Jizzax shahrida samolyotlar uchun skanerlar ishlab chiqariladigan yuqori texnologiyali korxona barpo etiladi

18:03 08 Aprel 2019 Iqtisodiyot
176 0

Jizzax shahrida skanerlarni ishlab chiqarishga moʻljallangan yuqori texnologiyali korxona barpo etiladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qoshidagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yaqinda International Aerospace Committee (IAC) va “Raqamli ishonch” Jamgʻarmasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish va rivojlantirish hamda kelishilgan maqsadlar doirasida maʼlumotlar almashinuvini oʻrnatishga qaratilgan hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum imzolandi.

Tomonlar bir-biriga zarur boʻlgan maʼmuriy va yuridik yordam koʻrsatish, qoʻshma loyihani amalga oshirishda yuzaga kelayotgan savollar boʻyicha konsultatsiyalar berishga ham tayyorligini taʼkidlashdi.

Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasida aviatsiya, koinot, energetika va yer resurslari sohasida yuqori texnologiyali loyihalarga investitsiyalarni jalb etish boʻyicha birgalikda ishlarni olib borish toʻgʻrisida kelishib oldilar. Bundan tashqari, Memorandumdagi vazifalarni amalga oshirishda tajriba va maʼlumotlar bilan almashish, oʻzaro konsultatsiyalar oʻtkazish ham nazarda tutilgan.

Memorandum doirasidagi birinchi loyihalaridan biri – Shveysariyaning Tudor Tech texnologiyalarini transferi boʻlishi mumkin. Tudor Tech - samolyotlar va transportning boshqa turlarini rentgen bilan skaner qiluvchi uskunalarni ishlab chiqaruvchi jahonda birinchi va yagona kompaniyadir. Bu xavfsizlikni nazorat qilishning tezkor va ishonchli usuli hisoblanadi.

Texnologiya portlovchi moddalar, qurol-yarogʻ, giyohvand moddalar va naqd pullarni noqonuniy oʻtkazish hollarini aniqlash boʻyicha samarali vosita boʻlib, keltirib oʻtilgan tahdidlarni 100 foiz aniqlashning imkonini beradi.

Oʻtkazilgan uchrashuv doirasida Jizzax viloyatida skanerlarni ishlab chiqarishga moʻljallangan korxona barpo etish boʻyicha qoʻshma qaror qabul qilindi. Ishlab chiqariladigan skanerlar nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Osiyoda aeroportlarning xavfsizligini taʼminlaydi. Mazkur muhim loyihani amalga oshirishda International Aerospace Committee (IAC) kompaniyasi “Raqamli ishonch” Jamgʻarmasiga Shveysariyadan investitsiyalarni toʻliq miqdorda jalb etish boʻyicha yordam koʻrsatadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?