Jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi xodimlar Mudofaa vazirligi maxsus kurslarida malaka oshiradi

15:25 14 Dekabr 2018 Siyosat
547 0

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Qoraqalpogʻiston Respublikasida tajriba tariqasida jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi xodimlarni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugiga qarashli harbiy qism bazasida ixtisoslashtirilgan oʻquv-amaliy kurslarida muntazam oʻqitish tizimini joriy etishga kirishildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, mazkur yangilik Oʻzbekiston Prezidentining “Qoraqalpogʻiston Respublikasida jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi ijrosi boʻyicha amalga oshirilmoqda

Farmoyish asosida ishlab chiqilgan yoʻl xaritasiga koʻra, Nukus shahri va tumanlarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda aholini maʼnaviy-maʼrifiy va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaning Mudofaa vazirligi bilan hamkorligi yoʻlga qoʻyildi.

Mazkur hujjat ijrosi yuzasidan Nukus shahri Yoshlar markazida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi hududiy boʻlinmalari hamkorligida “Jinoyatchilikning oldini olishning dolzarb masalalari: muammo va yechimlar” deb nomlangan anjuman oʻtkazildi.

Anjuman doirasida yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini va sportni ommalashtirish maqsadida tashkil etiladigan sport musobaqalari, ommaviy sport festivallari va spartakiadalar, suhbat-treninglarni oʻtkazishda “Fidokor yoshlar” jamoatchilik guruhlariga eng ilgʻor harbiy xizmatchilar, askarlar ham kiritilishi belgilab olindi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi tadbirlarini amalga oshirishda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi imkoniyatlari hamda ofitser va serjantlarning harbiy vatanparvarlikni tashkil etish yoʻnalishidagi ilgʻor tajribasidan unumli foydalanishga urgʻu berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?