Jizzax viloyati tumanlariga Zarafshon daryosidan suv olib kelinadi

13:59 31 Yanvar 2019 Siyosat
709 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati.

Jizzax shahrida viloyat faollari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Inson manfaatlari — hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida xalqimiz hayotini yaxshilash, hududlarni obod qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni qayd etdi.

Xususan, oʻtgan yili mart oyidagi tashrif doirasida ishlab chiqilgan dasturga asosan, Jizzax viloyatida 107 ta yirik va oʻrta investitsiya loyihalari boʻyicha yangi obyektlar ishga tushirilgan.

— Bugungi kundagi eng muhim vazifa investitsiya va texnologiyalar olib kelib, yangi korxonalar tashkil etish, odamlarni ish bilan taʼminlash, turmush sharoitlarini yaxshilash, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu maqsadda 2019-2020 yillarda viloyatda umumiy qiymati 21 trillion 956 milliard soʻmlik boʻlgan 586 ta investitsiya loyihasi dasturi ishlab chiqilgani, buning natijasida 22 ming 300 dan ziyod ish oʻrinlarini yaratish rejalashtirilgani maʼlum qilindi. Forish tumanida bazalt tolasi va shamol energiyasi qurilmalari, Doʻstlik tumanida quyosh panellari, Zomin tumanida dori vositalari, Jizzax shahrida bezakli hamda yupqa oyna ishlab chiqarish loyihalari ana shular jumlasidandir.

Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, pillachilik tarmoqlariga mos mavjud imkoniyatlarni yuzaga chiqarish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Aholining maishiy sharoitlarini, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

— Mirzachoʻlda qilingan ishlar yaxshi tajriba, namuna boʻldi. Endi Jizzax viloyatining har bir tumani markazini shu tarzda obod qilish, zarur qurilish-taʼmirlash ishlarini shu yilning oʻzida yakunlash kerak, — dedi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, joriy yilda Jizzax shahrida 15 ta koʻp qavatli arzon uy, tumanlarda 932 ta turarjoy qurish vazifasi qoʻyildi. Zarafshon daryosidan suv olib kelish uchun magistral quvur va nasos stansiyasi qurishni davom ettirish, 264 kilometr suv tarmogʻini qurish hamda taʼmirlash boʻyicha topshiriq berildi. Bu ishlar natijasida Zarbdor, Baxmal, Paxtakor, Mirzachoʻl, Doʻstlik, Gʻallaorol, Sharof Rashidov tumanlaridagi aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlanishi, ularning turmush tarzi, salomatligi yaxshilanishi taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?