Jizzaxda “Obod qishloq” dasturi asosida 565 mlrd soʻmlik loyihalar amalga oshirilmoqda

18:33 27 Noyabr 2018 Jamiyat
648 0

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Jizzax viloyatining Mirzachoʻl tumani markazi Gagarin shahrida Bosh Qomusimiz qabul qilingan kunning 26 yilligi munosabati hamda “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlarning sarhisobiga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda viloyatning shahar va tumanlaridan minglab insonlar, qoʻshni respublikalardan mehmonlar ishtirok etishdi.

Viloyatda joriy yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida shahar va tumanlardagi jami 35 ta qishloq va mahalla fuqarolar yigʻinlarida 565 mlrd soʻmdan ortiq mablagʻlar hisobiga 10452 ta yakka tartibdagi aholi uylari va koʻp qavatli uy-joylarni taʼmirlash, 176,6 kilometr ichimlik suvi tarmoqlarini qurish, 305 kilometr elektr tarmoqlarini yangidan tortish, 250 kilometr ichki yoʻllarni taʼmirlash, 100 dan ortiq ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash koʻzda tutilgan.

Faol ijtimoiy siyosatni amalga oshirishni davom ettirish maqsadida yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj qishloq oilalari uchun 656 ta arzon uy-joylarni qurish ishlari boshlanib, yashash uchun barcha qulayliklarga ega boʻlgan xonadonlar bosqichma-bosqich oʻz egalariga topshirilmoqda.

Joriy yilda viloyatda jami 4718 ta yoki oʻtgan yilga nisbatan qariyb 600 taga koʻp uy-joylar qurilib foydalanishga topshirilishi taʼminlanadi. Mazkur uy-joylarning 1568 tasi namunaviy loyihadagi uy-joylar va 3150 tasi aholi tomonidan yakka tartibdagi qurilayotgan uy-joylardir.

Gagarin shahridagi eski barak tipida qurilgan uylarda yashovchi 380 ta oila uchun arzon baholi namunaviy tipdagi barcha qulayliklarga ega boʻlgan uy-joylarga koʻchib kirishdi. Shu kuni shaharning Gʻalaba mahallasida 36 ta, Bogʻbon mahallasida 10 ta oilaga yangi qurib bitkazilgan yangi namunaviy loyihadagi koʻp qavatli uylardagi xonadonlarning kalitlari topshirildi.

Maʼlumki, mamlakatimizda jismoniy imkoniyati cheklangan, nogironligi boʻlgan fuqarolar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda,bu toifadagi shaxslarni imtiyozli uy-joy bilan taʼminlash, oʻz imkoniyati darajasida mehnat qilishiga sharoit yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Gʻalaba mahallasida aynan shu maqsadda ikki qavatli zamonaviy uy qurib bitkazilishi bu ezgu maqsaddagi ishning amaliy ifodasi boʻldi. Bu uyning 19 xonadoniga alohida gʻamxoʻrlikka muhtoj fuqarolar koʻchib kirdi.

- Mirzachoʻl choʻlini oʻzlashtirish vaqtida boshqa tengdoshlarim qatori men ham birinchilardan boʻlib oʻz ixtiyorim bilan shu tumanga kelib qolganman, - deydi Oltmishboy Odilov. – Yillar oʻtdi, mehnat qilishdan charchadim. Oʻzimni oʻylab uy-joy qurmadim, paxta ekdim, dalada mehnat qildim. Bu mehnatim oʻz holiga tashlab qoʻyilmadi. Davlatimiz tomonidan uy-joyim yoʻqligi, yolgʻizligim inobatga olinib yangi uyga koʻchib kirdim, bundan juda ham mamnunman.

Shu kuni Gagarin shahridagi yangi qurilgan muhtasham “Sadaf” toʻy va tantanalar majmuasida kam taʼminlangan oila farzandlaridan 9 nafarining sunnat toʻylari ham boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T. Xudoyberganov ishtirok etdi.

Tolibjon ERGASHЕV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?