Jizzax viloyatida choy va choy mahsulotlari yetishtirilishi mumkin

15:25 05 Sentyabr 2018 Jamiyat
362 0

Jizzaxda yakunlangan Xalqaro investitsion forumda Oʻzbekistonning qator ishlab chiqarish kompaniyalari xorijiy kompaniyalar bilan shartnomalar imzoladi. Bu haqda Davlat investitsiya qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, “Oʻzcharmsanoat“ uyushmasi forum doirasida 5 ta investitsion bitim imzoladi. Uyushma Turkiyaning “Mader Deri San. Ve Tic.“ kompaniyasi bilan tayyor charmni qayta ishlash, sumka, charm va boshqa materiallardan aksessuarlar ishlab chiqarish, junni qayta ishlash boʻyicha “NPP “Paxtamash KV“ OAJ bilan, dorivor preparatlarni ishlab chiqarish boʻyicha Hindistonning “Infinity Group“ kompaniyasi bilan kelish oldi.

Ayni chogʻda yurtimiz viloyatlarida gazobeton ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha 3 ta chet el kompaniyasi (Hindistonning “Agio Group“, Turkiyaning “Ercanlar Matbaacilik Ambalaj Sanayi ve Ticaret Limited Şirketi” va Germaniyaning “Wehrhahn GMBH“) bilan sarmoyaviy bitim imzolandi.

“Oʻzkimyosanoat“ AK va Koreyaning “LG International“ kompaniyasi oʻrtasida oziq-ovqat mahsulotlari va sanoat mahsulotlarini qadoqlashda foydalaniladigan polipropilen plyonkalarni ishlab chiqarish, attorlik va maishiy kimyo tovarlari, tamaki mahsulotlarini ishlab chiqishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha hamkorlik shartnomasi imzolandi

Ijtimoiy himoya va Jizzax shahri hamda Jizzax viloyati mahalliy aholisi salomatligini muhofaza qilish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Germaniyaning “VAMs GmbH“ kompaniyasi oʻrtasida forumning shoʻʼba majlisi davomida aholiga nefrologik va gemodializ yordam koʻrsatish sohasida investitsion loyihani amalga oshirish boʻyicha bitim imzolandi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan “Beijing Jiufang Grang Move Transportation Equipment Co.Ltd“ bilan infratuzilma loyihalari sohasida bitim hamda Germaniya-Xitoy uyushmasi (DSKD) bilan sanʼat va dizayn sohasida madaniy almashinuv boʻyicha bitim imzolandi.

Shuningdek, Jizzax shahri hokimligi va Xitoy kompaniyasi hamda DSKD oʻrtasida transport xizmati va mehmonxona qurilishi sohasida loyihalarni amalga oshirish boʻyicha dastlabki kelishuv hujjati imzolandi.

Jizzax viloyatining tuman hokimliklari va Xitoyning “Heangshui Decheng Machinery and Equipment Co. Ltd” kompaniyasi oʻrtasida gʻisht va sement zavodlari, bazalt ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, meva-sabzavotlar yetishtirish boʻyicha issiqxonalar va parranda fabrikalarini yaratishga yoʻnaltirilgan 6 ta investitsion bitimlar imzolandi.

“Zomin-farm“ EIZ va xitoy hamda Janubiy Koreya kompaniyalari bilan 2 ta bitim imzolangan. Xitoyning “Heangshui Decheng Machinery and Equipment Co. Ltd” kompaniyasi bilan toʻliq siklli kimyo-farmatsevtika fabrikasi qurilishini amalga oshirish boʻyicha kelishuv imzolangan.

Janubiy Koreya kompaniyasi bilan rentgen uskunalarini ishlab chiqarish boʻyicha korxonani yoʻlga qoʻyish bitimi imzolangan.

Jizzax viloyatining Rashidov va Yangiobod tumanlari hokimliklari Koreya Respublikasining “Special trading group corp“ kompaniyalari bilan issiqxona tizimlari ishlab chiqaruvchi korxonani yoʻlga qoʻyishga qaratilgan investitsion bitim va sut mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha hamkorlik memorandumini imzoladi.

Forum doirasida tashkillashtirilgan “B2G“ “B2B“ shaklidagi muzokaralar davomida quyidagi kelishuvlarga erishilgan:

- Chexiyaning “BIZNES CZ“ S.R.O kompaniyasi bilan sement ishlab chiqarish zavodini qurish boʻyicha kelishuv imzolangan.

- Belarusning “Belalek Grupp“ kompaniyasi va “Zomin Pharm“ OAJ bilan viruslarga qarshi yangi dori preparatlarini ishlab chiqish markazini tashkil etish boʻyicha Bosh bitim imzolangan.

- Isroilning “VP Agriculture Projects LTD“ kompaniyasi Jizzax viloyatining Yangiobod tumanida tashkil etilishi koʻzda tutilgan zamonaviy issiqxona majmuasi doirasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashadi.

- Jizzax viloyatining Rashidov tumanida Tojikistonning “Prommontaj“ kompaniyasi bilan hamkorlikda beton va asfalt ishlab chiqarish boʻyicha shartnoma imzolangan.

- Turkiyaning S.S. Bademli Fidancilik Tarimsal Kalkinma Kooperatifi qishloq xoʻjaligi kooperativi va Jizzax viloyati Baxmal tumani hokimiyati oʻrtasida virusdan xoli boʻlgan mevalar va uzum koʻchatlari yetishtirish boʻyicha niholxona tashkil etish boʻyicha memorandum imzolangan.

- Xitoyning choy ishlab chiqarish boʻyicha ilmiy-ishlab chiqarish markazi bilan choy va choy mahsulotlarini yetishtirishni tashkil qilish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolangan.

Jizzax viloyati hokimi forumdagi oʻz chiqishida davomida 2018-2019 yillarda Jizzax viloyatida chet el investitsiyalari ishtirokida umumiy miqdori 1 milliard AQSH dollariga teng 25 ta regional va 14 ta sohalarga oid loyihalar amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?