Jizzax “Tashabbus – 2019” gʻoliblari aniq boʻldi

12:44 17 Iyun 2019 Jamiyat
334 0

Jizzax shahridagi Olimpiya zaxiralari sport kollejida “Tashabbus – 2019” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.

Viloyatda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, uni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida kichik biznes tomonidan bugungi kunga kelib 1 trillion 184 milliard 900 million soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqishiga erishilgan.

Viloyatda tadbirkorlik sohasi kundan-kunga rivojlanib bormoqda joriy yilning oʻtgan davrida 1288 ta kichik biznes subyektlariga banklar tomonidan 497,6 milliard soʻmlik kreditlar ajratilgan. Shuningdek, “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi doirasida 17 747 oila 274 milliard soʻmdan ziyodroq imtiyozli kreditlar olib, oʻz tadbirkorligini boshlagan va shuncha yangi ish oʻrinlari yaratilgan.

“Tashabbus – 2019” koʻrik-tanlovining shahar va tumanlar bosqichida 820 nafar tadbirkor va ishbilarmonlar ishtirok etgan boʻlib, ularning 65 nafari 5 ta yoʻnalish boʻyicha viloyat bosqichida ishtirok etishdi.

Sanoat sohasida “Yilning eng yaxshi tadbirkori” yoʻnalishi boʻyicha Forish tumanidagi “Mega invest industrial” MCHJ jamoasi, “Xizmat koʻrsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori” yoʻnalishi boʻyicha Zomin tumanidagi “Sof marvarid ummoni” MCHJ jamoasi, “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” yoʻnalishi Doʻstlik tumanidagi “Nodira-Chevar” xususiy korxonasi rahbariga, “Yilning eng yaxshi fermeri” yoʻnalishi Paxtakor tumanidagi “Metin bardoshi” fermer xoʻjaligiga, “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yoʻnalishi Jizzax shahridagi yakka tartibdagi tadbirkor Malika Egamqulovalar birinchi oʻrinni egallashdi va tanlovning mamlakat bosqichida qatnashishi yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi.

-Tanlovda hakamlar hayʼati ishlab chiqargan mahsulotlarimiz sifati, raqobatbardoshliligi, eksportbopligiga ham alohida eʼtibor berishdi, - deydi tanlovda “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” yoʻnalishida gʻolib boʻlgan “Nodira-Chevar” xususiy korxonasi rahbari Nodira Meliboyeva. – Men tadbirda ishtirok etish bilan birga, yangi tanishgan tadbirkorlar bilan ishlab chiqarishimizni yanada kengaytirish, eksportga yoʻnaltirish boʻyicha ham kelishib oldim. Bundan juda ham xursandman.

Tadbir soʻngida gʻolib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilarining diplomlari, qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?