taʼmirlash ishlariga kirishilgan.

Tuman markazidagi shoh koʻcha – Mustaqillik koʻchasi tom maʼnoda qurilish maydoniga aylangan. Loyiha asosida bu koʻcha kengaytirilmoqda. Yoʻl boʻyidagi oʻz umrini yashab boʻlgan eski turar-joylar, savdo nuqtalari olib tashlanib, yigʻilib qolgan chiqindilar hududda olib chiqib ketilmoqda. Mazkur koʻcha hamda markazdagi koʻp qavatli uylar atrofida hech qanday rejasiz qurib tashlangan qurilmalar bartaraf etilib, hudud toʻliq tozalandi. Yana bir necha oydan keyin Mustaqillik koʻchasining ikki tomonida zamonaviy savdo markazlari, maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari paydo boʻladi.

Shular qatorida koʻcha boʻyida Oʻzbekiston davlat bayrogʻi majmuasi, Xotira maydoni, 3 ta 4 qavatli uy, davlat xizmatlari markazi hamda boshqa bir qator maʼmuriy binolar, bank-moliya muassasalari qad rostlaydi. Hozir mazkur obyektlarda tuproq ishlari yakuniga yetkazilib, poydevor quyish yumushlari davom etmoqda.

“Mustaqillik”, “Tinchlik” va “Oybek” mahallalaridagi 50 dan ziyod koʻpqavatli uylar taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan, deyarli har bir uy atrofida noqonuniy qurilmalarni uchratish mumkin edi. “Obod mahalla” dasturi asosida arxitektura talablariga zid holda qurilgan bunday binolarni bartaraf qilishga zarur ishchi kuchi va texnika vositalari jalb etilgan. Ayni paytda uylar tomi va fasadi yangilanib, deraza romlar almashtirilyapti. Uylarga kirish yoʻlaklarini betonlash, yangi eshiklar oʻrnatish ishlari bajarilmoqda, namunaviy loyihalar boʻyicha tandir va oʻchoqxonalar, bolalar maydonchalari barpo etilmoqda. Uylar orasida yoʻlaklar yotqizish, koʻkalamzorlashtirish ishlari qizgʻin olib borilmoqda.

Hududda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida yangi tarmoqni tortish, mavjud quvurlarni rekonstruksiya qilish, yangi quduqlar barpo etish va mavjudlarini taʼmirlash belgilangan.

Davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida 4 ta maktabgacha taʼlim muassasasi barpo etilishi, tibbiyot birlashmasi, 1-sonli bolalar bogʻchasi kabi bir qator ijtimoiy muassasalar binolari yangi koʻrinishga ega boʻlishi ham aholi uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratadi.

Aholi, ayniqsa, yosh avlod vakillarining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish uchun zarur sharoitlarni yaratib berish ham eʼtibor markazida turibdi. Xususan, bosh rejaga muvofiq, tuman markazidan oʻtuvchi “Jizzax-Qoʻqon” avtomobil yoʻli boʻyidagi eski istirohat bogʻi oʻrnida yangi “Umid” bolalar istirohat bogʻi bunyod etilyapti.

Eski Boʻston aholi maskanida 500 ish oʻrniga ega boʻladigan tikuvchilik korxonasi qurilishi olib borilyapti. Mazkur korxonada asosan shu yerda yashovchi, ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqarolar ish bilan band boʻladi. Tumandagi xotin-qizlar oʻrtasida ishsizlik darajasi eng yuqori boʻlgan “Sharq yulduzi”, “Taraqqiyot”, “Yangikent”, “Oqar” qishloqlarida Mirzachoʻl tajribasi asosida 250 ish oʻrniga ega boʻlgan 4 ta tikuvchilik sexi tashkil etiladi.

Jizzax viloyatning katta salohiyatga ega tumanlaridan biri boʻlgan Zomin bugungi kunda ilgʻor jihatlarni oʻzida mujassam etgan. Biroq, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari talablari nuqtai nazaridan qaraydigan boʻlsak, Zominda kommunal sohani, ayniqsa, zamonaviy ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tarmoqlarini yaratish, ularning benuqson ishlashini taʼminlash birlamchi vazifalardan ekani ayon boʻladi. Ana shundan kelib chiqqan holda bu sohada yuksak texnologiyalarni qoʻllashga keng oʻrin berilmoqda. Turkiya texnologiyasi asosida bir kunda 400 metr kub oqava suvni zararsizlantirish hamda qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalanishga yoʻnaltirishga moʻljallangan suv tozalash inshooti fikrimiz tasdigʻidir. Hozirda qurilishning birinchi bosqich ishlari yakunlangan. “Bioland” suv tozalash inshooti yaxshi samara berishi bilan birga, atrof-muhitga bezarar ekani bilan ham alohida ajralib turadi.

Zomin tumanida aholi uchun qulay muhit yaratish bilan birga, bandlikni taʼminlash, hudud ishlab chiqarish salohiyatini oshirish maqsadida yirik quvvatli zavod va korxonalar tashkil etishga ham katta eʼtibor berilayapti.

Misol uchun, Dashtobod shaharchasida uzoq yillar boʻsh yotgan 40 gektar yerda barpo etilayotgan “Zomin-sement” korxonasi shaharchadagi ilk sanoat korxonasi boʻladi. 136 million 700 ming yevro qiymatidagi mazkur noyob loyihaning amalga oshirilishi 400-chidan 700-chi markagacha boʻlgan yuqori sifatli sement ishlab chiqarish imkonini beradi.

“Laylakuya” qishlogʻida yana bir yirik korxona – “Zomin maxsus plita” zavodi qurilishi jadal olib borilmoqda. Ispaniya bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan mazkur sanoat obyektida uy-joy qurilishi uchun temir-beton mahsulotlari tayyorlanadi. 12 million AQSH dollari qiymatidagi loyiha doirasida Ispaniya va Italiyadan keltirilgan eng zamonaviy texnologik liniyalar ishga tushiriladi.

Dashtobodda yangi quvvatlarni tashkil etish barobarida hudud qiyofasini tubdan oʻzgartirishga qaratilgan ishlarga ham faol kirishilgan.  Oʻtgan asrning boshlarida temir yoʻl bekati va unga yondosh aholi punkti sifatida paydo boʻlgan mazkur aholi punkti yillar oʻtishi bilan shaharcha maqomini olgan boʻlsa-da, yillar davomida bu yerda infratuzilmani yaxshilash, aholi uchun qulay sharoit yaratish borasida sezilarli bir ish qilinmagan. Shaharsozlik talablariga javob bermaydigan bino va inshootlar, toru tang koʻchalar oʻzgarmasdan qolavergan. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uning hayotida yangi sahifa ochib, chin maʼnodagi bahoriy yangilanish, yasharish nafasini olib keldi. Dastlab “Ziyo” deb nomlanuvchi markaziy koʻcha boʻyidagi eski, pastqam uylardan voz kechilib, ularning oʻrnida barcha sharoitlarga ega yangi uylar qad rostladi. Shaharchaga koʻrk bagʻishlayotgan 134 ta uylar kaliti tez kunlarda oʻz egalariga topshiriladi. Barcha sharoitlarga ega bu yangi koʻrkam uylarga tezroq koʻchib kirishni istayotgan uy egalarining quvonchini taʼriflashga soʻz ojiz.

Haqiqatan ham, bu yerdagi obodonchilik ishlari insonlar qalbiga oʻzgacha iliqlik va bahoriy kayfiyat olib kirmoqda. Tartibsiz, eski, suvogʻi koʻchgan 79 ta uy koʻcha boʻyini toʻldirib turgan Qorasoch Otaqulova koʻchasida ham bunyodkorlik ishlari boshlangan. Ixcham, zamonaviy 92 ta uy shu yilning oʻzida qurib bitkaziladi, bundan tashqari zamonaviy bozor, 50 oʻrinli mehmonxona, minimarket, maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari hamda tikuvchilik majmuasi ishga tushiriladi. Uzoq yillardan beri biron bir yangilik nafasini sezmagan aholi bu oʻzgarishlardan nihoyatda mamnun.

Xulosa qiladigan boʻlsak, viloyat tumanlari markazida quruvchilar keng axoli qatlami hamjixatligida katta xajmdagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga bel bogʻlashgan. Maqsad - markazlarni Gagarindan qolishmaydigan koʻrkam va zamoanviy shaharga aylantirish. Demak tez fursatlarda  shaharlarning koʻrinishi tamomila oʻzgaradi. Eng muximi, odamlarning turmush darajasi yuksalishiga, farovonligi oshishiga yana bir muhim qadam qoʻyiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?