Jizzaxda goʻshtning narxi nega oshmoqda?

10:43 18 Sentyabr 2019 Jamiyat
202 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, inson bir yilda oʻrtacha 55 kilogramm goʻsht isteʼmol qilishi kerak. Agar oilada toʻrt-besh nafar odam yashashini hisobga olsak, unda 220-275 kilogramm goʻsht zarur boʻladi.

Albatta, oilaning moddiy imkoniyatlari yetarli boʻlsagina, buncha goʻshtni sotib olishi mumkin. Bolajon xalqmiz. Aksariyat oilalarimizda besh va undan ortiq odam istiqomat qiladi. Tabiiyki mazkur xonadonlarda goʻsht isteʼmoli miqdori yana oshadi. Bu oila byudjetiga ham katta taʼsir koʻrsatadi.

Soʻnggi vaqtlarda bozor rastalari va doʻkonlarda goʻsht narxining keskin oshib borayotganidan koʻplab fuqarolarimiz tashvishga tushishmoqda. Bundan bir-bir yarim oy muqaddam uning narxi 40 ming soʻm boʻlgan boʻlsa, ayni paytda har kilosi 50-52 ming soʻmdan sotilmoqda. Xoʻsh, bunga sabab nima? Nega goʻsht qimmatlashib borayotir?

Boʻrdoqi semirtirishning mavsumi bor

— Har yili yoz oylarida bozor-larda goʻsht narxining oshishi tabiiy jarayon, — deydi viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasining chorvachilik va pillachilik ozuqa bazasini rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Nurpoʻlat Toʻraboyev. — Aynan bu vaqtda narx-navoning koʻtarilishida goʻsht yetishtirish omillari muhim sabab hisoblanadi. Asosiy manbalar boʻrdo-qichilik majmualari va aholi boquvidagi qoramoldir.

Boʻrdoqi semirtirishning mavsumi bor. Qishloqlarda yashayotgan aholi yozda dehqonchilik bilan mashgʻul boʻladi. Ularning molni boʻrdoqiga boqishga vaqti boʻlmaydi. Shuningdek, erta bahordan aholi qoramollarini dalaga haydab, ularni ochiq maydonlarda tayyor xashak bilan boqishni afzal koʻradi. Endi oʻzingiz oʻylab koʻring. Dalada arqondagi mol yuz kunda goʻshtga tayyor boʻlsa, uy sharoitida ogʻilxonada boylab boqilgan mol uning yarmida, koʻpi bilan ellik kunda semiradi. Bu tabiiy jarayon oʻz-oʻzidan sotuvda goʻshtning kamayishiga olib keladi.

Kuz oxirlarida aholi mollarini daladan qaytarib, uyda boqish orqali tirikchilik qiladi. Bu esa bozorlarda semiz, sifatli goʻshtning koʻpayishiga olib keladi.

Ayni kunlarda Jizzax shahar markaziy dehqon bozori (Koʻkbozor)da lahm goʻshtning kilosi 62 ming soʻm, xaridorlar koʻproq savdo qiladigan “suyakli” goʻshtlar 50-52 ming soʻmdan sotilayapti. Toʻgʻri, qishloq bilan shahar oʻrtasida goʻshtning narxida ozroq tafovut boʻladi. Yuqorida taʼkidlab oʻtganimizday, qishloqdagilar erta bahordan kech kuzgacha tomorqalarida ekintikin bilan ovora boʻlishadi. Lekin ular roʻzgʻorlariga yetarli miqdorda qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qishga zaxiraga saqlab qoʻyishadi. Shuningdek, hovlilarida tovuq, gʻoz, kurka kabi xonaki parrandalarni boqib, goʻshtini xohlagan paytdaisteʼmol qilishlari mumkin.

Shu sababdan bozordagi goʻshtga ehtiyoj-lari kam. Shaharda esa aksariyat aholining parranda boqish, tomorqada sabzavotlarni yetishtirib, zaxira qilish imkoniyati yoʻqligi uchun koʻproq mahsulotlar bozordan xarid qilinib olinadi. Qishloqdagi oila bozordan bir oyda bir kilogram goʻsht xarid qilsa, shaharliklar toʻrt-besh kilogramm goʻsht sotib oladi.

— Maosh, nafaqalar oshgani sayin oziq-ovqatlarning ham narxi birdaniga koʻtarilishi hech kimga sir boʻlmay qoldi, — deya oʻz fikrini bildiradi Jizzax shahrida yashovchi nafaqaxoʻr Barno Karimo-va. — Ayniqsa, pensiya pulini qoʻlga olmasimizdan bozor va doʻkonlarda narx-navo allaqachon oshgan boʻladi. Oʻgʻlim qurilishda ishlaydi. Oʻzim nafaqadaman. Oilada 7 jonmiz, 4 nafar nevaram bor. Ikkimizning maosh va nafaqamiz yeb-ichishimizga bazoʻr yetadi. Shu bois ham doimo roʻzgʻorimizda goʻsht boʻlavermaydi. Shunday paytda nevaralarimga achinib ketaman. Hozir biroz nimjon, kamquvvat boʻlib ulgʻayishmoqda. Balki bu ularning goʻshtni kam miqdorda isteʼmol qilishidandir.

Bir kilogramm goʻsht katta oilaga ikki yoki uch marotaba ovqat qilishga yetarli boʻladi. Oyda bir marta goʻsht sotib ololmaydigan xonadonlar ham yoʻq emas. Goʻsht narxi nisbatan arzon qilib qoʻyilsa, farzandlarimiz ham sogʻlom voyaga yetardi.

Mol boqish oson emas

Ilgari nafaqat qishloqlarda, shaharlarda ham xonadon egalari qoramol, qoʻy boqib, chorva bilan shugʻullanishgan. Shuning uchun ham goʻsht serob, narxi ham baland boʻlmagandir. Koʻpchilik oilalarda goʻsht muammo emasdi. Imkon qadar, qozon “qaynab” turgan. Zominda Pshagʻarlik qassob Rahmon bobo Botirovning kuniga 1,5 tonnalab goʻsht sotganini hali-hamon eslashadi.

Boʻrdoqichilikda ozuqaning oʻrni gʻoyatda katta. Mutaxassislarning aytishicha, bir kilogramm goʻsht narxining qariyb 65 foizini yem xarajatlari tashkil etarkan. Biroq keyingi yillarda shrot, omuxta yem mahsulotlarining narxlari kun sayin oshib bormoqda. Hattoki oʻtgan yili xashakning ham narxi “osmonga” chiqib ketdi. Agar mav-jud chorva mollarining asosiy qismi aholi va dehqon xoʻjaliklari tasarrufidaekanligini inobatga olsak, bitta boʻrdoqi boqish xonadon byudjetidan ancha-muncha xarajat talab qilishi oydinlashadi.

Gʻallaorollik tadbirkor Baxtiyor Ummatovning fikriga koʻra, bir yoshga toʻlgan ozgʻin buqani boʻrdoqiga boqish uchun kamida 3 oylik mehnat talab etiladi. Bunda har kuni unga oʻrtacha 9 kilogramm yem, yaʼni 3 kilo shrot, 2 kilo kepak, 3 kilo sheluxa va 1 kilo maydalangan makkajoʻxori yoki bugʻdoy aralashmasi berilarkan. Bundan tashqari, kuniga qoʻshimcha 7-8 kilogramm atrofida dagʻal-xashak berib borish kerak. Hozirgi kunda bozorda bir bogʻ presslangan beda 12-15 ming, somon 6-8 ming, omuxta yemning kilosi 2700-2800 soʻm ekani hisobga olinsa, qoramol boqishning xarajatlari qanchaga tushishini hisoblab chiqish qiyin emas. Albatta, bu narxlar ayrim joyda bir-biridan farq qilishi mumkin.

Goʻshtning narxi yemxashak bahosi bilan bogʻliq ekanligi maʼlum, ammo masalaning yana bir tomoni bor. Mamlakatimizda har yili million tonnalab paxta va gʻalla yetishtiriladi. Ammo chorva ozuqasi ishlab chiqarish va aholiga yetkazib berish muammoligicha qolayotir. Buning sababi nimada?

Viloyatdagi yem mahsulotlari yetkazib beruvchi korxonalarning faoliyatlari oʻrganilganda, ular yem-ozuqaga boʻlgan talabning bor-yoʻgʻi 15-20 foizinigina qondirishi oydinlashdi.

Bu ham tegishli jadval asosida belgilangan isteʼmolchilarga sotilar ekan. Aholining qariyb 80-85 foizi yemni olib-sotarlar qoʻlidan olishga majbur. Bir paytlari xalqimizni arzon yem mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida tashkil qilingan omuxta yem tashkilotlari “izsiz” yoʻqoldi.

Xullas, goʻsht narxining oshishiga koʻplab omillar taʼsir qilmoqda. Mazkur masalalarning yechimini topmasdan narx-navoni maʼmuriy yoʻl bilan cheklash amaliyoti samara bermasligini esa hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi.

Shu oʻrinda yana bir mulohazamiz bor. Xalqimizni goʻshtga boʻlgan ehtiyojini qondirishda faqat chorva goʻshtiga tayanib qolinmasligi kerak. Yer va suv resurslari, yaylovlar cheklangan sharoitda qoramolchilik nisbatan katta xarajat talab etishidan koʻz yumib boʻlmaydi. Shuning uchun sohada noanʼanaviy yoʻnalishlarni rivojlantirish orqali mahsulotlar turini koʻpaytirish, tannarxini arzonlashtirish mumkin. Bunda kurkachilik, quyonchilik, oʻrdak va gʻozchilik, baliqchilik kabi tarmoqlar va boshqa qoʻshimcha imkoniyatlardan foydalanib oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan, goʻshtning narxi aholiga maqbul darajada boʻlishiga erishish darkor.

Echkiga jon qaygʻusi...

Goʻshtnarxining qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, qassoblar hech qachon ziyoniga ishlamasligi aniq. Hamisha qoʻl haqini ziyodi bilan olib kelgan. Ayniqsa, boʻrdoqi mollar koʻpaygan paytlari ularning pichoqlari yana moy ustida boʻladi. Xoʻsh, bitta boʻrdoqini soʻyish uchun qassob qancha haq oladi?

Mol egasining qayta-qayta iltimos qilishlari va yalinishlaridan soʻng qassob nihoyat bir kunni belgilaydi. Soʻyishgamas, boʻrdoqining holatini borib koʻrib kelishga. Axir boquvdagi mol oriqmi, semizmi, qatʼiy nazar qassobning didiga toʻgʻri kelishi shart. U uzoq kutishlardan soʻng mol soʻyishga keladi. Teri, goʻshtning jigar, dumgʻaza (3-4 kilogramm atrofida) qismlari qassobning haqi (yana kim bilsin) boʻladi. Shuningdek, avval kelishilganidek goʻshtni bozordagidan 2-3 ming soʻm arzoniga oladi. Ajablanarlisi, goʻsht qimmatligi bois turib qolarmish, vazni yoʻqolarmish... Xullas, boshqa mayda xarajatlar (transport, tarozi) hammasi molning egasi hisobidan boʻladi. Qassob insofli boʻlsa, 2-3 haftadan soʻng egasi undan goʻsht pulini olishi mumkin. Bungacha baʼzi “azamat”lar bu mablagʻni yana bir-ikki marta bozorda aylantirishga ham ulguradi. Endi qassobning haqi qancha boʻlishini oʻzingiz hisob-kitob qilishingiz mumkin.

Goʻsht narxining oshishida qassoblarning ham ozmi-koʻpmi hissasi bor. Xullas, xalqimizning “Ech-kiga jon qaygʻusi, qassobga moy...” degan naqli bekorga aytilmagan.

Chorva rivojiga nimalar toʻsiq?

Joriy yilning 1-iyul holatiga koʻra, viloyatimizda barcha toifadagi xoʻjaliklar boʻyicha 873 ming 133 bosh yirik shoxli qoramol,2 million 110 ming 941 bosh qoʻy va echkilar parvarishlanmoqda. Bu statistik raqam. Unda mavjud chorvaning asosiy qismi shaxsiy yordamchi xoʻjaliklar hisobida ekanligi ayrim savollarni tugʻdiradi. Zero, aholi ixtiyoridagi chorva bosh sonini hech kim birmabir sanab chiqqan emas.

Vohamizda chorvachilikni rivojlantirish salohiyati yuqori. Buning uchun yetarli shart-sharoit, aholida esa kerakli koʻnikma va tajriba bor. Gap imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanish, sohaga yuqori darajada xizmat koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyish, yem va ozuqa taʼminoti barqarorligi, tannarxining arzonligiga erishishda, xolos.

Biz “haybarakallachilik”, “aldash” qusurlaridan haligacha qutulolmayapmiz. Tepadan kimdir “goʻsht narxini tushirish kerak” desa, darrov qassoblarning yoqasidan olamiz. Ular ham vaziyatdan qutulish bahonasida noiloj qolgach, yolgʻondakam boʻlsada, “goʻsht narxi..... soʻm” deb yozib qoʻyadi. Biroq xaridorga bu narxdan 20-30 foiz qimmatiga sotaveradi. Oqibatda sotuvchi va xaridor oʻrtasida norozilik kayfiyati paydo boʻlib, ortiqcha gap-soʻz koʻpayadi. Aslida bozor iqtisodiyotida narx-navo talab va taklif asosida shakllanadi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, goʻsht narxining uzluksiz yuqorilab borayotganiga asosiy sabab, ozuqa-yem mahsulotlari tannarxining yuqoriligi, realizatsiya qilishda “vositachi”larning koʻpligi, ozuqa yetishtirish uchun yer maydonlarining kam ajratilganligi, joylarda chorvachilik mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash korxonalarining yetarlicha rivojlanmaganligi, chorvaning asosiy qis-mi qoʻlida boʻlgan aholiga boʻrdoqichilik uchun sharoit yaratilmaganidir. Ushbu muammolarga barham bermas ekanmiz, chorvachilikda ijobiy natijaga erishib ham, goʻshtning narxini pasaytirib ham boʻlmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-martdagi “Chorvachilik tarmogʻini yanada rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori hamda shu yil 28-martdagi “Veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ana shu muammolarni hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi. Ushbu hujjatlarda chorvachilik bilan shugʻullanuvchi aholi va tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, yem-xashak yetishtirish uchun ekin maydonlarini doimiy yoki uzoq muddatga ijaraga berish, imtiyozli kreditlar ajratish, naslchilik ishlarini rivojlantirish, xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, sohaga ilmiy yondashuvni keng joriy etish va boshqa qator chora-tadbirlarning amalga oshirilishi belgilangan.

Ayni paytda viloyatimizda qabul qilingan dastur asosida 2019-2020-yillarda 24 ta boʻrdoqichilik majmualari qurish ishlari belgilangan. Shundan 7 tasi joriy yilda ishga tushirilishi kerak. Hozir 250-300 boshga moʻljallangan bunday majmualar Paxtakor, Zarbdor va Yangiobod tumanlarida qurilmoqda. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi ekinlarini almashlab ekish hisobiga beda maydonlarini kengaytirish koʻzda tutilgan. Bularning barchasi goʻsht narxining arzonlashishiga xizmat qiladi.

Abdushukur LAPASOV


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?