Jerar Depardye ishtirokidagi «Mening oʻzbekcha orzuim» hujjatli filmining premyerasi boʻlib oʻtdi

09:47 09 Oktyabr 2020 Madaniyat
591 0

Fransiyaning millionlab tomoshabinlarga ega yetakchi telekanallaridan biri - “Paris Première”da Oʻzbekistonning Fransiyadagi turizm elchisi va taniqli aktyor Jerar Depardye ishtirokidagi «Mening oʻzbekcha orzuim» hujjatli filmining premyerasi namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Hujjatli film Fransiyaning “B-Tween” prodyuserlik kompaniyasi tomonidan Oʻzbekistonning Parijdagi elchixonasi, mamlakatimiz Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda hamda “Uzbekistan Airways” AJ va «Oʻzbekkino» agentligi koʻmagida suratga olingan.

Filmni tayyorlash jarayonida elchixona tomonidan Turizm davlat qoʻmitasi koʻmagida 2019-yil fransuz ijodiy guruhining Oʻzbekistonga ikki marotaba safari uyushtirildi. “B-Tween” kompaniyasi, “Paris Première” telekanali, shuningdek, oʻz oldiga “fransuz teletomoshabinlari uchun Oʻzbekistonning oʻrganilmagan yangi qirralarini ochib berish” vazifasini qoʻygan Jerar Depardye bilan qator uchrashuvlar va muzokaralar oʻtkazildi.

«Mening oʻzbekcha orzuim» Jerar Depardyening Samarqand, Buxoro, Xiva, Nukus, Moʻynoq va Toshkent shaharlarida yorqin iz qoldirgan tarixiy sivilizatsiyalar sari amalga oshirgan sayohatiga bagʻishlangan. Filmning bosh qahramoni oʻzining qiziqarli sayohati davomida Oʻzbekistonni “turli dinlarga eʼtiqod qiladigan xalqlar tinch-totuv yashab, bir-biriga hurmat bilan munosabatda boʻlayotgan, Vatan farovonligi yoʻlida yonma-yon mehnat qilayotgan bagʻrikeng mamlakat” sifatida kashf etgan.

Jerar Depardye film davomida mamlakatimizning turli mintaqalariga tashrif buyuradi, oʻzbek hunarmandlari mahsulotlari bilan tanishadi, mahalliy aholi bilan suhbatlashadi, milliy taomlardan tatib koʻradi.

Hujjatli film taniqli aktyorning qurib qolgan va yoʻqolgan dengiz tushiga kirgani haqidagi hikoyasi bilan boshlanadi. Bu Oʻzbekistondagi Orol dengizi - Markaziy Osiyoning yuragi edi. Film qahramoni bu sirli joyni oʻz koʻzlari bilan koʻrish ishtiyoqida yonar edi.

Fransuz aktyori Oʻzbekiston tarixi haqida hikoya qilar ekan, mazkur maskan asrlar davomida turli sivilizatsiyalar chorrahasi boʻlganini taʼkidlaydi. Zamonaviy Oʻzbekiston dunyoga ochilayotgani, bu yerda bir yuz oʻttizdan ortiq millat va qirq beshta konfessiya vakillari tinch-totuv yashayotgani qayd etiladi.

Registon maydoniga tashrif buyurar ekan, aktyor Sharqning eng buyuk va mashhur meʼmoriy ansambli hisoblanadigan bu tarixiy joyni yer yuzidagi yetti moʻjizadan biri, deb ataydi. “Karvonlar yoʻlidagi voha - Samarqand «Ming bir kecha” ertaklaridan olgan tasavvurlarimni xayolimda yana bir bor gavdalantirdi», — deydi J.Depardye. Filmda mashhur sarkarda va davlat arbobi Amir Temur shaxsining mamlakat tarixidagi ahamiyati va roliga alohida eʼtibor qaratilgan. “Oʻzbekistonda ajdodlarga alohida hurmat-eʼtibor qaratiladi. Bu yerda bobolar tajribasini oʻrganishni yaxshi koʻrishadi. Aynan shu jihat bilan mahalliy madaniyat Gʻarb madaniyatdan farq qiladi”, - deya film qahramoni ishonch hosil qiladi.

Oʻzbekistonda istiqomat qiladigan xalqlar haqida soʻz ketar ekan, bu yerda asrlar davomida koʻplab millat vakillari tinch-totuvlikda yashab kelayotgani taʼkidlangan. «Bugun ularning barchasi Oʻzbekiston fuqarolari, ularning har biri koʻplab oʻzbeklar singari toʻrtta tilda gaplasha oladi. Bu yerda koʻpchilik, jumladan, fransuzchada ham soʻzlashadi», — deb taʼkidlaydi u.

J.Depardye X asrdan buyon katta taʼsirga ega Buxoroni “Sharq sivilizatsiyasining maʼnaviy poytaxti va markazi”, deb ataydi. Filmda ushbu zaminda kelib chiqishi turkiy va forsiy boʻlgan koʻplab xalqlar, shuningdek, yahudiylar va arablar yashaganligi haqida hikoya qilinadi. “Shahar eng muhim savdo yoʻllari chorrahasida bunyod etilgan, bu yerda xalqlarning tinch-totuv hayot kechirishi farovonlikning asosiy sharti edi. Bunday sokin turmush kechirish bugungi kungacha saqlanib qolgan”.

Filmda Buxoroning tarixiy qismidagi mahobatli meʼmorchilik namunalari va uning tarixiy ahamiyati batafsil bayon etilgan. Alohida hikoya anʼanaviy toʻy marosimi va «Mavrigi» musiqiy merosiga bagʻishlangan.

J.Depardye Oʻzbekistonda tinchliksevar islom diniga eʼtiqod qilinishi haqida gapirar ekan, tasavvuf falsafasiga alohida toʻxtaladi. «Bu oqim universaldir, chunki u inson irqi, millati, tili va madaniyatidan tashqarida yashaydi. Bu - islom dinining tasavvufiy taʼlimotidir, ilohiylikka intilish jarayonida ichki mukammallashuv, oʻzlikni izlash yoʻllaridan biridir. Bu – donolik, chin insoniylik yoʻli va tajribadir. Bu imon yurakdan yurakka oʻtadi, bu ilohiy kuchga boʻlgan muhabbat yoʻli», — deb taʼkidlaydi film bosh qahramoni.

“Men Buxoro haqidagi bironta matnda etnik yoki diniy asosdagi ziddiyatlarga zarracha ishora ham topmaganman. Buxoro bugungi kunda yonma-yon yashashda muammolar qaynab yotgan joylar uchun katta oʻrnak boʻla oladi. Bu yerda musulmonlar, nasroniylar, yahudiylar, oʻzbeklar, tojiklar, ruslar yelkama yelka istiqomat qiladi va bir-biriga hurmat bilan munosabatda boʻladi. Ular qadim zamonlardan buyon tinch-totuv yashab kelmoqda”, - deb taʼkidlaydi J. Depardye.

Filmda devorlar bilan oʻralgan Xiva haqidagi lavhalarda “shahar Buyuk ipak yoʻli orqali Eronga ketayotgan karvonlar toʻxtab oʻtgan qadimiy vohaning bir qismi” boʻlgani aks ettirilgan. Bundan ikki ming yildan koʻproq vaqt oldin zardushtiylik davrida paydo boʻlgan Xiva qoʻgʻirchoq sanʼatiga alohida eʼtibor qaratilgan. Qoʻgʻirchoqlar tomoshasi bugun ham yashab, ushbu sanʼat turi muxlislarini xursand qilib kelmoqda.

Qoraqalpogʻiston choʻllariga ham ijodiy guruhning alohida hikoyasi bagʻishlangan. Fransuz aktyori taniqli yozuvchi Antuan Syent-Ekzyuperining choʻlni doimo xush koʻrgani haqidagi soʻzlarini eslaydi. Atoqli adibning choʻl sharoitini tasvirlab yozgan betakror satrlarini keltirar ekan, film qahramoni “choʻl sukunatini eshitmagan kishi haqiqiy sukunatni bilmaydi”, degan fikrlariga qoʻshiladi. Shuningdek, hujjatli kartinada xorijlik sayyohlar eʼtiborini doimo oʻziga tortadigan koʻchmanchilarning anʼanaviy uylari haqida katta qiziqish bilan hikoya qilinadi.

Kartinaning qiziqarli mavzularidan yana biri – bu «choʻldagi Luvr» deb nom olgan Igor Saviskiy nomidagi Nukus davlat sanʼat muzeyi bilan tanishuv sahnasidir. Bu yerda saqlanayotgan rus avangardi asarlari kolleksiyasi ahamiyati va hajmi boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi. “Men sayohatimning ushbu qismini intiqlik bilan kutdim”, — deya taʼkidlaydi J. Depardye.

Orol dengizi ekologik ofatiga bagʻishlangan sahifalarda bu fojea mintaqa farovonligiga tiklanmas zarar yetkazgani qayd etilgan. Orol dengizining yalangʻoch tubidan shamol olib kelayotgan tuz kasridan qadimgi vohalar, daryolar, koʻllar, botqoqliklar va oʻrmonlar oʻz husn-tarovati, hosildorligini yoʻqotgan.

“Men Oʻzbekiston yoʻllarida kezdim, uning bir yuz oʻttizdan ortiq millati hayotini kuzatdim, ularning bagʻrikengligi va donoligini his qildim, sanʼat durdonalari bir kishi xizmati bilan saqlab qolingan Nukusda boʻldim. Bu oʻlka Osiyoning bir burchagi emas, balki sivilizatsiyaning eng muhim chorrahalaridan biridir. Toshkent - zamonaviy poytaxt, Oʻzbekistonning eng yirik shahri. Oʻzbekiston aholisining uchdan bir qismi yigirma besh yoshga toʻlmagan yigit-qizlar hisoblanadi”, - deya xulosa qiladi J.Depardye.

Film ssenariy muallifi va rejissyori Arono Frillening soʻzlariga koʻra, ushbu hujjatli kartina Oʻzbekistonning yorqin ifodalaydigan vositaga aylanadi, u mamlakatni uzoq tarix va boy anʼanalarga ega maftunkor sayyohlik maskani sifatida namoyish etadi.

“B-Tween” kinokompaniyasi Parijda tashkil etilgan boʻlib, Fransiya va xorijiy mamlakatlarda kino va audiovizual mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Soʻnggi 10 yil ichida u madaniy televizion loyihalarni ham amalga oshirmoqda va fransuz audiovizual xoldingi tarkibiga kiradi. “France Télévisions”, “ARTE”, “EuropaCorp” va boshqa yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?