Jinlar bilan gaplashishning narxi 25 million soʻmmi?

16:29 15 Aprel 2019 Jamiyat
199 0

Illyustrativ foto

Fargʻonada boʻlgan bu firibgarlikni eshitib, hangu mang boʻlishingiz aniq. “Eskicha” oʻqib, duolar bilan davolovchi Uchkoʻprik tumanida istiqomat qiluvchi Murodjon Qambarov ustasi faranglardan ekan. U oldiga davo istab kelgan fuqaroni 25 million soʻmga chuv tushirdi, deb yozadi OʻzA.

Barchamiz uchun sevimli boʻlgan “Sariq devni minib” asarida Hoshimjonning soxta folbin xolani kirdikorlarini fosh etganini hammamiz yaxshi bilamiz. Afsuski, bugun hayotimizda ham ana shunday voqealar uchrab turibdi.

S.Yusupov holsizlanib, koʻp kasal boʻlavergani bois bir tanishidan Uchkoʻprik tumani Sariqoʻrgʻon qishlogʻida bemorlarni duolar bilan davolaydigan kishi borligini eshitib, uni huzuriga najot izlab boradi. “Davolash salohiyati”ga ega M. Qambarov esa bu vaziyatdan foydalanib qolish maqsadida uni aldash yoʻliga tushdi. Uning ishonchiga kirib, duo oʻqib davolashini, koʻziga chol va momolar, jinlar koʻrinishini, jinlar bilan gaplashtirishini aytib aldab, bu “ish” uchun 50 million soʻm soʻraydi. S.Yusupov buncha puli yoʻqligini aytgach, “pul topsangiz keyin keling” deya javob berib yuboradi. Kasallikdan tuzalish istagida boʻlgan S.Yusupov soxta tabibning kirdikorlariga uchdi, jinlar bilan gaplashish uchun 25 million soʻm pulni olib kelib, davolanishni boshlaydi. Mazkur pulni M.Qambarov shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. U bir kun muddatga jinlar bilan gaplashtirishni aytib, S.Yusupovni “chilla” davriga oʻtirgizadi. Uning koʻziga jinlar ham koʻrinmaydi. Ammo vaqt oʻtsa hamki, soxta tabibning duolari taʼsir qilmadi, kasallikdan tuzalmadi. Shundan soʻng, u ichki ishlar boʻlimiga murojaat qildi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Uchkoʻprik tuman sudining “Sariqoʻrgʻon” mahalla fuqarolar yigʻinidan boʻlib oʻtgan ochiq sayyor sud majlisida M.Qambarovning jinoyat ishi koʻrib chiqildi. Sudlanuvchiga jazo tayinlashda aybiga toʻliq iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, oilaviy sharoiti, 2-guruh nogironi ekani, muqaddam sudlanmagani, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlarni toʻliq qoplangani kabilar inobatga olindi. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan 57-modda qoʻllanib, eng kam oylik ish haqining 20 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Afsuski, bugun oramizda oʻzining soddaligi bilan firibgarlarning tuzogʻiga ilinayotganlar koʻp. Shuning uchun ham yanada ogoh boʻlib, oʻz huquqimizni aslo unutmaylik.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?