Jizzax viloyati hokimining hisoboti eshitildi

15:37 21 Oktyabr 2020 Siyosat
174 0

Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisida Jizzax viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish haqidagi hisoboti eshitildi.

Unda Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi tomonidan viloyatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni kompleks ravishda oʻrganish yakunlari ham batafsil muhokama etildi.

Viloyatni rivojlantirish va bu jarayonda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari salohiyatidan foydalanish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.

Xususan, viloyatda 2020-yilning yanvar-iyun oylarida ishlab chiqarilgan yalpi hududiy mahsulot (YAHM) hajmi 6 trln. 989 mlrd. soʻmni, oʻsish surʼati oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 102,0 foizni tashkil etgan.

Xalq deputatlari viloyat Kengashining 2019-yil 23-dekabrdagi qaroriga asosan 2020-yil uchun mahalliy byudjet daromadlar rejasi 1 trln. 51 mlrd. soʻm etib belgilangan boʻlib, joriy yilning I yarim yilligi uchun belgilangan reja 125 foizga (436,7 mlrd. soʻmga) bajarilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-31-yanvar kunlari Jizzax viloyatiga tashrifi boʻyicha tasdiqlangan dastur doirasida umumiy qiymati 3,0 trln. soʻm boʻlgan 510 ta loyiha ishga tushirilgan va 8 ming 342 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.

2020-yil yanvar-iyun oylarida 42 ta mahalliylashtirish loyihasi doirasida 235,6 mlrd. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, belgilangan prognoz koʻrsatkichi 2,1 barobarga bajarilgan va 2 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan.

Joriy yilda eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida 5 ta davlat, Avstriya, Vyetnam, Moldova, Mongoliya, Niderlandiyaga mahsulotlar ilk marotaba eksport qilingan.

Bundan tashqari, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha viloyatda 2019-yilda jami 898,8 ming tonnaga yaqin meva-sabzavot, poliz, kartoshka, uzum mahsulotlari yetishtirilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkichni 1 mln. 114,9 ming tonnadan oshirish yoki oʻtgan yilga nisbatan 216,2 ming tonna (124%) koʻp mahsulot yetishtirish kutilmoqda.

2020-yilning oʻtgan davri mobaynida investitsiya dasturi boʻyicha 137,1 mlrd. soʻm byudjet mablagʻlari hisobiga 63,4 km. ichimlik suvi tarmogʻi, 22 ta suv qudugʻi hamda 17,2 km. oqova suv tarmogʻi qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, hozirgacha 124,6 mlrd. soʻmlik ishlar bajarilgan.

Yana bir jihat. Beshta muhim tashabbusni amaliyotga joriy etish doirasida viloyatda qator amaliy ishlar qilingan. Jumladan, tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturi doirasida jami 1,5 mingga yaqin tadbirlar oʻtkazilib, ularda 736 mingdan ortiq yoshlar qamrab olingan.

Mirzachoʻl tumanidagi “Oʻzbek-qozoq”, Gʻallaorol tumanidagi “Qoʻytosh”, Doʻstlik tumanidagi “Bunyodkor” madaniyat markazlarida taʼmirlash ishlari olib borilib, tantanali ravishda foydalanishga topshirilgan.

Jizzax shahrida bir vaqtning oʻzida 10 ming nafardan ortiq yoshlarni sigʻdira oladigan “Oʻrda” ekologik bogʻi qayta rekonstruksiya qilingan, eski Sangzor koʻli oʻrnida Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan “Velotrek” maydonini barpo etish va joriy yilning yakuniga qadar yoshlar uchun foydalanishga topshirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, yigʻilish davomida Oliy Majlis Senati, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Jizzax viloyati hokimligi tomonidan hududdagi xotin-qizlarning muammolarini hal etish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida har bir tuman va shahar boʻyicha qabul qilingan dasturlar (“Yoʻl xaritasi”) ijrosi boʻyicha ham axborot berildi.

Ushbu dasturlar doirasida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi mablagʻlari hisobidan 636 nafar xotin-qizlarga 1 mlrd. 169,9 mln. soʻm miqdorida moddiy yordam berilgan.

Baxmal, Gʻallaorol, Yangiobod, Arnasoy, Doʻstlik, Zafarobod, Zarbdor, Zomin, Forish tumanlari va Jizzax shahrida 198 nafar ayollarga uy-joylarini taʼmirlash uchun 1 mlrd. 160,3 mln. soʻmlik qurilish materiallar tarqatilgan.

Viloyatdagi xotin-qizlarning bandligini taʼminlash uchun 120 mln. soʻmlik maishiy texnikalar olib berilgan.

Hududda xotin-qizlarning oilaviy sharoiti, ijtimoiy ahvoli, imkoniyati, qiziqishlarini oʻrganish va “Ayollar daftari”ni shakllantirish ishlari boshlanib, unga bugungi kungacha 5 ming 696 nafar ayollar kiritilgan.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning 883 nafari ishga joylashtirilgan, 80 nafariga tijorat banklari tomonidan 1,8 mlrd. soʻmlik imtiyozli kreditlar berilgan, 741 nafari kasb-hunarga oʻqitilgan.

Bundan tashqari, majlisda viloyatni rivojlantirish borasida oʻz yechimini kutib turgan ayrim muammo va kamchiliklar borligi ham qayd etildi.

Jumladan, oqova tizim boʻyicha viloyatning Paxtakor, Doʻstlik, Mirzachoʻl va Zarbdor tumanlari markazlarida kanalizatsiya tizimlari 1970-1980-yillarda qurilgan boʻlib, mavjud inshootlar va tarmoqlar oʻz muddatini oʻtab boʻlgan va taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan.

Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani “Toshkent-6” gaz taqsimlash stansiyasi orqali tabiiy gaz bilan taʼminlanadi, mazkur hududlarda aholi soni yildan-yilga koʻpayayotganligi va ularning gazga boʻlgan ehtiyoj ortishi natijasida qish mavsumida tabiiy gaz taʼminotida muammolar kuzatilmoqda.

«Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida»gi qonuni loyihasini Jizzax shahrida aprobatsiya qilish jarayonida qator muammolar aniqlangan. Masalan, shahardagi mavjud 52 ta shirkatning 13 tasining moliyaviy holati qoniqarli boʻlsa, 21 tasi qoniqarsiz, 18 tasi moliyaviy nochor yoki oʻta boqimanda holatga tushib qolgan.

Hozirgi kunda Zomin milliy tabiat bogʻi, Zomin davlat qoʻriqxonasi, Zomin davlat oʻrmon xoʻjaligi hududlaridagi 3800-4300 gektar maydonga ega archazorlar tabiiy zararkunanda va kasalliklarga chalingan.

Yangiobod tuman madaniyat boʻlimi joylashgan bino tashlandiq ahvolda. 2019-yil Investitsiya dasturiga kiritilgan Baxmal tuman madaniyat markazi binosida qurilish ishlari yakuniga yetmasdan toʻxtab qolgan.

Majlisda viloyatni oʻrganish yakunlari xalq deputatlari viloyat Kengashining 2020-yil 10-sentyabrdagi sessiyasida tanqidiy muhokama etilganligi, unda viloyat darajasidagi muammolarni hal etish boʻyicha 75 banddan iborat “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanganligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha kechiktirib boʻlmas chora-tadbirlar koʻrish zarurligi taʼkidlandi. Bu borada mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari tinglandi va muhokama etildi.

Shuningdek, viloyatda oʻz yechimini kutib turgan respublika darajasidagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli qaror qabul qilindi va ularning ijrosi yuzasidan senatorlik nazoratini yoʻlga qoʻyish belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?