Jizzaxda mansabdor katta miqdorda pora bilan qoʻlga tushdi

11:30 04 Oktyabr 2018 Jamiyat
1303 0
Illyustrativ foto

Jizzax viloyat Moliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Sh.K. 1200 AQSH dollari va 4 mln. soʻm pora bilan qoʻlga tushdi. Bu haqda Jizzax viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlari maʼlumotiga tayanib Sangzor nashri xabar tarqatdi.

Jizzax shahrida roʻyxatdan oʻtkazilgan “Dilorom-Shahrizoda” MCHJning Paxtakor tumanidagi “Shodlik” maktabgacha taʼlim muassasasida amalga oshirilgan qurilish ishlari boʻyicha 2018 yil fevral oyida viloyat nazorat taftish boshqarmasi tomonidan tekshiruv oʻtkazilgan.

Tekshiruv natijasida, aniqlangan 36 mln. soʻmlik kamomadni yopib berish evaziga Jizzax viloyat Moliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Sh.K. firma rahbari X.X.dan 1200 AQSH dollari va 4 mln. soʻm pullarni pora sifatida olgan. Bundan tashqari, Sh.K. oʻz hovlisida hammom quraman deb, X.X.dan 1000 dona shlakoblok, 1 tonna sement va 12 dona shifer olgan.

Ammo viloyat Moliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Sh.K. “Dilorom-Shahrizoda” MCHJning kamomadini yopa olmagach olgan pullarini bir qismi 1,5 mln. soʻmni moliya boshqarmasi arxivariusi E.G. orqali X.X.ga 2018 yil sentyabr oyi boshida qaytarayotgan vaqtida viloyat DXX boshqarmasi va viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda jinoyat ustida qoʻlga olindi.

Hozirda, Sh.K.ga nisbatan viloyat prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va qamoqqa olinib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?