Jinoyatchilikning ayrim turlari nega ko‘paymoqda?

10:14 16 May 2018 Jamiyat
402 1
Foto: darakchi.uz

Namanganda Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda komissiya mintaqaviy ishchi guruhi tomonidan viloyatda shu masala doirasida o‘tkazilgan o‘rganishlar yakuni atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ishchi guruhi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. Komilovning ta’kidlashicha, viloyatda jinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida huquq-tartibot, davlat va nodavlat idoralari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha xodimlarining mas’uliyat va malakasini oshirish, profilaktika hamda jinoyat qidiruv faoliyatiga ilg‘or tajriba va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga ahamiyat qaratilayotir.  Natijada shu yilning o‘tgan to‘rt oyi mobaynida asosiy jinoyat turlarining birmuncha kamayishiga erishildi. 

Xususan, ayollar, muqaddam sudlangan shaxslar hamda voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi sezilarli darajada kamaygani bunga yaqqol misoldir. Biroq o‘rganishlar chog‘ida tegishli idoralar faoliyatida qator kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar, ishga solinishi zarur bo‘lgan imkoniyatlar mavjudligi ayon bo‘ldi. Misol uchun, viloyatda og‘ir turdagi jinoyatlar soni oshgan. Jumladan, Kosonsoy, Namangan va Norin tumanlari hamda Namangan shahrida qotillik, qasddan tan jarohati yetkazish, bosqinchilik, firibgarlik ko‘rinishlarining oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlari samarasi ancha past. Jinoyat qidiruv sohasida esa 32 ta jinoyat ochilmay qolgani yanada tashvishlanarlidir.

Jinoyatchilikning oldini olish va huquq-tartibot idoralari faoliyati bilan bog‘liq murojaatlar bilan ishlash borasida ham nuqsonlar borligi tufayli yuqori tashkilotlarga yuborilayotgan ariza hamda shikoyatlar soni ortib bormoqda. Birgina ichki ishlar sohasida ayni masala bo‘yicha nazorat yetarli emasligi bois 6 ta holatda qayd etmaslik yo‘li bilan jinoyatlar hisobdan yashirilgan. Huquqbuzarliklarning noto‘g‘ri malakalanilishi oqibatida esa ma’muriy tartibda hal etilgan 35 ta qaror ma’muriy sudlar tomonidan jinoyat alomatlari bor, degan xulosa bilan prokuraturaga qaytarilgan.

— Hamon ko‘pchilikda jinoyatchilikning oldini olish va uni barvaqt aniqlash huquq-tartibot idoralari, xususan, ichki ishlar organlarining vazifasi, degan noto‘g‘ri qarash mavjud, — deydi xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Mahmudjon Parpiyev. — Eng achinarlisi, ko‘p holatlarda ertaga odamlar halovatini buzishi mumkin bo‘lgan vaziyat haqida bila turib profilaktika inspektoriga xabar qilishni o‘zimizga ep ko‘rmaymiz. Aslida ushbu masalada har bir fuqaro faol bo‘lmas ekan, mahallamizni jinoyatdan xoli hududga aylantirib bo‘lmaydi. Demak, jamoatchilik nazorati hamda fuqarolarning huquq-tartibot idoralari bilan hamkorligini izchil yo‘lga qo‘yish lozim. Biz, deputatlar bu borada targ‘ibot tadbirlarini olib borishimiz, o‘zimiz saylangan hududda ahvolni muntazam o‘rganib, zarur bo‘lsa, tegishli idora yoki mahalliy hokimiyatga takliflarimizni kiritishimiz ayni muddaodir.

Qo‘shma yig‘ilishda, shuningdek, Namangan viloyati hokimi X. Bozorov va tegishli idoralar rahbarlarining hisobotlari eshitildi.

Tadbirda muhokama etilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. Yo‘ldoshev ishtirok etdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?