Jizzax: obodlik manzili

17:35 16 Aprel 2019 Jamiyat
535 0

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning yanvar oyida Jizzax viloyatiga tashrifi chogʻida viloyatdagi barcha tuman va shaharlar markazlarini Mirzachoʻl tumani markazi Gagarin shahri kabi obod va koʻrkam, aholi uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgan hududlarga aylantirish vazifasini qoʻygan edi. Xoʻsh, bugungi kunga kelib bu vazifalar qanday bajarilyapti?

Prezidentimizning mazkur tashabbuslari Paxtakor tumani aholisi hayotida ham mutlaqo yangi davrni boshlab berdi, desak hech ham mubolagʻa boʻlmaydi.

Jizzax viloyatining Paxtakor tumani 1967 yilda tashkil etilgan boʻlib, hozirgi kunda aholi soni 72 ming 800 nafarni tashkil etadi. Asosiy infratuzilma obyektlari barpo etilgan vaqt Jizzax choʻllarini oʻzlashtirish jarayoniga toʻgʻri keladi. Afsuski, oʻzining qadoq qoʻllari bilan rizq yaratgan, choʻllarni obod qilishda jonbozlik koʻrsatgan choʻlquvarlar faoliyati, ularning mehnatiyu, yutuqlari haqida maqtov gaplar koʻp gapirilsada, amalda ularning turmush ahvoli oʻz holiga tashlab qoʻyildi. Salkam yarim asr davomida tumanda sanoat, uy-joy, ijtimoiy obyektlarni bunyod etish bilan bogʻliq arzirli ishlar bajarilmadi. Natijada uy-joylarni saqlash, yoʻllar infratuzilmasi, kommunal, ijtimoiy sohalardagi oʻtkir muammolar yuzaga chiqib, aholining haqli eʼtirozlariga, davlat idoralariga boʻlgan murojaatlarining oshishiga olib keldi. Tumanda “Obod qishloq”,”Obod mahalla” dasturi hamda “Ilgʻor hudud” loyihasining izchil amalga oshirishga kirishilgani mohiyatan ana shunday muammolarni bartaraf etishga qaratilgan.

Xususan, bosh rejaga muvofiq, tuman markazidagi “Doʻstlik”, “Dilorom”, “Gʻalaba”, “Toshkent”, “Samarqand”, “Oltinkoʻl” va “Suvonobod” mahallalaridagi bir holatga kelib qolgan koʻpqavatli va yakka tartibdagi uy-joylar, bogʻcha, maktab, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, servis, xizmat koʻrsatish, savdo nuqtalari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash yuzasidan istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ishlarni oʻz muddatida yakunlash uchun zarur ishchi kuchi va texnikalar jalb qilingan.

Olib borilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari natijasida tuman markazidagi asosiy koʻcha – Sharof Rashidov nomidagi koʻchaning avvalgi xira manzarasi barham topib, qiyofasi kundan-kunga tanib boʻlmas darajada oʻzgarib bormoqda. Yoʻl chetidagi beton ariqlar yangilanib, piyodalar yoʻlakchalari qurilmoqda, oʻrtaga tungi yoritgichlar oʻrnatildi, yashil maysazorlar tashkil qilinib, daraxt koʻchatlari va gullar ekilmoqda. Shu koʻchada joylashgan uylar, ijtimoiy soha obyektlari, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalarining ichki va tashqi qismlari hamda atroflarida ham qurilish-taʼmirlash ishlari bajarilyapti.

Bosh reja asosida yangi qurilayotgan 23 ta, kapital rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari bajarilayotgan 49 ta, jami 72 ta obyektning salmoqli qismi ham ana shu koʻchada joylashgan. Misol uchun, tuman tibbiyot birlashmasi binosi ham dastur asosida zamonaviy holatga keltirildi. Ayni paytda qayta taʼmirlangan va zarur jihozlar bilan taʼminlangan maskanda aholi salomatligini muhofaza qilish uchun barcha sharoitlar bor.

Kelajak bogʻchadan – boshlanadi. Bu hayot haqiqati. Paxtakordagi oʻzgarishlar jarayonida alohida hisobga olingan boʻlib, shu kunlarda 2-sonli maktabgacha taʼlim muassasasida mukammal taʼmirlash ishlari qizgʻin pallaga kirgan. Bunyodkorlar tomonidan bogʻchaning tom va pol qismlarini yangilash, devorlarning ichki va tashqi qismlarini zamonaviy holatga keltirish bilan bogʻliq ishlar bajarilmoqda. 10-sonli bogʻcha har tomonlama zamonaviy va koʻrkam koʻrinishga ega boʻlmoqda. Yangi barpo etilayotgan 160 oʻrinli nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasida devor koʻtarib tom yopish, toʻsiqlarni oʻrnatish ishlari yakunlanib, bino fasadi va ichki qismlarida taʼmirlash ishlari davom etmoqda. Ana shunday ishlar 2-, 4-, 31-sonli maktablarda ham bajarilmoqda.

“Obod markaz” loyihasi asosida Paxtakorda oʻnlab yangi savdo, servis va maishiy xizmat koʻrsatish maskanlari, mehmonxona qad koʻtaradi, mavjudlari esa bugungi davr talablari boʻyicha taʼmirdan chiqarilyapti. Bu, oʻz-oʻzidan odamlarga yangi qulayliklar, yangi ish oʻrinlari yaratilishi, iqtisodiy salohiyatni mustahkamlashda yangi imkoniyatlar yuzaga chiqishini anglatadi.

Hududda uzoq yillardan beri ogʻriqli masala boʻlib kelayotgan kanalizatsiya, ichimlik suvi, elektr energiyasi, tabiiy gaz tarmoqlarini taʼmirlash hamda yangilarini barpo etish ishlari jadal olib borilyapti. Tabiiyki, bu jihat sohalardagi oʻtkir muammolarni yechishda kompleks yondashuvni talab etiladi. Nega deganda, Prezident Xalq qabulxonalariga tuman aholisidan kelib tushayotgan murojaatlarning kattagina qismi aynan mazkur sohalarga doir ariza va shikoyatlardan iborat. Ayni paytda murojaatlar tahlili uy-joy taʼminoti va uy-joy fondining holati ham fuqarolarimizni eng koʻp oʻylantirayotgan masalalar ekanini koʻrsatmoqda.

Birgina keyingi ikki yilda tuman markazida yangilangan namunaviy loyihalar asosida 480 xonadonga moʻljallangan 10 ta koʻpqavatli hamda 60 ta uch xonadan iborat ikki sotixli arzonlashtirilgan namunali uylar barpo etilgani odamlarning, ayniqsa, shu paytgacha uy-joyga ega boʻlolmagan kam taʼminlangan aholi qatlam vakillari, nogironligi boʻlgan yurtdoshlarimizning uy joyga boʻlgan talabini qondirishda muhim amaliy ahamiyatga ega boʻldi. Bu yoʻnalishdagi ishlar mazkur yilda ham davom ettirilib, joriy yilda Paxtakorda 2 ta 96 xonadonga moʻljallangan toʻrt qavatli turar-joy qurilmoqda.

Aslida aholining uy-joyga ehtiyoji, joylarda eskirib, shu paytgacha taʼmir koʻrmagan uylarning hamon eʼtiborsiz qoldirilayotgani ortidan aholining bu boradagi eʼtiroz va muammolari oshgani natijasida yuzga kelgani ham haqiqat. 2017-2018 yillarda tuman markazidagi abgor ahvolga kelib qolgan 185 ta koʻpqavatli uyning 14 tasida mukammal taʼmirlash ishlari bajarilgan boʻlsa, joriy yilning shu davriga qadar 12 ta koʻpqavatli uyning tom qismi, 5 tasining fasad qismi mukammal taʼmirlandi. Albatta, mazkur yoʻnalishdagi ishlar izchil davom ettirilib, bunday uylar va ularning atrofi zamonaviy qiyofaga kiradi.

Tuman markazidagi mahallalarda 1960-1966 yillar davomida qurilgan 88 ta barak tipidagi uylarda 900 dan ziyod oila, 3 ming 600 dan ortiq aholi oddiy maishiy sharoitlardan ham mosuvo holda kun kechirib kelayotgan edi. Nomiga boshpana vazifasini oʻtab turgan bunday uylar har qanday qoidaga solib koʻrilsa ham hayot xavfsizligi talablariga mutlaqo javob bermaydi.

Mana shunday oʻta ogʻir sharoitda yashovchi koʻp sonli fuqarolarning talab va istaklarini inobatga olgan holda bunday uylarda yashovchi oilalar uchun “Oltinkoʻl” mahalla fuqarolar yigʻini hududidan 19 gektar, “Olmazor” qishloq fuqarolar yigʻini hududidan 4,2 gektar yer maydonlari ajratib berishga qaror qilindi. Mazkur yangi massivlarda 610 ta uy barpo etilishi koʻzda tutilmoqda.

“Oltinkoʻl” mahalla fuqarolar yigʻinining yangi massiv paydo boʻladigan ulkan maydoniga qoziq qoqilib, katta hashar tashkil etildi. Poydevor oʻrni belgilanib, tuproq ishlariga kirishildi. Tadbir davomida fuqarolarga bu yerda barpo etiladigan uylar, ijtimoiy soha obyektlari, inson hayoti uchun zarur boʻlgan sharoitlarni yaratish boʻyicha qilinadigan ishlar haqida atroflicha maʼlumot berildi. Barak uylarda yashab kelayotgan fuqarolar uylar qurilishi jarayonida bevosita ishtirok etish, shu bois qurilish maydoniga yaqin joydan vaqtincha yashash uchun sharoit yaratib berish yuzasidan oʻz istak va takliflarini bildirishdi.

Xalqimizda qimirlagan qir oshar oshar, degan naql bor. Bugun haqiqatda mehnatning mashaqqatidan qochmay, maqsadni toʻgʻri qoʻyganlar katta natijalarni qoʻlga kiritmoqda. Aniq raqamlarga oʻtamiz: tumanda 2018–2019 yillar davomida sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohasida umumiy qiymati 260,5 mlrd. soʻm boʻlgan 66 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 1 133 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi belgilangan.

Masalan, Beruniy koʻchasida 5,95 gektar yer maydonda barpo qilingan “Paxtakor tekst” MCHJ ham ana shunday zamonaviy korxonalar jumlasidan. Ip-kalava mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona yiliga 
9 ming tonna toladan qiymati 11 mlrd. 250 mln. soʻmlik 8,1 ming tonna ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Umumiy qiymati 22 mln. 300 ming AQSH dollarini tashkil etadigan loyiha agar toʻla quvvat bilan ishlasa, 400 nafar yangi ish oʻrni barpo boʻladi, mahsulotning salmoqli qismi esa asosan Xitoy, soʻngra esa Rossiya, Turkiya va Belgiya davlatlariga eksportga yoʻnaltiriladi.

Odamlarni hayotdan rozi qilish kelajagimiz yanada goʻzal, salohiyatli boʻlishini taʼminlaydi. Qachonki, odamlar baxtli yashasa, ular dunyoni yangilashga, oʻzgartirishga qodir boʻladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?