Jingʻilzorning ohi-nolasi

09:24 09 Fevral 2019 Jamiyat
436 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

“Xalq soʻzi ONLINE”. Tolibjon Ergashev/Jizzax. Xalq tilida “jingʻil”, kitoblarda “yulgʻun”, “tamariks” deb ataluvchi bu daraxt mamlakatimizda tabiiy holda oʻsadi va koʻpayadi. Butasimon mazkur koʻp yillik daraxt shoʻr yerlarda oʻsishga juda moslashgan boʻlib, u tuproqdagi ortiqcha sizot suvlarni kamaytirish xususiyatiga ega.

Jingʻil oʻsgan joylarda atrofdagi hududlarga qaraganda sizot suv bir necha oʻn santimetrga past boʻlishi olimlarimiz tomonidan isbotlangan. Shuningdek, u shoʻr tuproqning atrofga tarqalib ketishini oldini olsa, yoʻl yoqalarida mashinalardan chiqadigan zaharli gazlarni “yutib” kislorodga aylantiradi, daryo boʻylari hamda qirgʻoqlarni oʻpirilishdan muhofaza qilib, tuproqni mustahkamlash xususiyatiga ega. Bahor va kuzda qiygʻos gullagan jingʻillardan shifobaxsh asal olinadiki, u bir qancha kasalliklarga davodir.

Ana, shunday jingʻilzorlar Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani bilan Mirzachoʻl tumanini bogʻlab turuvchi asosiy yoʻlning 50 kilometrcha boʻlgan masofasida yoʻlning har ikki yoqasida tabiiy holda oʻsadi.

Hozir qishning ayni qirchillama vaqti. Bundan foydalangan ayrim “uddaburro”lar boʻsh vaqtni bekor oʻtkazmaslik maqsadida jingʻilzorlarga qiron keltirishni, shu orqali, oz boʻlsa-da, choʻntagini qappaytirib olishni niyat qilishgan.

Joriy yilning 6 fevral kuni ana shunday kimsalardan bir guruhi jingʻilzorlarni ayovsiz kesayotgani va uning katta-katta oʻtinlarini mashinaga ortib, qolgan shoxlaru daraxt kundasiga oʻt qoʻyib, yoqib yuborayotgani ustidan chiqdik.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

 

— Men Doʻstlik tumani, “Oq oltin” suv isteʼmolchilari uyushmasida yashayman. Hududimizdagi “Majid” fermer xoʻjaligi rahbari fermer xoʻjaligi joylashgan maydon toʻgʻrisidagi jingʻillarni kesib tashlashimizni va uni oʻtin qilish olib ketishimiz mumkinligini aytdi, — deydi kesilgan jingʻillarni mashinaga ortayotgan, oʻzini Akbar Jumayev deb tanishtirgan hamsuhbatimiz. — Shuning uchun ikki kundan buyon jingʻillarni kesib, tashish bilan shugʻullanyapmiz. Tuman rahbarlari fermerlarga yoʻl yoqasini tozalash uchun jingʻillarni kesishni buyuribdi. Boshqa narsadan xabarim yoʻq. Savolingiz boʻlsa, tuman rahbarlari va fermerlardan soʻrang.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida shu joyning oʻzida Doʻstlik tumani hokimligi qabulxonasiga qoʻngʻiroq qildik. Ular jingʻillarni kesish boʻyicha topshiriq berilmaganligi, topshiriq boʻlganda xabardor boʻlishlarini aytishdi. Masalani joyida hal etish uchun tuman ekologiya boʻlimiga murojaat qilishimizni soʻrashdi.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

 

— Bizga tuman hududidagi jingʻillarning kesilishi va yoqib yuborilishi boʻyicha bironta ham xabar kelib tushmadi, — deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Doʻstlik tumani boʻlimi rahbari Shavkat Otaqulov. — Ikki nafar xodimimiz bor, ular ham tuman boʻylab doimiy yurishadi. Bizda umuman daraxtlar kesilmagan. Jingʻillarni kimdir kesayotgani ustidan chiqsak, albatta, ularga chora koʻramiz.

 

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

Biz jingʻillar kesilayotgan joyda turganligimiz, ruxsatsiz daraxt kesayotganlarga chora koʻrish uchun aytilgan manzilga kelishni soʻradik. Ertasi kuni ekolog mutaxassisga yana telefon qildik va koʻrilgan choralar haqida surishtirdik, Afsuski aniq javob ololmadik. Mutaxassislar kelganda daraxt kesilgan hududda hech kim yoʻq ekan.

Shu oʻrinda bir haqli savol tugʻiladi. Bir kunda shu yoʻldan taxminan 500 — 600 ta mashina u yoqdan-bu yoqqa harakatlanadi, nahotki shulardan birortasi toʻxtab, daraxt kesuvchilarga tanbeh bermasa yoki ularni ogohlantirmasa?! Bu yoʻldan tuman yoki viloyat rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari yurmasa?! Loqaydlik ham evi bilan-da, axir...

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”.

 

Tahririyatdan: Biz Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Doʻstlik tumani boʻlimi rahbari Shavkat Otaqulovning soʻzlari chin ekaniga ishonamiz. Mana, fotomuxbirimiz olgan suratda avtomashinaning davlat raqami ham yaqqol koʻrinib turibdi. Mazkur fotofaktga asosan aybdorlarni izlab topish esa unchalik murakkab ish emas.

“Xalq soʻzi ONLINE” bu mavzuga yana qaytadi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?