Jizzaxda II xalqaro investitsiya forumi boʻlib oʻtdi

17:13 29 Avgust 2019 Jamiyat
203 0

29-avgust kuni Jizzax shahrida yangi rekonstruksiya qilingan “Yoshlar innovatsion markazi”da II xalqaro investitsiya forumi boʻlib oʻtdi. Jizzax viloyat hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi investitsiya va tashqi savdo vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston respublikasi Hukumati aʼzolari, xorijiy davlatlarning rasmiy delegatsiyalari, xorijiy davlatlar diplomatik korpuslari, tijorat banklari, xalqaro moliya institutlari vakillari, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Ukraina, Belorussiya, Xitoy, Singapur, Turkiya, Markaziy Osiyo davlatlari, Hindiston, Germaniya, Fransiya kabi 25 ta davlatdan 250 nafardan iborat keng doiradagi xorijiy ishbilarmonlar, investorlar va xalqaro maslahatchilar ishtirok etishdi.

Dastlab forum ishtirokchilariga Jizzax viloyatining imkoniyatlari, tadbirkorlik salohiyati, soliq sohasidagi imtiyozlar, investorlarni qiziqtiradigan loyihalar taqdimoti, turistik yoʻnalishlar, logistika, qurilish, mashinasozlik, dorivor giyohlar yetishtirishdagi imkoniyatlar namoyish etildi. Jizzax viloyati va umuman butun yurtimiz boʻylab amalga oshirilayotgan iqtisodiy oʻzgarishlar va investitsiyalarni jalb qilish sohalaridagi islohotlar bilan tanishtirib chiqildi.

-Men Jizzaxga kelib shunga amin boʻldimki, yurtingiz va ayniqsa viloyatingiz juda katta investis kiritish imkoniyatiga ega hudud ekan, chunki Jizzax Oʻzbekistonning markazida joylashgan, bundan tashqari Tojikiston va Qozogʻiston mamlakatlariga juda yaqin, - deydi forumda soʻz olgan Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Aleksey Gudzev. – Shuningdek, Xitoy va Yevropa oʻrtasidagi avtomobil va temir yoʻl aloqalari Jizzax viloyatidan oʻtadi, bu esa iqtisodiy jihatda muhim ustunlikdir.

Xalqaro forumda investorlarga qulay investitsiya muhiti bilan birga istiqbolda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. 40 megavatt quvvatga ega maʼlumotlar bazasi saqlanadigan datatsentr, 14 ming tonnaga moʻljallangan 14 ta sovutish uskunalari tarmogʻi shular jumlasidandir.

Shuningdek forum doirasida dunyoning yirik xalqaro konsalting kompaniyasi “Ernst&Young”ning Jizzax viloyatini mintaqaviy rivojlantirish konsepsiyasi, Rossiyaning yetakchi kompaniyasi “NEO Sentr” OAJ ning Jizzaxni agrosanoat kompleksini rivojlantirish, “Rostex” korporatsiyasining “Vega” OAJ ti viloyatda innovatsion klinik diagnostika laboratoriyalarini yaratish loyihalari taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.

Forum doirasida V2V, G2B shaklidagi hamkorlik uchrashuvlari, press-konferensiya hamda tuzilgan memorandumlarga imzo chekish tadbirlari ham boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilar va mehmonlar uchun tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqilgan mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil etildi va milliy konsert dasturi namoyish etildi.

Tolibjon ERGASHEV,

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?