Jizzaxda Xalqaro investitsion forum oʻz ishini boshladi

18:32 29 Avgust 2018 Iqtisodiyot
451 0

Bugun Jizzaxda Xalqaro investitsion forum oʻz ishini boshladi. Ushbu tadbir Jizzax viloyatining investitsion salohiyatini namoyon etish hamda ishlab chiqaruvchilarining milliy koʻrgazmasini tashkil etish maqsadida oʻtkazilyapti. Forum Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Jizzax viloyati hokimligi, Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etildi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.

Anjumanda Buyuk Britaniya, Germaniya, Gretsiya, BAA, Isroil, AQSH, Hindiston, Ispaniya, Latviya, Belarus, Xitoy Xalq Respublikasi, Qozogʻiston, Rossiya, Turkiya, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya singari jami 28 mamlakatdan 300ga yaqin ishtirokchilar qatnashmoqda. Shuningdek, unda mamlakatimizdagi chet el diplomatik missiyalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ishtirok etyapti.

Forum doirasida xalqaro ishbilarmonlik doiralari vakillari Jizzax viloyatining ijtimoiy- iqtisodiy rivojlanish darajasi, tadbirkorlik subyektlari va investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar bilan tanishtiriladi. Bu ham xorijlik, ham mahalliy ishbilarmon uchun katta imkoniyatlar taqdim etishi shubhasiz.

Zero, bugungi kunda Jizzax viloyatida 2 ta erkin iqtisodiy zona mavjud. Bular “Jizzax” hamda yaqinda asos solingan “Zomin-farm” erkin iqtisodiy zonalaridir.

“Jizzax” EIZ hududida qurilish materiallari, toʻqimachilik, farmatsevtika, mashinasozlik va boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Hususan, bugungi kunda 16 ta xorijiy tashkilot bu yerda oʻz mahsulotlarini ishlab chiqarmoqda. “Auto Pad Systems”, Juita Gulshana Invest”, “Smart vision” kabi masʼuliyati cheklangan jamiyatlari shular jumlasidandir.

Joriy yilning may oyida “Jizzax” EIZ xududida Xitoy kompaniyasi ishtirokida oyna zavodi qurilishining birinchi bosqichi yakuniga yetkazildi. Bu ishlarga jami 28,9 million AQSH dollari sarflandi. Loyihaning umumiy qiymati 110 million AQSH dollarini tashkil etadi. Zavod faoliyatining toʻliq yoʻlga qoʻyilishi 2019 yilga rejalashtirilgan. Shu tariqa Jizzax oyna zavodi Oʻrta Osiyoda ushbu turdagi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi eng yirik korxonaga aylanadi.

“Zomin-farm” EIZ hududida esa farmatsevtika mahsulotlari, dori vositalari va tibbiy jihozlar ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalari amalga oshirib kelinmoqda.

Qayd etish kerak, Jizzax viloyati geografik jihatdan qulay hududda joylashgan. Bu yerning yana bir oʻziga hos jihati shuki, togʻlar va togʻ yonbagʻirlarida tarkibida temir, oltingugurt, vodorod, radiy, kremniy kislotasi, karbon gazi, ishqorli termo minerallar boʻlgan shifobaxsh suv manbalarining borligidir.

Viloyatda tabiiy resurslarga boy 40 ta yirik kon mavjud. Jumladan, 1 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta rangli metall konlari bor. Hozirgi kunda ulardan respublika va viloyat iqtisodiyoti uchun foydali boʻlgan xom ashyo qazib olinmoqda.

Rivojlanayotgan hududlardan biri sanalgan Jizzax viloyati investitsion loyihalarning eng asosiy nuqtalaridan biriga aylanishi mumkin. Hududning barcha imkoniyatlari 2 kunlik forum doirasida toʻliq namoyon etilishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Jizzax viloyati hokimligi, Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi ishtirokida seminarlar ham tashkil etiladi.

Investitsiya forumi qatnashchilari “B2G” va “B2B” shakllarida tashkil etiladigan kooperatsiya birjalarida ishtirok etishadi. Tadbir doirasida investorlar oʻzlarining faoliyatlaridan kelib chiqqan xolda xorijlik hamkorlar bilan tashkil etilgan viloyatdagi qoʻshma korxonalar hamda mahalliy kompaniyalarga tashrif buyurib, ularning qoʻshma loyihalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Jizzaxning madaniy-tarixiy, turistik va rekreatsion-turistik salohiyati investitsion forum doirasida xorijlik investorlarga koʻrsatib berilishi rejalashtirilgan.

Tadbirning ikkinchi kuni, yaʼni ertaga chet ellik mehmonlar Jizzaxning turistik maskanlari, shu jumladan, noyob qoʻriqxona hududi hisoblangan Zomin milliy xiyobonida boʻlishadi.

Xalqaro investitsion forum yakunlariga koʻra qurilish materiallari, tayyor charm mahsulotlari va poyafzal ishlab chiqarish, uzumchilik va meva-sabzovotni qayta ishlash hamda dori vositalari sohasida Jizzax viloyati hududida bir qator investitsion loyihalarni amalga oshirish boʻyicha xorijiy va mahalliy investorlar bilan hamkorlik borasida kelishuvlar imzolanishi rejalashtirilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?