Jizzaxdagi bogʻchaga eng zamonaviy stomatologik innovatsiya joriy etildi. U rentgendan ham kuchli

00:47 11 Aprel 2019 Jamiyat
360 0

Maʼlumotlarga koʻra, rivojlangan davlatlar aholisi kasallikka chalinmaslik uchun jon kuydirishi oqibatida tish kariyesi aholining, bor-yoʻgʻi, 30 — 35 foizida uchrashi aniqlangan. Biroq hozirgi paytda Oʻzbekiston aholisining 95 foizida, boshqacha aytganda, deyarli barcha yosh qatlamlarida tish kariyesi uchraydi.

Shunday ekan, tish kariyesi, uning asoratlari hamda milk kasalliklarining oldini olish usullarini bolalar va ularning ota-onalari orasida keng targʻib qilish, ularning stomatologik bilimlari hamda oʻz tishlarini tozalashga boʻlgan ragʻbatini oshirish muhim sanaladi.

Bu borada QLF (Quantitative light fluorescence — miqdoriy nur fluorossensiyasi) texnologiyasiga asoslangan Qscan uskunasi qoʻl kelishi shubhasiz. Chunki u tishlarning tozalik darajasini aniqlovchi qurilma boʻlib, u tishlarga yopishib qolgan, ammo koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan ovqat qoldiqlarini, uning tarkibidagi bakteriyalar ajratayotgan zararli moddalarni aniqlab, uni qizil rangda koʻrsata oladi. Bularni koʻrgan bolalar yoki ularning ota-onalarida tishlarini toʻgʻri tozalashga, tish kasalliklari va ularning asoratlari paydo boʻlmasdan avval stomatologga murojaat qilishga ragʻbat oshib boradi. Zero, sogʻliqni saqlash sohasiga innovatsiyalarni joriy etish orqali aholi salomatligini saqlash va kasalliklarni profilaktika qilish masalasiga bugungi kunda katta eʼtibor qaratilyapti.

Binobarin, Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislari Toshkent Davlat stomatologiya instituti bilan hamkorlikda tishlarning tozalik darajasini aniqlaydigan, kariyesni hatto rentgen tasviri orqali bilib boʻlmaydigan davrida ham aniqlash imkonini beruvchi ushbu texnologiyani Jizzax viloyatining Forish tumanida joylashgan maktabgacha taʼlim muassasalari (MTM)da joriy qilishni boshladi. Bunda MTM tarbiyalanuvchilari hamda ularning ota-onalariga ogʻiz boʻshligʻining gigiyenik qoidalari oʻrgatildi, tishlarni toʻgʻri tozalashda ular tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi, tish kariyesi va uning asoratlari tufayli kelib chiqadigan kasalliklar haqida koʻrgazmali fotosuratlar taqdim etildi hamda kerakli maʼlumotlar berildi. 

Soʻngra joriy qilinishi boshlangan qurilma orqali bolalarning tishlari tekshirib koʻrildi. Ushbu koʻrgazmali dastur yigʻilganlarda katta qiziqish uygʻotish bilan birga, oʻz sogʻligʻiga befarq boʻlmaslikka, ota-onalarning esa oʻz bolalari sogʻlom voyaga yetishi uchun hozirdan harakat qilishiga zamin yaratdi.

Mazkur koʻrgazmali dastur Forish tumanida joylashgan barcha maktabgacha taʼlim muassasasida doimiy ravishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kungacha 2 ta MTM dagi 150 nafardan ortiq bolalar gigiyenik tekshiruvdan oʻtdi.

Baxtinur Xudanov, Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshligʻi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?