Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

09:02 15 May 2018 Hujjatlar
708 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligining samarali tizimini yaratish davlatning qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash, inson huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlari, tinchlik va xavfsizlikni ishonchli himoya qilish bo‘yicha ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.

Shu bilan birga, sud-tergov amaliyoti tahlili, shuningdek, xalq bilan bevosita muloqot natijalari ushbu sohada bir qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi, xususan:

birinchidan, jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish, jinoyat ishlari bo‘yicha sudgacha va sud jarayonida qonuniylikni ta’minlashga to‘sqinlik qiluvchi huquqiy bo‘shliqlarning mavjudligi;

ikkinchidan, jinoyatlarni profilaktika qilish va oldini olish, shuningdek, fuqarolarga yuksak huquqiy madaniyat va qonunga hurmat hissini singdirish borasidagi huquqiy mexanizmlarning yetarli darajada samarador emasligi;

uchinchidan, alohida turdagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun sanksiyalar qilmishlarning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasiga nomuvofiqligi, jumladan, jazoning muqobil turlari, rag‘batlantiruvchi normalar va jamoat ta’sir choralari yetarli darajada qo‘llanilmasligi va samarasizligi;

to‘rtinchidan, tezkor-tergov tadbirlarini o‘tkazish sifatining qoniqarsizligi va protsessual qonunchilik talablarini buzgan holda olingan ma’lumotlardan dalil sifatida foydalanilishi;

beshinchidan, xalqaro amaliyotda e’tirof etilgan jinoyat-huquqiy institutlarning yetarli darajada implementatsiya qilinmaganligi, jumladan, yuridik shaxslar jinoiy javobgarligining mavjud emasligi;

oltinchidan, sud-tergov faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish juda past darajada ekanligi.

Zamonaviy xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, shuningdek, 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirishning mutlaqo yangi ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari va vazifalari etib belgilansin:

jinoyat qonunchiligi normalarini unifikatsiya qilish;

jinoiy javobgarlik va jazo tizimini takomillashtirish;

fuqarolar huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarining ta’sirchan va ishonchli muhofaza qilinishini ta’minlash;
jinoyat-protsessual qonunchiligi normalarini tizimlashtirish va uyg‘unlashtirish;

jinoyat protsessida shaxsning huquq va erkinliklari kafolatlarini ishonchli ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish;
jinoyat protsessining yangi shakl va tartib-taomillarini kiritish.

2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi va Ichki ishlar vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi “Elektron jinoyat ishi” dastlabki loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan jinoyat ishlarini yuritish tartibini bosqichma-bosqich raqamlashtirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin:

jinoyat ishlari bo‘yicha ish yurituvni elektron shaklda yuritish va protsessual harakatlarni amalga oshirish vaqtida surishtiruv organlarining prokuratura organlari, sudlar va jazoni ijro etish organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlar bilan ma’lumotlar almashinuvi imkoniyatini beruvchi himoyalangan tizimni, jumladan, axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilish, jinoyat ishlari bo‘yicha statistika yuritishni avtomatlashtirish orqali joriy qilish;

hujjatning yagona identifikatorini joriy etishni hisobga olgan holda, jismoniy va yuridik shaxslarning surishtiruv organlari, sudlar, prokuratura organlari bilan internet tarmog‘i orqali axborot almashinuvini ta’minlash;

jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv amaliyotida jinoyat-protsessual hujjatlarining yagona elektron shaklini ishlab chiqish;

jinoyat ishlarini yuritish jarayonlarini, shu jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha elektron ish yurituvda tartib-taomillarni qisqartirish va ortiqcha bosqichlarni chiqarib tashlash orqali optimallashtirish;

protsessual harakatlarni amalga oshirish tartiblarini, jumladan, elektron shaklda sanksiyalar olish, dalillarni to‘plash, ekspertizalar, sud muhokamasi o‘tkazish va sud qarorlarini ijro etish orqali soddalashtirish.

3. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha idoralararo komissiya (keyingi o‘rinlarda Idoralararo komissiya deb yuritiladi) tashkil etilsin va uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Idoralararo komissiya (O. B. Murodov):

ikki hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasining jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish, shuningdek, “Elektron jinoyat ishi” dastlabki loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etsin va ularning ish rejalarini tasdiqlasin;

2018 yil 1 dekabrga qadar Toshkent shahrining Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida “Elektron jinoyat ishi” dastlabki loyihasi (keyingi o‘rinlarda — dastlabki loyiha) amalga kiritilsin;

2019 yil 1 oktyabrga qadar dastlabki loyihaning sinovlari natijalaridan kelib chiqib, jinoyat ishlari bo‘yicha elektron ish yurituvi joriy qilinishi munosabati bilan jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritsin;

2019 yil 1 dekabrga qadar ushbu qaror bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi asosida Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksining yangi tahrirdagi loyihalarini kiritsin.
Ushbu bandda belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida:

jinoyat va jinoyat-protsessual huquqi sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribani, umume’tirof etilgan norma va standartlarni, jumladan, joylarga chiqqan holda o‘rganishni;

ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va matbuot anjumanlari tashkil etishni ta’minlasin.

5. Dastlabki loyiha ishtirokchilari ro‘yxati va uni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 3 va 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

6. Belgilab qo‘yilsinki, dastlabki loyihani amalga oshirish doirasida:

bir vaqtning o‘zida hujjatlarning qog‘oz va elektron shakllaridan foydalaniladi;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi “Elektron jinoyat ishi” loyihasining amalga oshirilishi va yuritilishiga mas’ul bo‘lgan vakolatli organ hisoblanadi;

ish o‘rinlarini jihozlash, ichki lokal-hisoblash tarmoqlarini tashkil etish tegishli vazirlik va idoralar — dastlabki loyiha ishtirokchilarining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

aloqa kanallari bilan ta’minlash “O‘zbektelekom” AK tomonidan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi;

“Elektron jinoyat ishi” tizimini yaratish va joriy etish, uni dastlabki loyiha ishtirokchilarining mavjud axborot tizimlari va resurslari bilan integratsiya qilish va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zaruriy choralarni ko‘rish, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish “UNICON.UZ” DUK tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish markazi bilan birgalikda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.

7. Idoralararo komissiya raisiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda vazirlik va idoralarning mutaxassislari, respublikaning ilmiy va ta’lim muassasalari vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar maslahatchilarini jalb qilish huquqi berilsin.

8. Vazirlik va idoralar rahbarlari ushbu qarorning o‘z vaqtida va samarali ijrosi uchun shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Idoralararo komissiyaga xorijiy mamlakatlarga safarlarni tashkil etish, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning davlat organlari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuv va muzokaralarni o‘tkazishda har tomonlama ko‘maklashsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mas’ul vazirlik va idoralar ushbu qaror bilan belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan tashkiliy va amaliy choralar ko‘rilishini ta’minlasin.

11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O. B. Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B. M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti             SH. Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2018 yil 14 may
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?