Jizzaxda 1,6 tonnadan ortiq goʻsht toʻxtatib qolindi. U qoramol, qoʻy va echkiga tegishli emas, degan xulosaga kelindi

17:04 17 Iyun 2020 Jamiyat
5643 0

Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanidagi “Sangzor-15” YPX maskanida viloyat IIB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi xodimlari «Kia bongo» rusumli yuk mashinasini toʻxtatib tekshirganlarida, hech qanday hujjatlarsiz 1 ming 679 kilogramm goʻsht olib ketilayotganini aniqladilar. Bu haqda “Postda” manbasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, surishtiruv davomida Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida yashovchi, 1988-yilda tugʻilgan haydovchi J.V. goʻshtni Toshkent shahrida notanish shaxslar qabul qilib olishini, lekin mahsulotning nima maqsadda ishlatilishini bilmasligini maʼlum qildi.

Eʼtiborlisi, qop va polietilen paketlarga joylangan qoʻlansa hidli goʻsht tarkibidan birorta ham suyak topilmadi. Bu holat etning qaysi hayvonga mansubligini aniqlashni qiyinlashtiradi. Ammo mahsulot qoramol, qoʻy va echkiga tegishli emas, degan xulosaga kelingan.

Ayni vaqtda goʻsht mahsuloti Jizzax shahridagi muzxonada saqlanmoqda. Mutaxassislar mahsulotning sifatini aniqlash, xususan, kasallik uygʻotuvchi omillar bor-yoʻqligi nuqtayi nazaridan tahlildan oʻtkazishyapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?