Jizzaxda bir qizning oʻlimiga sabab boʻlgan attraksion toʻliq bitmagan holda olib kelib oʻrnatilgan — Davlat qoʻmitasi

14:12 22 Avgust 2019 Jamiyat
81 0

Arxiv foto

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Istirohat bogʻlarida attraksion qurishda xavfsizlik choralari: muammo va yechimlar” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi mutasaddilari madaniyat va istirohat bogʻlarida attraksionlarni oʻrnatish tartib-qoidalari, investorlar va mahalliy tadbirkorlar uchun attraksionlarni import qilishda ishlab chiqilgan texnik reglament haqida maʼlumot berdi.

Maʼlum qilinishicha, 16 ta ishchi guruh tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar hududlarida mavjud 129 ta madaniyat va istirohat bogʻlari hamda aholi dam olish maskanlaridagi jami 1845 ta attraksion xavfsizlik talablariga toʻgʻri kelishi aniqlangan.

“Oʻrganishlar natijasida 450 ta attraksion nosozligi sabab vaqtincha toʻxtatildi, — dedi qoʻmita raisi Baxtiyor Gʻulomov. — Istirohat bogʻlarida attraksionlarni soz holatda va bexatar ishlatilishi boʻyicha javobgar shaxslar aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmay ishlatishda davom etsa, maʼmuriy javobgarlikka tortiladi”.

Muloqot davomida attraksionlar mamlakatimizga asosan Xitoy davlatidan olib kelinishi, oʻzimizda ham buyurtma asosida yasalishi aytib oʻtildi.

Jurnalistlar Jizzaxda istirohat bogʻidagi fojiali voqea uchun kim javobgar ekani haqida savol berdi.

“Jizzaxdagi baxtsiz hodisa uchun attraksionni sotib olgan tadbirkor va bogʻ maʼmuriyati javobgar, — dedi Baxtiyor Gʻulomov. — Aniqlanishicha, tadbirkor ushbu attraksionni Oʻzbekistonda buyurtma asosida yasattirgan. Tadbirkor hali toʻliq bitmagan attraksionni oʻzim tugatvolaman, deb olib ketgan. Va alaloqibat guvohi boʻlganimizdek, baxtsiz hodisa kelib chiqishiga sababchi boʻlgan”.

Mutasaddilar har bir madaniyat va istirohat bogʻida birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun tibbiyot punklarida shifokor va hamshira boʻlishi shart etib belgilanganini bildirdi. Oʻrganishlar davomida 854 ta attraksionda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyati mavjud emasligi, 695 ta attraksionda javobgar shaxs tayinlanmagani aniqlangan.

Respublikamizdagi attraksionlarning 1292 tasida texnik pasport mavjud emasligi qayd etildi. 928 ta attraksionda ishlatish va oʻrnatish boʻyicha yoʻriqnomalar mavjud emas.

“Bugungi kunda investor va mahalliy tadbirkorlar aholining talablari va qiziqishlaridan kelib chiqib, baland va tezligi yuqori boʻlgan attraksionlarni koʻp miqdorda olib kirib oʻrnatishmoqda, — dedi Baxtiyor Gʻulomov. — Bunday attraksionlarda uchishda fuqaro yoki oʻsmir bolaning ruhiy-jismoniy oʻzgarishlariga, noxush holatlarga faqatgina ularning oʻzlari javobgar boʻlishadi. Chunki inson oʻzining salomatligi va jismoniy holati nimani koʻtara olishi va qanday tezlikka bardosh bera olishini oʻzi biladi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?