Jizzaxda “Yosh yongʻin oʻchiruvchi” va “Oʻzbekiston Respublikasi IX-chempionati” musobaqalarining respublika bosqichiga start berildi

12:18 01 Iyun 2019 Jamiyat
186 0

Respublikamizda umumtaʼlim, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida “Yosh yongʻin oʻchiruvchi” va “Oʻzbekiston Respublikasi chempionati” musobaqalari boshlandi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi FVV YOXBB xabar berdi.

Mazkur musobaqaning birinchi bosqichi joriy yilning 1-15-aprel kunlari tuman-shahar miqyosida har bir umumtaʼlim, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilib, ushbu bosqichda oʻquvchilar orasidan umum jismoniy tayyorgarlik, yaʼni turnikda tortilish, 100 hamda 1000 metrga yugurish turlari boʻyicha eng yaxshi natijalarni koʻrsatganlar aniqlandi. Gʻolib va sovrindorlar diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanib, tuman-shahar terma jamoasi shakllantirildi va ikkinchi, yaʼni viloyat bosqichida ishtirok etish uchun yoʻllanma oldilar.

Musobaqaning ikkinchi bosqichi joriy yilning 1-18-may kunlari nazariy shartga koʻra ishtirokchilarning yongʻin xavfsizligi boʻyicha bilim saviyalari test sinovlari asosida hamda amaliy shartlarga koʻra “100 metrga toʻsiqlar osha yugurish”, “Ishgʻol qilish narvonida oʻquv minorasiga koʻtarilish” hamda “Yongʻin oʻchiruvchilar estafetasi” turlari boʻyicha oʻtkazildi. Albatta ushbu bosqichda ham gʻolib va sovrindorlar medal, diplom va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar hamda viloyat terma jamoasi shakllantirilib, uchinchi bosqichda, yaʼni respublika bosqichida ishtirok etish uchun yoʻllanma oldilar.

Sport musobaqasining respublika bosqichi joriy yilning 30-may kunidan - 2-iyun kuniga qadar Jizzax shahrida oʻtkazilmoqda. 31-may kuni musobaqaning tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.

Musobaqalarning birinchi va ikkinchi bosqichlarida umumtaʼlim maktablari hamda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalaridan jami boʻlib, 200 ming nafardan ortiq oʻquvchilar ishtirok etdilar. Ikkinchi bosqichlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 14 ta oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari, 14 ta umumtaʼlim muassasalari terma jamoalari, shuningdek, 5 ta hududlardan qizlar terma jamoalari, jami 132 nafar oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkaziladigan musobaqaning respublika bosqichida quyidagi turlar boʻyicha gʻoliblar aniqlanadi.

Nazariy shartga koʻra, musobaqa ishtirokchilarining yongʻin xavfsizligi boʻyicha bilim saviyalari test sinovlari orqali aniqlanadigan boʻlsa, musobaqaning amaliy shartida oʻquvchilar yongʻin oʻchirish amaliy sportining “Ishgʻol qilish narvonida oʻquv minorasiga koʻtarilish”, “Yongʻin oʻchirish estafetasi” va “100 metrga toʻsiqlar osha yugurish” turlari boʻyicha oʻtkaziladi.

Barcha gʻoliblar hamda faol ishtirokchilar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadilar. Bu kabi musobaqalar yosh yongʻin oʻchiruvchilarimizni yongʻin oʻchirish vositalarini tezkorlik va chaqqonlik bilan qoʻllab, insonlar hayotini qutqarish, mol-mulklarni asrab qolishga, vatan va xalq oldidagi burchlarini bajarishga, jismonan sogʻlom, chaqqon va chidamli qilib tarbiyalashga xizmat qiladi.

Ayni vaqtda musobaqa ishtirokchilari belgilangan shartlarga koʻra ishgʻol qilish narvonida oʻquv minorasiga koʻtarilish turi boʻyicha oʻzaro bellashmoqdalar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?