Jizzaxda yangi sement zavodi qurilishi boshlandi

17:56 16 May 2019 Jamiyat
743 0

Illyustrativ foto

Jizzax viloyatining Zafarobod tumani Chimqoʻrgʻon qishlogʻi atrofida yana bitta sement mahsulotlari ishlab chiqaruvchi“Xuasin sement Jizzax” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxona qurilishi boshlandi.

Xitoy Xalq Respublikasining “Xuasin sement” kompaniyasi tomonidan barpo etilayotgan korxonaning tamal toshini qoʻyishga bagʻishlangan tantanali marosimda viloyat, tuman hokimlari, ularning oʻrinbosarlari, viloyatdagi boshqarma va tashkilot rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, quruvchilar va xorijlik mehmonlar ishtirok etdi.

Loyiha qiymati 300 million AQSH dollar boʻlgan korxonaning 150 million AQSH dollarlik birinchi bosqichi joriy yilning dekabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.Ushbu loyihaning birinchi bosqichi ishga tushgach 2020 yilda 1 million 200 ming tonna 500 kilogramm/santimetr kvadrat markadagi mustahkam va yuqori sifatli sement ishlab chiqarishga erishiladi.

Soha mutaxassislarining aniqlashlaricha korxonadan bir chaqirimcha uzoqda joylashgan Baliqli togʻ va Koʻtarma togʻ bagʻridan topilgan ohaktosh zaxiralari sement korxonalari uchun 150 yilga yetishi moʻljallangan. Shu sababli, mazkur hududda yangi sement zavodi qurilmoqda.

Loyiha toʻliq quvvatda ishga tushgach 300 dan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?