Jizzaxdagi avtomobil zavodi nega toʻxtab qolgandi?

16:35 05 Fevral 2019 Jamiyat
1139 0

“Oʻzavtosanoat” AJ raisi oʻrinbosari Aziz Shukurov Jizzaxda qurilishi toʻxtab qolgan “Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive” zavodi borasida berilgan savolga javob qaytardi.

— Jizzaxda “Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive” zavodi qurilishi toʻxtab qoldi. “Oʻzavtosanoat” bu borada umumiy, aniq maʼlumot bermagani sababli har xil xabarlar chiqib ketdi. Baʼzi manbalar hattoki Fransiya tomoni Oʻzbekistonga investitsiya kiritib, foyda koʻrishiga ishonmadi, degan xabarlar ham chiqdi. Aniqroq maʼlumot bera olasizmi?

— Agar koʻrgan boʻlsangiz, “Peugeot Citroen” rasmiy saytida ham bu borada juda qisqa xabar berildi. Biz ulardan koʻproq maʼlumot bergandik. Umuman olganda ikki tomon muzokaralar olib borgan vaqtda shartnoma shartlarining sir saqlanishini, ommaga maʼlum qilmaslikni kelishib olishadi. Shu boisdan ham biz bu holatning iqtisodiy tomonlari haqida maʼlumot bera olmayman.

Bir narsani tushunish kerak. “Peugeot Citroen” juda katta kompaniya, yiliga millionlab avtomobil sotadi. Bunday kompaniyalar Oʻzbekistonga kirib kelishdan oldin mamlakatdagi barcha iqtisodiy holatlar, investitsiya kiritish, sharoitlar bilan tanishib keyin kiradi. Ular boshlab qoʻyib, keyin foyda ola olmasligini oʻylab qoladigan korxona emas. Shuning uchun investitsiya kiritganidan foyda ololmay qolgani uchun toʻxtab qoldi degan gaplar bu professional yondashuv emas.

Hozirda Jizzaxda zavod binosi deyarli bitib boʻlgan. Ammo bino bitgan degani bu oʻzidan oʻzi ishlab ketadi degani emas. Ayni vaqtda “Peugeot Citroen” kompaniyasi bilan muzokaralar davom etmoqda. Yaqin kelajakda bu borada ham masala ijobiy yechim topishi kerak, — deya gapirib oʻtdi Aziz Shukurov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?