Jizzaxda “Oltin kuz – 2019” agroturistik festivali boʻlib oʻtmoqda (Foto)

09:31 07 Noyabr 2019 Jamiyat
201 0

Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida yetishtirilgan sarhil mevalar, ulardagi turistik imkoniyatlarini targʻib qilish maqsadida “Oltin kuz-2019” agrofestivali boʻlib oʻtmoqda. FestivaldaToshkent shahri, viloyatlar va qoʻshni respublikalardan jami 16 davlatdan turoperatorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etayotir.

Festivalning dastlabki kuni atoqli davlat arbobi va adib Sharof Rashidov tavalludining 102-yilligi munosabati bilan festival ishtirokchilari atoqli davlat arbobining haykali poyiga gulchambar qoʻyib, ziyorat qilishdi. Sharof Rashidov, Olimjon va Zulfiya muzeylarida boʻldi, shundan soʻng Jizzax shahri bilan tanishishni boshladi.

Festivalning dastlabki kuni ishtirokchilar Jizzax shahrining markaziy koʻchasi boʻylab tuya karvoni hamrohligida, savdogarlar, hunarmandlar, dehqonlar, sayyohlar koʻrinishidagi “Buyuk ipak yoʻli karvoni Jizzax boʻylab” yurishida qatnashishdi. Unda shaharning yoshlari, fuqarolari, mehmonlar ham ishtirok etishdi.

Mazkur karvon yaqinda Jizzax shahrida qayta rekonstruksiya qilinib aholi ixtiyoriga berilgan oʻrda ekologik bogʻigacha davom etdi. Bogʻda viloyatning barcha tuman va qishloqlaridan tashrif buyurgan bobodehqonlar oʻzlari yetishtirgan mahsulotlarining yarmarkasi tashkil etishdi. Yarmarkada viloyatning oʻziga xos va mos yetishtiriladigan mahsulotlarining sirlari, ularni koʻpaytirish usullari ishtirokchilarga atroflicha tushuntirib berildi.

Bogʻda tashkil etilgan koʻrgazmalar va panolar ham viloyatning turistik imkoniyatlari, mahsulotlarni yetishtirish usullarini koʻrsatib turdi.

Shuningdek bogʻda yangi tashkil etilgan amfiteatrda viloyat badiiy jamoalari, folklor - etnografik ansambllarining konsert dasturlari, xalq ogʻzaki ijodi namunalari, udum va anʼanalarining sahnalashtirilgan koʻrinishlari namoyish etildi va bu ishtirokchilar va xorijiy mehmonlarga xush kayfiyat ulashdi.

-Bugungi kunda viloyatda hunarmandlar, ustaxonalar, koʻngilochar va tematik parklari boʻlgan 6 ta turistik namoyish obyektlari, tarixiy va diniy yoʻnalishdagi 42 ta ziyorat turizmi obyektlari, 2 ta yirik tadbirlar oʻtkazish imkoniga ega obyektlar mavjud, - deydi Jizzax viloyat turizmni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Lola Sanayeva.

– Shuningdek, viloyatda ekologik, gastronomik, madaniy-maʼrifiy, arxeologik, sport - sogʻlomlashtirish, sanoat, agroturizm sohalarida ham ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Buning natijasida esa ham mahalliy ham xorijlik turistlarning soni yildan-yilga koʻpayib bormoqda.

Maʼlumot oʻrnida shuni ham aytib oʻtish kerakki, viloyatda bugungi kunda 78 ta mehmonlarni joylashtirish vositalari mavjud boʻlib, ular bir vaqtning oʻzida 1540 nafar mehmon va sayyohlarga xizmat koʻrsata oladi. Ularning 31 tasi 1064 oʻringa moʻljallangan mehmonxonalar, 45 tasi 391 kioʻiga xizmat koʻrsatadigan mehmon uylari, 5 ta sihatgoh, 85 oʻrinli ikkita kempaing va oʻtovlardan iborat.

Viloyatda 5 ta turoperatorlar faoliyat koʻrsatadi. 995 nafar hunarmandlar va 18 folklor ansambllar mavjud. Oʻtgan yili viloyatga 5800 nafar xorijiy sayyohlar tashrif buyurgan boʻlsa, joriy yilning 10 oyida ularning soni 9600 nafarni tashkil etdi.

Davlat rahbarimiz joriy yilning 30-31-yanvar kunlari Jizzax viloyatiga tashrifi jarayonida viloyatda turistik zonalarni tashkil etish topshirigʻini bergan edilar. Shunga koʻra Gʻallaorol tumanidagi Xonimqoʻrgʻon arxeologik yodgorligi yonida “Transaxiana” masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan qiymati 10,4 milliard soʻm boʻlgan turistik zona tashkil etildi. Shu tumanning Baxmalsoy QFY da “Sohibqiron darvozasi” MCHJ tomonidan 1,0 milliard soʻmlik turistik infratuzilma obyektlarini qurish ishlari davom etmoqda.

Festivalning ikkinchi kuni ishtirokchilar Baxmalda olma hashari sayli, uloq-koʻpkari musobaqalari, Zomin milliy tabiat bogʻi, Sharof Rashidov tumanida fermerlar ish tajribasi, Jizzax pazandalik anʼanalari bilan tanishadilar.

“Oltin kuz-2019” respublika agroturistik festivali doirasida viloyatning sportchilar, mohir oshpazlar, olma bogʻbonchiligi bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar, fermerlar, mirishkorlar, hunarmandlar va iqtidorli yoshlar ishtirokida bir qator koʻrik-tanlovlar, koʻrgazmali chiqishlar, milliy liboslar va milliy taomlar koʻrgazmasi, olma va olma mahsulotlari yarmarkasi, folklor jamoalari, ashula va raqs ansambllarining chiqishlari tashkil etiladi.

Tolibjon ERGASHEV,
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?